TOShKENT, 15 fev — Sputnik. «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi yuzaga kelgan noqulayliklar uchun shahar jamoat transporti foydalanuvchilaridan uzr so‘radi.
"Texnik ishlar o‘tkazilishi munosabati bilan 15-fevral kuni soat 5:00dan 9:20gacha TashBus ilovasi va bekatlardagi informatsion tablolar vaqtincha ishlamadi", — deyiladi kompaniya saytida.
Eslatib o‘tamiz, TashBus ilovasi o‘tgan yilning avgustida ishga tushirilgan. Mobil qurilmalar foydalanuvchilari TashBus ilovasi yordamida avtobuslarning bekatga kelish vaqtlarini bilishlari mumkin. Ilova shuningdek, Toshkent elektron xaritasida avtobuslar harakatini onlayn kuzatish imkonini beradi.
O‘tgan yilning dekabrida poytaxt bekatlarida avtobuslarning kelish vaqti, valyuta kursi hamda Toshkentdagi ob-havoni ko‘rsatuvchi informatsion tablolar paydo bo‘ldi.