Samarqand viloyatida 15-16 yoshlilar o‘rtasida 8 ta tug‘ruq qayd etilgan - rasmiy axborot

© REUTERS / Athit Perawongmetha Yangi tug‘ilgan chaqaloq
Yangi tug‘ilgan chaqaloq - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Viloyat sog‘liqni saqlash tizimida qonunbuzarlik holatlariga to‘liq barham berilmayapti. Prokuratura organlari tomonidan keyingi 2,5 yilda 552 nafar tibbiyot xodimi intizomiy, 665 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan

TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Samarqand viloyatida joriy yilning 6 oyida 15-16 yoshdagilar o‘rtasida 8 ta tug‘ruq qayd etilgan. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A. Jo‘rayev viloyatdagi tibbiyot muassasalari, jumladan, tez tibbiy yordam xizmati faoliyatining samaradorligi yuzasidan bergan axborotida aytib o‘tgan.

Samarqand viloyati - Sputnik O‘zbekiston
Samarqand viloyatida jinoyatning og‘ir turlari keskin oshib ketdi
Voyaga yetmaganlar orasida bunday hol patronaj xizmatidan zarur darajada foydalanilmagani, tegishli nazorat va targ‘ibot ishlarining susaytirilgani oqibatida yuzaga kelgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Shuningdek, axborotga ko‘ra, viloyatda onalar va go‘daklar o‘limi 2017-yilning birinchi yarmida 2016-yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, 6 oyda 6 nafar ona va 283 nafar go‘dak o‘limi qayd etilgan.

Viloyatda tez tibbiy yordam sohasida mavjud kamchiliklar ham birma-bir sanab o‘tilgan.

Jumladan, Urgut, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida belgilangan oilaviy poliklinikalar, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Urgut tumanlarida belgilangan tez tibbiy yordam shoxobchalari o‘z vaqtida tashkil qilinmagan.

Tez tibbiy yordam xizmatlarini qo‘shimcha ravishda 111 ta avtomashina bilan ta’minlash ishlari oxiriga yetkazilmagan. Mavjudlari zamonaviy aloqa vositalari (ratsiya) bilan ta’minlanmagan.

Shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari Urgut, Payariq, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot tumanlarida vrachlar bilan to‘liq ta’minlanmagan, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Oqdaryo, Paxtachi, Toyloq tumanlarida esa tez tibbiy yordam brigadalarida vrachlar o‘rniga feldsherlar xizmat ko‘rsatmoqda.

Past Darg‘om, Toyloq, Payariq, Urgut, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida tez tibbiy yordam brigadalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanmagan, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Urgut tumanlarida tez tibbiy yordam bo‘lim va shoxobchalari joylashgan 119 ta binodan 64 tasi ta’mirtalab, 10 tasi yangi binoga muhtoj.

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i ishdan olindi
Yangi tashkil etiladigan va faoliyati kengaytiriladigan xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish uchun "Asakabank" tomonidan 1 million AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini ajratish muddatlari cho‘zib kelinmoqda.

Viloyatdagi sog‘liqni saqlash muassasalarida mutaxassislar yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar qator yillardan buyon o‘z yechimini topmayapti. Tibbiyot muassasalarida ftiziatr, psixiatr, onkolog, infeksionist, gematolog, rentgenolog va umumiy amaliyot shifokorlariga ehtiyoj katta. Mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha belgilangan rejalar ijrosi ta’minlanmayapti.

2017 yilning o‘tgan davri mobaynida malaka oshirishi lozim bo‘lgan jami vrachlarning 12,1 foizi, hamshiralarning esa 10,5 foizi malaka oshirgan, xolos.

Viloyat sog‘liqni saqlash tizimida qonunbuzarlik holatlariga to‘liq barham berilmayapti. Prokuratura organlari tomonidan keyingi 2,5 yilda 552 nafar tibbiyot xodimi intizomiy, 665 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda viloyatda 350 dan ortiq tibbiyot muassasasi 3 million 200 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash muassasalarida 45 ming nafarga yaqin, jumladan, 7672 nafar oliy ma’lumotli vrach, 28 ming nafarga yaqin o‘rta maxsus ma’lumotli hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yangiliklar lentasi
0