03:32 15 Dekabr 2017
Efir
Oʻzbekcha-ruscha soʻzlashgich, arxiv surat

Oʻzbek tilining tarixi yoxud Xodja, Dosmat, Maxamatlar qanday paydo boʻlgani haqida

© Sputnik/ Stringer
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
72462812

Oʻzga tillarni hurmat qilgan holda, ona tilini ulugʻlash, undan faxrlanish millatning kelajagini belgilaydi. Bugun koʻcha-koʻyda odamlar oʻz tilidan uyalmay, hazar qilmay, bemalol gapirayotgan boʻlsa, bilingki, bu millatning kelajagi bor

TOSHKENT, 21 okt — Sputnik. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga rosa 27 yil boʻlmoqda. Mustaqillikdan oldin, hatto, Mustaqillik haqidagi deklaratsiyadan ham oldin oʻzbek tiliga davlat tili berilishida ramziylik borga oʻxshaydi. Chunki millat ozod boʻlishi uchun avvalo oʻz orini, shaʼnini anglab yetishi kerak. Til esa millat uchun or-nomusning asosiy ustuni.

Albatta, oʻtgan yillarda "Davlat tili toʻgʻrisida"gi qonun Oʻzbekistoning hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi. Eng asosiysi, millat oʻz tilidan uyalmaydigan boʻldi. Biroq, haligacha til va uni ishlatishda qator muammolarimiz bor.

Masalan, adabiy tilimizning taʼsirchanligi talab darajasida emas. U yozma shaklga ega boʻlib qolgan. Ovoz chiqarib oʻqilganda oʻta rasmiy va hissiz tuyuladi.

Oʻzbek tilida ishlanayotgan aksariyat seriallar, kinolarning juda ommalashmayotganining bir jihati ham shundan – ular adabiy tilda yaratiladi. Adabiy til, aytildi, oʻz ohangini yoʻqotgan, jaranglamaydi, his-hayajonni toʻliq berolmaydi. Rasmiylikka, kitobiylikka aylangan. Faqat tarjima kinolarda, seriallarda badiiy tilni yaxshi qabul qilamiz. Nazarimizda buni oʻsha – chet elliklar gapirayotganday tuyuladi-da.

Albatta, keyingi paytlarda bu borada ham sezilarli oʻzgarishlar boʻlmoqda. Sekin-astalik bilan adabiy tilda ham hissiyot, tuygʻuni ifodalashni oʻrganyapmiz. Bundan toʻrt-besh yil burun ham xususiy kinolarda lahjalar, boshqa tillardan olingan soʻzlar orqali tuygʻuni ifodalashga harakat qilinar edi.

Ayb adabiy tilda emas, gap uning tovarga aylanib qolganida. Hozirda son-sanoqsiz kishilar gap-soʻzni sotib kun koʻradi. Ularning barchasi ham oʻzlari qurol qilib olgan bu unsurni toʻliq biladi, deb boʻlmaydi.

Adabiy til ishlatilganda nutqning ravonligi, silliqligiga eʼtibor berilib, undagi hayajonga, samimiylikka ahamiyat berilmaydi. Chunki silliq gapirish, ravon oʻqishning meʼyorlari koʻp. Ularga toʻliq rioya qilish esa uni rasmiy va hissiz tilga aylantirib qoʻyadi. Aslida koʻplab meʼyorlar insoniyat tomonidan buzish, aylanib oʻtish yoki iqtidorsiz kishilarni amallab bir qolipga solish uchun oʻylab topilgan.

Shunday meʼyorlar Nikulinning kinoga tushishini rad etadi, Visotskiyning kuylashini inkor qiladi. Ular meʼyorlar qolipiga sigʻmagan, shuning uchun ham his-tuygʻuni aniqroq, toʻliqroq ifoda qilishgan.

Adabiy tilning siyqalashishi, unda samimiylikning yoʻqolishini aniq koʻrsatuvchi bir soha bor – qiziqchilik.

Aksariyat qiziqchilar sheva va koʻcha tili unsurlari orqali kulgi yaratadi. Sof adabiy tilda kuldirisholmaydi. Chunki, hajvda soxtalik boʻlishi mumkin emas. Tabassum samimiylik orqaligina yuzaga keladi. Shu sababli, aksariyat qiziqchilar adabiy tilda soʻzlamaydi. Buning yana boshqa sababi bor. Bizda kulgi koʻproq soʻzga, soʻz oʻyiniga asoslangan. Mantiq va maʼniga tayanganda, balki rasmiy tilda ham kulgi yaratsa boʻlardi.

Hozirda oʻzini hurmat qilgan yozuvchilar asarlarida sheva unsurlaridan koʻproq foydalanish payida. Tanqidchilar ham badiiy asarda, hech boʻlmasa, qahramonlar tilida sheva boʻlishini talab qiladi. Shu orqali tilda yuzaga kelgan siyqalikka barham berishmoqchi.

Tilning siyqalashishi, unda his-hayajonni, tuygʻuni toʻliq ifodalab boʻlmasligi bora-bora tilimizni keyingi avlodlar lugʻat bilan oʻqiydigan darajada oʻzgartirib yuboradi. Chunki odamlar oʻz his-tuygʻularini toʻliqroq, aniqroq bayon etishni istaydi, izlanishda boʻladi. Tuygʻuni ifodalash vazifasini oʻz zimmasiga olgan til buning uddasidan chiqolmasa, uni oʻzgartirishga majbur boʻlishadi.

Shunday boʻlmaslik uchun esa avvalambor tilga ohangni, samimiylikni qaytarish lozim.

Soʻzamol xalq emasmiz. Amallab uch-toʻrt soʻzni toʻqishtirib, bir nima degan ham xoʻp odam biz uchun. Lekin baribir, kinochilarimiz, radio, televideniyadagilar silliq gapirishni emas, samimiy soʻzlash, his-hayajonni ifodalashni bosh mezon qilib olishsa yaxshi boʻlardi.

Ancha vaqt ongimizga turk tili, xususan, oʻzbek tili harbiy til sifatda hech nimaga arzimaydi, degan aqidani singdirib keldilar. Biroq bu tildan olingan koʻplab soʻzlar rus harbiy atamalarida ishlatilishini tan olishmadi. Bundan tashqari, rus tarixchisi, turkiylar tarixini chuqur oʻrgangan olim L.Gumelyov, aynan turk tili harbiy til boʻlganligi Turkiya davlati tashkil topishi, shakllanishi va rivojlanishiga asosiy taʼsir koʻrsatganini taʼkidlaydi.

Albatta, bu tilga ayricha qarashlar kecha yoki oʻtgan kuni paydo boʻlgan emas. Bir paytlar uni faqat harbiy til sifatida qabul qilishgan va unda goʻzal, nafis misralar yaratish mumkin emas, degan qarashlar boʻlgan. Biroq Navoiyning ijodi bu qarashlarni yerparchin qildi.

Bugun tildagi eng katta muammo – soʻzlashuv tilining gʻariblashuvi, unda oʻzga tillar qorishiqlarining koʻplab ishlatilishidir.

Deylik, "Milliy" telekanalda Rayhon Gʻaniyeva bir koʻrsatuvga boshlovchilik qiladi, til esa haminqadar. Ohang oʻzimiziki emas-da.

"Er bermoq – jon bermoq" filmida Dilnoza Kubayevaning qahramoni "pyorыshka" degan soʻzni koʻp ishlatadi. Shu soʻz xalq orasida ommaviy ravishda ishlatilgandayam mayli edi. Uni toʻrt-besh tantiq qizdan boshqa hech kim bilmaydi-ku, kinoda nega ishlatishadi? Bu oʻrinda ushbu soʻz faqat oliftagarchilik uchun ishlatilgan, xolos.

…Bir holatni iftixor bilan taʼkidlash lozim, shu muborak zaminimizdan oʻtgan koʻplab xonlar, sarkardalar, ilm ahli til sofligi, turk tilining obroʻsi uchun kurashib keldilar.

Navoiy bu tilning jozibasi va qudratini koʻrsatish uchun "Xamsa"ni yaratdi, Amir Temur tilning harbiyda ishlatish ahamiyatini oshirdi.

Qoʻqon xonligining soʻngi xoni Xudoyorxon turkiy tilni ulugʻlashga harakat qildi. Devonda turk tilida yozishmalar olib borilishiga erishdi. Abdulla Qodiriyning "Mehrobdan chayon" asari qahramoni — yosh va iqtidorli Anvarni mirzaboshi qilib tayinlashiga ham shu  asosiy sabab boʻlgan.

Biroq ushbu holatlar oʻz-oʻzidan boshqa haqiqatni koʻrsatadi: agar tilni mustahkamlash uchun muntazam kurash olib borilgan ekan, demak xalqda oʻzga tillarga moyillik, ularga ogʻib ketish kayfiyati mavjud ekan-da?!

"Kul Tigin" bitigidagi alamli hayqiriqni eslang: "Turk beklari turkcha otini tashladi, tabgʻach beklarining tabgʻachcha otini qabul qilib, Tabgʻach xoqoniga qaram boʻldi".

Birgina shu gapning zamirida qancha maʼno va armon yotganini anglash mumkin. Bunday hayqiriqlar har kimni hushyorlikka chorlashi, koʻzini ochishi va til masalasi hech kimning shaxsiy ishi emasligini tushunib yetishiga turtki boʻlishi lozim.

Shu oʻrinda til toʻgʻrisida soʻz yurita turib, ismlar  haqida ham ikki ogʻiz gapirib oʻtish joiz.

"Kul Tegin" bitigidagi hayqiriq bekorga bitilmagan. Ism nafaqat odamning, balki millatning ham belgisi, koʻzgusi va oʻziga xosligi.

Dunyoga qarang, shakllanayotgan millat farzandlarining oʻz tub ismlari yoʻq. Ular farzandlariga oʻzga millat ismlarini beradi, yoki xayoliga nima oʻng kelsa, oʻshani ism qilib qoʻyaveradi.

Tarixda millatning yoʻqolib ketishi, yangi bosqichga chiqishi inson ismining oʻzgarishi bilan kechgan. Bir paytlar, sobiq SSSRda ham barcha millatlarni yoʻqotib, sovet millatini tashkil qilish gʻoyalari keng tus olgan va bu odamlarning oʻz  farzandlariga gʻalati-gʻalati ismlar qoʻyishi bilan birga kechgan. Shukr qilish kerak, bu holat barham topib ketdi va endi odamlar farzandlarga milliy anʼanalardan kelib chiqib ism tanlamoqda.

Achinarli jihati, guvohnoma yozib beradiganlarning chalasovodligi, tilni bilmasligi millatning aksariyat qismini nomunosib ismlarda yurishiga olib kelmoqda. Hozirda ismining yozilishida xatosi boʻlmagan inson kamdan kam topiladi. Xodja, Dosmat, Maxamat va boshqa son-sanoqsiz ismlar borki, ularning baxtsiz egalari, manqurt oʻzini shu darajaga olib kelgan qalpogʻiga jon-jahdi bilan yopishgani kabi, shu nomunosib ismni himoya qilishga va uni aynan shu holda yozishni boshqalardan talab etishga majbur.

Oʻzga tillarni hurmat qilgan holda, ona tilini ulugʻlash, undan faxrlanish millatning kelajagini belgilaydi. Bugun koʻcha-koʻyda odamlar oʻz tilidan uyalmay, hazar qilmay, bemalol gapirayotgan boʻlsa, bilingki, bu millatning kelajagi bor.

Til tozaligini taʼminlash uchun yoshlarga tillarni yaxshiroq oʻqitishimiz lozim.

Oʻzga tillardan soʻz kirib kelishi butkul salbiy holat ham emas, aslida. Oʻz davrida Navoiy ham oʻzga tillar soʻzlaridan foydalangan. Qolaversa, rus soʻzlarini adabiy tilga birinchi boʻlib olib kirgan ijodkor Zavqiy boʻladi.

Rus tili haqida soʻz borar ekan, aytish lozimki, u bugungi oʻzbek tiliga taʼsir koʻrsatayotgani uchun aybdor emas. Va bu holat faqat oʻzbek tili bilangina yuz berayotgani yoʻq. Bir vaqtning oʻzida bugun rus tilshunoslari ham oʻz tillarini chetdan kirib kelgan soʻzlar, yangidan paydo boʻlayotgan jargon(sleng)lardan tozalolmay sarson.

Nima deb oʻylagandingiz? XXI asr, globallashuv davri! Madaniyatlar, qadriyatlar, tamaddunlar toʻqnashmoqda, kesishmoqda. Jahonda insoniyatning birlashish, umumiylashish jarayoni kechmoqda. Shunday holatda asosiy muomala vositasi boʻlgan til chekkada tura oladimi? Yoʻq, albatta.

Haliyam bizning yoshlar yangi soʻz va ibora yaratishga, ularni chekkadan oʻzlashtirib, oʻzlariga moslashtirib olishda rus yoshlarichalik emas. Ruslar oʻz farzandlarini yaxshiroq, toʻgʻriroq tushunish uchun "Yoshlar slenglarining izohli lugʻati"ni ham chop etishdi. Bu yaxshimi yomonmi, bir narsa deyish qiyin. Bir jihatdan til boyiyotganga oʻxshaydi. Axir har xil soʻzlar koʻpaymoqda-da. Ikkinchi jihatdan avlodlar oʻrtasida jarlik yuzaga kelmoqda. Ular bir-birlarini yaxshi tushunmaydi. Qolaversa, bu "sleng"larni oʻqib, tilning boyiyotganiga ham shubhalana boshlaysan, kishi. Yangi kirib kelayotgan bir soʻz yoki birikma yuzlab soʻzlarni muomaladan siqib chiqarmoqda. Soʻz qashshoqligi yuzaga kelmoqda.

Shunday bir holatni bizning yoshlar orasida ham kuzatish mumkin.

Lekin kishini quvontiradigani, biz hali yoshlarni tushunish uchun izohli lugʻat chiqarish darajasida emasmiz.

Albatta, davlat tilimizni jahonga chiqishi uchun harakat qilishimiz kerak va vaqti kelib, oʻzbek tili ham jahon miqyosida oʻrganilishiga ishonamiz. Biroq hozircha rus tili biz uchun jahonga chiqish va boshqalar bilan muomala qilish uchun asosiy vosita boʻlib qolaveradi.

Umuman, tillar koʻlmakka aylanib qolganda, yoʻqolib ketadi. Shuning uchun u rivojlanib, taraqqiy etib borishi kerak.

Tillarning tarixiga nazar soling, ular doim oʻzgalar hisobiga boyib, rivojlanib borgan.

Bir paytlar turkiy til arablar taʼsirida, soʻng rus tili turkiy taʼsirida rivojlangan.

Ispan tilida gaplashadigan Lotin Amerikasi xalqlari esa hanuzgacha bu tildan minnatdor. "Ispanlar barcha boyligimizni talab ketdi, lekin bizga oʻzlari bilmagan holda eng katta boylikni – ispan tilini tashlab ketishdi", deyishadi ular.

Rus tilini dunyoning boy tillaridan biri sifatida oʻrganish hech qachon hech kimga zarar qilmagan. Bu tilning taraqqiyotiga hissa qoʻshgan buyuk shaxslarning koʻplari umuman rus ham emasdi. Masalan, "Jonli buyuk rus tilining izohli lugʻati"ni yaratgan V.V.Dalning ajdodlari skandinaviyalik boʻlgan. Turgenevning ajdodlari turkiylar boʻlgan. Aytmatov bu tilda qanchalar goʻzal asarlarini yaratdi.

Gap rus tilining goʻzalligida ham emas. Gap shundaki, har bir til oʻz holicha goʻzal, jozibali va betakror.  Har qanday til bebaho boylik. Uni oʻrgangan kishi esa oʻsha boylik sohibiga aylanadi. Shuning uchun ham til oʻrganish hech qachon salbiy baholanmagan. Chala-chulpa gapirishning negizini til oʻrganishdan emas, chalasavodlikdan va fikr sayozligidan qidirish kerak.

Soʻz soʻngida bir narsani alohida taʼkidlab oʻtmoqchi edim: millatning kelajagi, hatto, uyda dasturxon boshida qaysi tilda valaqlashib oʻtirishimizga ham bevosita bogʻliq.

Asosiy mavzular