TOShKENT, 17-may — Sputnik. Toshkent shahrida eng yirik bozorlardan biri bo‘lgan "Kadisheva" bozorida rekonstruksiya ishlari boshlandi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Hozirgi kunda bino tashqi fasad qismi bo‘laklarga ajratildi. Inshoot karkasida zamonaviy gipermarket qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
Bir oz avval tuman hokimiyati bozorni, ayniqsa dehqon bozorini butunlay qayta qurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma’lumot bergan edi. Bundan tashqari zamonaviy avtoturargoh joylari va bozor oldidan o‘tadigan yo‘llar kengaytirilishi qo‘shimcha qilingandi.
Bir necha yil avval ushbu bozorda ta’mirlash ishlari olib borilgan edi. Ammo amalga oshirilgan ishlar natijasida bozorda shart-sharoitlar yaxshilanmadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti tomonidan O‘zbekistonda giper va supermarketlarni qurilishi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan edi. Xususan, 2019-yil yakuniga qadar dehqon bozorlari hududida zamonaviy savdoning barcha talablariga javob beradigan 3 qavatli gipermarketlar (9), 2 qavatli supermarketlar (28), 1 qavatli supermarketlar (126) va minimarketlar (79), shuningdek, ularga tutash hududlarda avtomobillarga mo‘ljallangan avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Savdo majmualari avtomashinalar to‘xtash joylari bilan ta’minlanadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.