O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar barmoq izi ma’lumotlari asosida to‘lanishi kutilmoqda

© Depositphotos.com / Everythingposs Planshet
Planshet - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.08.2023
Obuna bo‘lish
“Xalq banki” maxsus planshetlar bilan ta’minlanadi.
TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Fuqarolarning barmoq izi ma’lumotlari asosida pensiya va nafaqa to‘lash tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tegishli qaror loyihasini ishlab chiqdi.
Mazkur qaror fuqarolarga pensiya to‘lashda ortiqcha burokratik to‘siqlarni bartaraf etish, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda mablag‘larni manzilli va maqsadli sarflanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Hujjat loyihasi qabul qilinsa, “Xalq banki” sayyor kassalari tomonidan maxsus planshetlarda fuqarolarning barmoq izi ma’lumotlarini Personallashtirish agentligiga elektron so‘rov yuborish orqali o‘zaro mos kelganligi tasdiqlanganidan so‘ng naqd pul shaklda pensiya va nafaqa to‘lash tizimi joriy etiladi.
Ma’lumotlar tasdiqlangandan so‘ng, pensiyani yetkazib berish yuklangan tashkilot tomonidan fuqaroga pensiya to‘lovi amalga oshiriladi.
Respublikaning tog‘li va olis hududlarida internet tezligi yoki boshqa muammolar sababli pensiya oluvchining barmoq izlarini elektron shaklda solishtirish imkoniyati bo‘lmaganda naqd pul shaklda pensiya va nafaqalar to‘lov qaydnomalarini imzolash orqali amalga oshiriladi.
Pensiya oluvchi tomonidan planshetga qo‘yilgan barmoq izi to‘lovni amalga oshirish uchun asos hisoblanadi.
Qaror qabul qilinishi “Xalq banki” va Pensiya jamg‘armasining budjetdan tashqari mablag‘laridan 9 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ talab etiladi.
Qaror loyihasi muhokamasi 22-avgustga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda birinchi apreldan oylik, pensiya va nafaqalar miqdori oshirildi. Shuningdek, avgust oyidan ish stajiga ega bo‘lmaganlarga beriladigan nafaqa miqdori ham oshiriladi.
Yangiliklar lentasi
0