Kir, o‘r, dori: tarixi qiziq bo‘lgan so‘zlarni bilasizmi?

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Mediabankka o‘tishKniga
Kniga - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2023
Obuna bo‘lish
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimizning navbatdagi soni ayrim qiziq tarixli so‘zlarga bag‘ishlangan.
Milliy tarix, milliy madaniyat, milliy til bilan faxrlanish — har bir xalqqa xos xislat, chunki ajdodlar merosini ulug‘lash orqali millatlar o‘zlarini buyuklarning vorisi sifatida taqdim qiladilar. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Ammo o‘tmish bilan faxrlanish zinhor quruq maqtov, manmanlikka aylanib ketmasligi lozimki, ortiqcha ulug‘lashdan tug‘iladigan manmanlik kamida boshqa xalqlarni kamsitishga sabab bo‘ladi, ko‘pi bilan esa o‘sha xalqlarning haqiqatni ko‘rar ko‘zini xira torttiradi. Bunday tutum hatto ilm-fan taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan allomai zamonlarni ham adashtirganligi tarixdan ma’lum. Masalan, tilshunoslikda tillarni tipologik tasniflash amaliyoti bor. Bunda muayan tillar rivojlangan, muayan tillar esa qoloq, shakllanmagan tillarga ajratiladi. Nazariy tilshunoslikning asoschilari hisoblanadigan bir qator nemis tilshunoslarida tillarga mensimay qarash, o‘z tilini boshqa tillardan yuqori qo‘yishdek tutum kuzatiladi. Masalan, xitoy, birma tillarini amorf, ya’ni shaklsiz, shakllanmagan til deb baholashda shunday munosabat aniq seziladi.
Biz bejiz gapni fan tarixidan boshlamadik. Negaki nemis faylasufi Gegel o‘z asarlaridan birida “ikki qarama-qarshi ma’noni ikki so‘z bilan emas, balki bitta so‘z bilan ifodalash jihatidan nemis tili boshqa tillardan ustundir”, degan da’vo bilan chiqqan edi. Boshqa tillarni yaxshi bilmay turib bunday deyish, albattaki, nodurust tutum, g‘alat ta’birdir. Zero, dunyodagi aksariyat tillarda ikki zid ma’noni bir so‘z bilan ifodalash imkoni mavjud. Sitseronning Rim imperatori Oktavian to‘g‘risida lotin tilida jaranglagan quyidagi qaydi Gegelning yuqoridagi iddaosini inkor eta oladi: “tollendum esse Octavium”: jumladagi tollendum so‘zidagi qarama-qarshi ma’nolar hisobiga ham “Oktavianni yanada (martabaga) ko‘tarish kerak”, ham “Oktavianni martabasidan tushirish kerak” mazmuni anglashiladi.
Bitta so‘zning ikki zid ma’noga ega bo‘lishi tilshunoslik fanida enantiosemiya, shunday ma’noli so‘zlar enantiosemik so‘zlar deb yuritiladi. Enantiosemik so‘zlar xalq hayotida yuz bergan o‘zgarishlarni tarix kitoblaridan-da aniqroq aks ettiradi. Bu galgi maqolamizda ana shunday qiziq tarixli so‘zlar haqida fikrlashamiz.

Kir

Bu so‘zning bizni qiziqtirgan dastlabki ma’nosi “yuviladigan, iflos bo‘lgan kiyim-kechak va boshqa buyumlar”dir. Masalan: Orifjon paypoqni o‘zi yuvadi, boshqa kirlar xotinining bo‘ynida (Said Ahmad, Paypoq) Kir so‘zi bu ma’noda ma’lum muddat qo‘llangan va ma’no taraqqiyotiga uchragan, ya’ni yana bir ma’noga ega bo‘lgan va “yuvilgan, toza kiyim-kechak va boshqa buyumlar”ni ham ifodalay boshlagan. Masalan: Birin-ketin kelinlar chiqib hovlini yig‘ishtira boshlaydilar. Biri dordan kirlarni oladi, biri chorpoyaga joy qiladi (Said Ahmad, Kelinlar qo‘zg‘oloni),
Diqqat qilinsa, kir so‘zida o‘zaro qarama-qarshi “yuviladigan, iflos bo‘lgan kiyim-kechak va boshqa buyumlar” hamda “yuvilgan, toza kiyim-kechak va boshqa buyumlar” ma’nolari yuzaga kelgan. Demak, Gegel nemis tilidagina mavjud degan enantiosemiklik o‘zbek tilida ham bor ekan.
Bitta so‘zning ikki zid ma’nolarga egaligi o‘zbek tilida qadimdan bo‘lgan. O‘zbek tili egalari bir so‘z bilan ikki qarama-qarshi ma’noni ifodalashning epini topa olgan, bir so‘zga ikki zid ma’noni joylashni qadimdayoq o‘rganib olganlar. Mahmud Koshg‘ariy bobomiz o‘zining “Devonu lug‘otit turk”ida o‘t so‘zining ham “zahar”, ham “dori-darmon” ma’nolarini bildirishini qayd qilib o‘tgan. Yana shunday so‘zlardan bir nechasini tahlilga tortamiz.

O‘r

Ushbu so‘z o‘zbek tilining qadim davrlarida “balandlamoq, ko‘tarilmoq” ma’nosini bildiradigan fe’l so‘z bo‘lgan. Masalan: bulit örüp kök örtüldi – bulut ko‘tarilib, osmonni qopladi (Qadimgi turkiy lug‘at, 388-bet). Keyinroq ot turkumiga oid so‘z sifatida “balandlik, tepalik” ma’nosida qo‘llanishga o‘tgan: Qamug‘ erdami bo‘lsa yerda o‘ru, Budunqa berur bo‘lsa edgu to‘ru (Yusuf Xos Hojib, Qutadg‘u bilig) Alisher Navoiy ham o‘r so‘zini “balandlik, tepalik” ma’nosida qo‘llagan: Yo‘li o‘r, yuqoridur toshi malso, Quyiroqdur kishi bir gomin olso (“Farhod va Shirin”dan).
Vaqt o‘tishi bilan o‘r so‘zi ma’no taraqqiyotiga uchragan va unda “chuqurlik, o‘ra” ma’nosi yuzaga kelgan. Dono xalqimiz shu ma’noni faollashtirib, “O‘zim degan o‘rdan chiqmas” maqolini ham ijod qilgan. Mazkur ma’no XX asr o‘zbek tiliga ham yetib kelgan: Front orqasida o‘r qazib turganda, Mulla Obiddan o‘ttiz metrcha nariga bir katta to‘p o‘qi tushib, qattiq tovush chiqarib yoriladi (Abdulla Qodiriy, Obid ketmon).
Demak, hozirgi o‘zbek tilida o‘r so‘zi “balandlik, tepalik” va “pastlik, chuqurlik” ma’nolariga ega ekan. Mazkur so‘zning qarama-qarshi ma’nolarini yanada aniqroq tasavvur qilish uchun tag‘in ikki misolni keltiramiz. Qiyoslang: Bordiyu arqon soldi, U zimziyo chuqurdan, Qabrday qo‘rqinch o‘rdan Oygulni tortib oldi. (Hamid Olimjon, Oygul bilan Baxtiyor) O‘ziga qolsa, shahar deb, qir oshib, o‘r oshib o‘tirmasdi-yu...(N.Norqobilov, Bekatdagi oq uycha).

Og‘moq

Hozirgi o‘zbek tilida bu so‘zning 10 ta ma’nosi bor. Bizni bu ma’nolarning ikkinchisi – “pastga sirg‘alib, osilib tushmoq” qiziqtiradi. Bu ma’no ifodasi uchun quyidagi misolni keltiramiz: Xurramshoh ingrab, kamonini qo‘lidan tushirib yubordi va egardan og‘ib tusha boshladi. (Pirimqul Qodirov, Yulduzli tunlar) Xalq tilida yuradigan “kun og‘di”, “quyosh og‘di” kabi iboralar orqali ham “quyoshning tik holatdan pastlashi” nazarda tutiladi: Chinorli qoyaga yetib kelganimizda kun ancha og‘ib qolgan edi. (O‘lmas Umarbekov, Sevgim-sevgilim…) Qara, quyosh ufqqa og‘ib bormoqda, soyalar uzayib, bulutlarning osti qizarib, asr vaqti kirib kelmoqda (Isajon Sulton, Ozod).
Qizig‘i shundaki, og‘moq so‘zining eng birinchi ma’nosi bugungi kungacha yetib kelmagan, shuning uchun zamonaviy izohli lug‘atlarda qayd etilmagan. Tilimizning qadimgi davrlarida og‘moq so‘zi ag‘moq shaklida bo‘lgan va yuqoridagi ma’nosiga zid o‘laroq, “yuqorilamoq, ko‘tarilmoq”ni bildirgan. Masalan: Burun ag‘di – Burun (yuqori) ko‘tarildi. (Mahmud Koshg‘ariy, Devonu lug‘otit turk). Inigli ag‘ar ul, ag‘ig‘li inar, Yarug‘li tunar ul, yurig‘li tinar – Tuban yuksalar, yuksak esa tushar, Yorug‘ kun tunar ham yuruvchi tinar. (Yusuf Xos Hojib, Qutadg‘u bilig). Kunlardan bir kun Rasul alayhissalom tong namozini o‘tab, minbarg‘a og‘ib, sahobalarg‘a va’z va nasihat qildi – Kunlardan bir kun Rasul alayhissalom bomdod namozini o‘qib, minbarga ko‘tarildi va sahobalarg‘a va’z va nasihat qildi (Rabg‘uziy, Qisasi Rabg‘uziy).
Demak, ag‘moq/og‘moq so‘zi qadim tarixda “ko‘tarilmoq, yuksalmoq” ma’nosini bildirgan. Hozirgi o‘zbek tiliga esa unga zid “pastlamoq, past tomonga sirg‘almoq” ma’nosida yetib kelgan.

Dori

“Davolash vositasi, dori-darmon” ma’nosini bildiradi. Masalan: Do‘xtir dori bergan. Xudo xohlasa, yaxshi bo‘lib ketadilar. (Tohir Malik, Shaytanat) Dori so‘zi o‘zbek tilida dastlab faqat shu ma’noni ifodalagan. Keyinchalik unda ma’no taraqqiyoti yuz bergan va “zahar”, “narkotik modda” ma’nolariga ega bo‘lgan. Masalan, “Boy atayin dori berib qo‘ygan emish deb eshitdik (S.Zunnunova. Olov)” jumlasida “zahar” ma’nosida qo‘llangan. Dori o‘zagiga -la yasovchisini qo‘shib, dorila so‘zi yasalgan va bu yasalishda dori so‘zi “zahar” ma’nosida qatnashgan. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida dorilamoq so‘zi “ekinlarga zaharli dorilar bilan ishlov bermoq” ma’nosini bildiradi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1-jild, 2020, 647-bet).
“Hoji bobo har kishining o‘z moyasiga yarasha qog‘ozga o‘ralgan “dori”sini qo‘llariga berib chiqdi (G‘afur G‘ulom, Shum bola)” jumlasida “narkotik modda” ma’nosida kelgan.
“Iflos! Ichdingmi? Yo yana dori yedingmi? Qani, menga qara! (O‘lmas Umarbekov, Fotima va Zuhra)” jumlasida ham “qoradori” ma’nosini bildirish uchun ishlatilgan.
Dori so‘zining “narkotik modda”, “qoradori” ma’nosi argotik xarakterda bo‘lib, ko‘pincha nashavandlar, o‘g‘ri va mahbuslar nutqida qo‘llanadi.

Bahosiz

Bu so‘z baho so‘ziga -siz qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan sifat so‘zdir. Bahosiz kalomi dastlab “qadr-qimmati yo‘q, hech narsaga arzimaydigan” ma’nosini ifodalagan. Masalan: Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo do‘stlar, Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku (Cho‘lpon, Qalandar ishqi) Mazkur baytda shoir “bu o‘tkinchi dunyoni deb haqiqiy, boqiy dunyoni “arzimagan, qiymatsiz” pulga sotdim”, demoqda.
Keyinchalik bahosiz so‘zida ma’no taraqqiyoti yuz bergan va “bahosi, qadr-qimmati baland, bahosini hech bir narsa belgilab bo‘lmaydigan” ma’nosiga ega bo‘lgan. Masalan: Og‘zaki xalq ijodiyotining yozma adabiyotga ta’siri, ayniqsa, katta va bahosizdir (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1-jild, 2020, 196-bet)
Ko‘rinib turibdiki, bahosiz so‘zida ikki qarama-qarshi ma’no bor: bahosi, qadr-qimmati yo‘q, hech narsaga arzimaydigan – bahosi, qadr-qimmati baland, bahosini hech bir narsa belgilab bo‘lmaydigan. Bebaho so‘zida ham xuddi shunday qarama-qarshi ma’nolar bor.
Qizig‘i shundaki, bu kabi zid ma’nolar rus tilida “bessenniyso‘zi bilan ifodalanadi. Bessenniy: "ne imeyushiy nikakoy seni" i "imeyushiy ochen visokuyu senu" (Krisin L.P. Enantiosemiya // Tolkoviy slovar inostrannix slov. – M.: Russkiy yazik, 1998).
Avvalgi materiallar:
Asl va asil, xurma va xurmo: o‘xshash so‘zlar ma’nosini farqlay olasizmi?
Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Qo‘l uchida, bir pul: o‘zbekcha iboralarga oid qiziqarli test, Bilimingizni sinab ko‘ring
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.
Yangiliklar lentasi
0