Eksportorlarga yengillik yaratilmoqda: senatorlar qonunni ma’qulladi

© unsplash/Paul TeysenKonteynerlar
Konteynerlar - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.08.2023
Obuna bo‘lish
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi bevosita tadbirkorlarning eksport salohiyatini va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Muhokama qilingan qonun tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirishga, ijara va lizing sohasida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni samarali tartibga solishga qaratilgan. Unda “Ijara to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi hamda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
“Ijara to‘g‘risida”gi qonunga keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi kiritilib, shartnoma obyektini tasarruf etish va garovga qo‘yish, shuningdek, undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilmoqda.
Qonun bilan ijaraga beruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi asosida ijaraga berganda ijaraga oluvchi tomonidan shartnoma shartlari bajarilganidan so‘ng tegishli mulkni ijaraga oluvchiga mulk qilib topshirish majburiyatini olishi, ijaraga oluvchi esa ijara to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lash majburiyatini olishi belgilanmoqda.
Shuningdek, “Lizing to‘g‘risida”gi qonunga lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan vaqtdan e’tiboran shartnoma obyekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.
Lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing obyektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi belgilanmoqda.
“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga yangi norma kiritilib, unga ko‘ra, bir eksport shartnomasi doirasida jami yetkazib berilgan mahsulot qiymatining 5 foizidan oshmagan qismi bo‘yicha xorijiy valyuta tushumi ta’minlanmaganligi oqibatida vujudga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik subyektlariga nisbatan jarima qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi bevosita tadbirkorlarning eksport salohiyatini va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng senatorlar ushbu qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.
Yangiliklar lentasi
0