10:58 26 Aprel 2017
Efir
Son studenta

Diplom choʻntakda, kelajak qoʻlda, xayolda nima?! - Oʻzbek talabalari hayotidan reportaj

© Flickr/ Pink Sherbet Photography
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
3204114

Jamiyat umidi, davlat ishonchi, insoniyatning oqil, dono va bilimdon tabaqasi – talabalar haqida fikrlar

TOSHKENT, 17 noya – Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Insoniyat kelajagi, haqida soʻz ketganda soʻz aynan talabalar xususida boradi. Bejizga emas. Ertaning egalari, insoniyatning qay yoʻldan ketishi, qanday yutuqlarga erishishi aynan ularga bogʻliq va ulargina insoniyatni qaygadir boshlab boradi. Axir ular jamiyatning eng oqil, dono qismi.

Dunyodagi jamiki talabalar esa, shu jumladan Oʻzbekiston talabalai ham 17-noyabr kuni kitob, imtihon, "zachyot", "shpargalka" degan "bosh ogʻriq"larni unutib – xurramlikka berilish kabi qonuniy huquqga ega boʻladilar.

Aksariyat oliygohlarda ushbu kunda QVZlar sahnalashtirilib, eng koʻp ball bilan oʻqishga kirgan talabaga ramziy "studencheskiy" topshiriladi. Sputnik Oʻzbekiston oʻzbekistonlik bir guruh talabalar bilan bogʻlanib, ularning talabalik davri, zamonaviy gadjetlarga munosabatlari, muammolari hamda maqsad-intilishlari haqida qiziqib koʻrdi.

Talaba boʻlgan kuningizni qanday xotirlaysiz?

Karim, 26 yosh: Talaba boʻlgan kunim – men uchun kelajagim aniqlashgan. Bu menga bir imkoniyat tarzida berilganini va shu bilan birga yana bir pogʻonaga yuqorilaganimni his qilganman.

Nozima, 25 yosh: Avval bir haftagacha ishonmaganman va, albatta, shunday baxtga muyassar boʻlganimdan magʻrurlanganman. Lekin, aytish kerak-ki, asta-sekin hammasi oddiy bir holatga aylangan.

SMS oʻqiyotgan talabalar, arxiv surat
SMS oʻqiyotgan talabalar

Ikrom, 23 yosh: Talaba boʻlganimda, xuddi bir yil oldin "yiqilganimda" kabi yigʻlaganman. Buni tan olishdan uyalmayman!

Ayfon 7 – talaba yoʻldoshi

Talabalar bilan suhbatlashar ekanmiz, bugungi kunda zamonaviy gadjetlar talabalar hayotidan mustahkam oʻrin olganini bilib oldik. Talabalar "och xalq"ligi haqida latifalar koʻpligiga chuv tushmang, sababi, "Ayfon 7"dan foydalanuvchilarning asosiy qatlami aynan talabalar ekanligini tasdiqlaganlar topildi.

Start prodaj iPhone 7 v Singapure
© AFP / ROSLAN RAHMAN
Ayfon 7

Sodiq, 23 yosh: Zamonaviy gadjetlar talabalar uchun xuddi — baliqqa suv kerakdek zarur. Nega deysizmi? Chunki, telefondan foydalanmasak, yaxshi baho yoʻq. (Telefon oʻqishga kirishimda ham aaancha yordam bergan, deya bizga oʻz siri bilan boʻlishdi suhbatdosh). Masalan, ayrim Navoiy va Prezident stipendiatlaridan telefonlarini olib qoʻyib, imtihon oling, gaplarim toʻgʻriligiga amin boʻlasiz!

Malika, 24 yosh: Zamonaviy gadjetlarsiz yashash qiyin. Chunki hozir elektron hukumat degan narsa bor, qolaversa, gadjetlar – bu jahon tajribasidan oʻtgan!

Siroj, 22 yosh: "Ayfon 7" ishlatadigan talabalar ham oz emas. Oliygohga oʻz mashinasida kelib-ketadigan talabalar ham koʻpchilikni tashkil etadi (mashhur qiziqchimizning "avtobuslar — domlalar uchun" degan gapi yodimga tushib ketdi shu yerda, muallif)

Muallifdan: Talaba, deyilganda avvalambor oʻqimishli inson tushuniladi. Chunki, u koʻp oʻqigan. Keyingi paytlarda bilyapmizki, aynan oʻqish insondagi maʼnaviy qashshoqlikni bartaraf etadi. Televizor koʻrish, radio eshitish, hatto internet kovlashtirish ham oʻqishning oʻrnini bosmaydi.  Ularda tomosha va koʻngilocharlik unsurlari ustun boʻlgani sababli ong qatlamlariga singib ketmaydi. Inson ularni jiddiy qabul qilmaydi. Shuning uchun televizor tomoshasiga berilganlarda fikr keng boʻlmaydi. Kitob esa aynan koʻngilga borib yetishi bilan fikrlash doirasini kengaytiradi. U oʻzingni va boshqalarni yanada yaxshiroq, kengroq, batafsilroq tushunishda yordam beradi.

Shu sababli texnik taraqqiyot namunalari – bir paytlar talaba boʻlgan insonlar tomonidan yaratilgan qulayliklar, imkoniyatlar bugun aynan talabalargaga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani ham sir emas. Bu ularni fikrlashdan cheklab qoʻymoqda. Ertalablari metroga tushing, avtobuslarga chiqing – son-sanoqsiz talabalar quloqlariga "naushniklarini" tiqib, nimanidir tinglab ketayotgan boʻladi. Albatta, domlalarning maʼruzalarini boʻlmasa kerak. Qoʻshiq tinglashadi-da, yoki oʻyin oʻynashadi. Shunda "bular qachon fikr qiladi?", degan oʻy keladi xayolga. Fikrlash uchun inson oʻzi bilan oʻzi yolgʻiz qolishi kerak. Fikrsiz gʻoya boʻlmaydi, gʻoyasiz esa ixtiro, ixtirosiz — taraqqiyot boʻlmaydi.
Albatta hozir nafaqat talabalar, balki aksariyat yoshlar ham shunday – kam fikrlaydi. Biroq boshqalardan farqli oʻlaroq, talabalar ertaga odamlarni, jamiyatni, davlatni boshqaradi. Jamiyatning yetakchilari boʻladi. Ularning uncha-muncha xato va kamchiliklari, eʼtiborsizliklari, fikrsizligi kechirilishi menimcha, mumkin emas.

Talabalarning asosiy muammosi nima

"Sizni qiynaydigan asosiy muammo?" degan savolga “kontrak toʻlovi”, ijara haqi (ayniqsa, Toshkentda tahsil oladigan talabalar uchun bu katta muammo ekan) degan javoblar koʻproq tilga olindi… Ammo boshqa muammolar haqida ham ogʻiz ochganlar topildi.

Shokir, 26 yosh: Muammolardan biri – darslarda zamonaviy texnologiyalardan deyarli foydalanilmaydi…

Nargiza, 25 yosh: Talabalar har xil va ularning muammosi ham turlicha. Men xorij tillari universitetida tahsil olganim uchun, oʻzim oʻrganayotgan til tashuvchisi boʻlgan davlatda boʻlishni orzu qilaman. Axir til oʻrganishda oʻsha davlat bilan shaxsan tanish boʻlish ham muhim ahamiyatga ega. Ammo, afsuski, hozircha buning imkoni yoʻq. Oliygoh oʻz talabalarini guruh-guruh qilib chet el safariga joʻnatishi (oʻzining puliga boʻlsa ham mayli) eng muhim masala boʻlib qolaveradi, menimcha.

Gorod Las-Vegas. SSHA
© Flickr/ Moyan Brenn
Gorod Las-Vegas. SSHA

 

Muqaddas, 24 yosh: Talabalar oldida turgan muammolardan biri – fanlar boʻyicha adabiyotlarning aniq taqsimlanmagani. Misol uchun, ingliz tili boʻyicha yakdillik yoʻq – oʻqituvchilar har xil kitoblardan dars beradi, oʻzlarining yoqtirishlariga qarab. Faqat sharq tillaridagina aniq darsliklar bor, gʻarb tillarida bunday emas.

Fozil, 26 yosh: Talabalarni butun oʻqish davri davomida qiynaydigan asosiy muammo – bu bitirgandan keyin ishga joylashish muammosi boʻlsa kerak.

Bahrom, 25 yosh: Talabaning eng katta muammosi — ovqat pishirish. Esimda, birinchi kursga qabul qilinganimdan keyin yotoqxonadan joy berishdi. Bir xonada toʻrt kishi yashardik. Hamma endigina maktabni bitirgan, uyida yashagan bolalar hech kim ovqat pishirishni bilmaydi. Sal-pal qoʻldan keladigani tuxum bilan kartoshkani qoʻshib qovurish…

Ovqat
© AFP / KHALED DESOUKI
Ovqat

 

Bir kun tuxum-kartoshka, ikkinchi kun tuxum-kartoshka, uchinchi kun tuxum-kartoshka, hammamizga yoqadigan ovqat boʻlsada,  bir haftada jongayam tegdi. Toʻrt kishi navbatma-navbat ovqat pishirar edik. Ovqat pishirish kimning navbati boʻlsa oʻshaning boshi ertalabdan qotgan. Nima pishirsam ekan degan savol bilan. Xonada faqat, kartoshka piyoz, makaron boʻlsa, oʻzing ovqat pishirishni bilmasang, nima ham pishirish mumkin?

Baʼzan, xonadoshlarga murojaat qilib, nima pishirib beray, bolalarim, degan savolga, hamma bir ovozdan – manti, — deb javob berardi…

Yaxshiyam yotoqxonada biz bilan bir etajda yashaydigan Oynisa opa, bor edi. Oʻsha kishi bir-ikki oy davomida bizga mastava,  moshkichiri, turli xil goʻshtli va goʻshtsiz shoʻrvalar, katoshka bilan non bugʻlash kabi talababop ovqatlar pishirishni oʻrgatdi.

Talabalik davridagi qiziqarli voqealar

Dilshod, 32 yosh: Universitetda jahon adabiyoti fanidan oʻqituvchi muallimamizni sinov (zachyot)topshirish uchun rosa orqasidan yugurib yurganim esimda. Qachon kafedrasiga borsam “hozir vaqtim yoʻq”, “darsga kirib ketyapman”, “ertaga keling” deb qaytarib yuborardi.

Naqd bir hafta shunday bahonalar bilan ortga qaytardi. Bir kuni yana oldiga borsam, “tushlikka ketyapman, keyinroq keling” dedi. “Xoʻp, birga boramiz unda tushlikka” dedim va u bilan oshxonaga birga bordik. Oʻziga ovqat olgach, “yoʻq” deganiga qaramay pulini men toʻlab qoʻydim va birga ovqatlandik. Ovqatlanib boʻlgach, “yuring xonamga” dedi. Xonaga kirgach “toʻrtga rozimisiz” deb soʻradi va sinov daftarchamga baho qoʻyib berdi.

Domla zachyotkaga baho qoʻymoqda
Sputnik / Vitaliy Ankov
Domla "zachyotkaga" baho qoʻymoqda

Muallifdan: Aniq fanlardan taʼlim oladigan talabalar bir fikrni koʻp takrorlaydi: hatto Eynshteyn ham maktabda "uch"ga oʻqigan, biz ham shunchalik boʻlarmiz!

Quyidagi latifani eshitgan boʻlsangiz kerak:

— Imtihon bu ikki aqllining oʻzaro suhbati, — deydi talaba.

— Agar shu ikkovning biri ahmoq boʻlsa-chi? – istehzo qiladi domla.

— Unda ularning aqllisi stipendiyasiz qoladi, — deydi talaba…

Bir paytlar "yigitning bahosi", degan gaplar ham boʻlardi. Oʻsha "uch"da bu. Goʻyoki, yigit kishi shundan ortigʻiga nomunosib. Hozir oʻsha "uch"lar yoʻq boʻlib  ketgan. Endi talabalar yuzgacha ballar olishi mumkin. Yaqinda oʻqimagan bir kishi aytib qoldi: bir paytlar biz zoʻrgʻa "besh" olardik, mana oʻgʻlim "ellik" olib kelyapti. Ana, yoshlar qanchalar aqlli boʻp ketgan!

Koʻpincha imtihonga olib kirish uchun shpargalkalar yoziladi, allaqanday «x» variantlarni xarid qilinadi, qoʻl telefoni va yana allambalolardan foydalanmoqchi boʻlishadi. Imtihonni oson topshirish yoʻli bor – hamma bilimni kallaga joylab olish kerak, tamom, vassalom. Uni imtihonga kirishdan burun hech kim tortib olib qoʻyolmaydi. Qolaversa, bu bilim bir umr yoʻldosh boʻladi.

Bu yil oliy oʻquv yurtlariga misli koʻrilmagan darajada abituriyent hujjat topshirdi. Bu xalqda kirish imtihonlariga ishonchning oshib borayotgani, adolat taʼminlanayotganining bir belgisi. Lekin ayrim oʻquv yurtlarining kirish ballarini koʻrib kapalaging uchadi. Umumiy hisobda, "2" ga topshirganlar ham talaba boʻlib turibdi-da. Bular endi, har bir oʻringa oʻrtacha 10-15 tadan abituriyent toʻgʻri kelgan bir vaziyatda shunday. Demak, bular eng bilimlilar… Shoir "boshga loyiq doʻppi qolmadimi, doʻppiga loyiq bosh" deganday, yo aniq fanlarning savollari shunchalar murakkab, yoki abituriyentlar haminqadar…

Talabalik orzulari

Begzod, 24 yosh: Yetuk iqtisodchi boʻlib Oʻzbekistonda, raqobatni rivojlantirish

—  Men, Iqtisodchiman, institutni bitirib, oʻz soham boʻyicha yaxshi mutaxassis boʻlib Oʻzbekistonga foydam tegishini xoxlayman. Orzuim – Iqtisodiyot vazirligida ishlab, Oʻzbekiston uchun unumli va samarador iqtisodiy dasturlar ishlab chiqish. Mening fikrimcha, Oʻzbekistonda iqtisodni samarali rivojlantirish uchun, birinchi navbatda adolatli raqotbat tashkil qilish kerak. Bu iqtisodning mutlaq barcha sohalariga taaluqli. Hozir davlat qishloq xoʻjaligigayam, yengil va ogʻir sanoat sohalarigayam jiddiy aralashib yordam koʻrsatib kelmoqda. Boshlangʻich bosqichlarda bu albatta kerakli, lekin keyinchalik iqtisodiyotning oʻzi mustaqil rivojlanishi, davlat esa sohalarni nazorat qilib turishi kerak.

Misol uchun dunyoning eng rivojlangan AQSH iqtisodiyotiga nazar solsak. U yerda har bir sohada oʻta rivojlangan ikki yoki undan ortiq korxona bor. Ular doimiy ravishda bir-biri bilan raqobat qilib, oʻz mahsulotini ilimiy-texnik, narx-navo, ekologik tozalik tomonidan oldinga surib kelmoqda. Davlatning asosiy vazifasi esa – hech bir sohaning monopoliyalashib ketishiga yoʻl qoʻymasdan, kuchli korxonalar orasida raqobatni taʼminlab turish. 

AQShning Intel kompaniyasi kompyuter protsessorlarini ishlab chiqarishni boshlagan yagona korxona edi. Lekin AQSH Monopoliyaga qarshi qoʻmitasi, soha faqat bir kompaniya ixtiyorida qolmasligi uchun,  protsessorlar ishlab chiqrishga ilk qadamlarini qoʻyayotgan AMD kompaniyasi kuchli yordam koʻrsata boshladi: davlat subsidiyalari va qoʻshimcha imtiyozlar va hokazo. Natijada, bugungi kunda ushbu ikki kompaniya bir-biri bilan raqobat qilgan holda protsessor ishlab chiqarish sohasini ildam qadamlar bilan olgʻa surmoqda. AQSH iqtisodiyotida xuddi shunday vaziyatni smartfonlar ishlab chiqarish, avtomobil sanoati, yengil  sanoat va bashqa turli sohalarda kuzatish mumkin.

Biz hozir yashayotgan bozor iqtisodiyoti dunyoda, faqat raqobat oldinga suruvchi kuch boʻlib qolmoqda, davlatning asosiy vazifasi esa – har bir sohada adolatli raqobatni taʼminlab turish. Shunda iqtisod ham rivojlanadi, fuqarolar ham arzon va sifatli mahsulot va xizmatlar xarid qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Grafik rosta
© Flickr/ Day Donaldson
Grafik rosta

Muallifdan: Keyingi paytlarda "institutda oʻqish", deyilganda negadir faqat diplomgina koʻzda tutilmoqda. Diplomning oʻziyoq koʻp-koʻp muammolarni hal qilib beradi, deb oʻylaymiz. Choʻntakdagi diplom insonni madaniyatli, oʻqimishli va zamonaviy qiladi, degan xom xayollarga boramiz. Aslida undaymas. Diplom oʻz holicha hech nimani hal etmaydi. U — bir parcha qogʻoz, xolos. Ortida insonning ongi, dunyoqarashi, bilimi, saviyasi boʻlsagina u nimagadir qodir. Aks holda sariq chaqachalik foydasi yoʻq. Unda nega biz diplomli kishilarni hurmat  qilamiz?

Chunki, diplomli kishilarda aniq maqsad boʻladi. Insonki, bi maqsad yoʻlida 4-6 yillab umrini sarflab, unga erishgan ekan, demak shuning oʻziyoq uni hurmat qilishga arziydi. Axir hamma ham shuncha vaqt davomida bir maqsad yoʻlida harakat qilishga qurbi yetavermaydi. Odamlar bor, har oʻn kunda maqsadini oʻzgartirib turadi.

Hayotda oʻz oʻrnini topolmay yurgan koʻpdan-koʻp yigit-qizlarni uchratish mumkin. Ularning aksariyati bunda kimnidir, nimanidir ayblaydi. Faqat bir haqiqatni tushunishmaydi – jamiyatda oʻz oʻrnini topolmagan inson aybni oʻzidan qidirishi kerak! "Aniq maqsadga ega emasligimdan", deb bilishi lozim.

Bilaman, yoshlar Jobs, Geytslarni toʻsatdan boy boʻlib qolganiga, Mendeleyev davriy jadvalini tushida koʻrganiga, Pushkin ayrim sheʼrlarini tushida yozganiga ishonadi va oʻzida ham shunday boʻlishini kutadi. Intiq kutadi!

Biroq kutish kerak emas, hech qachon bunday boʻlmaydi!

Hayot hech kimning ota-onasi emas, uning erkatoylari yoʻq. Kimdir nimagadir erishayotgan boʻlsa, demak u shunga munosib, shunga harakat qilyapti va yutuqlarni qoʻlga kirityapti. 

Talabalar hayotlaridagi dastlabki muammolar, qiyinchiliklarni bosib oʻtgan insonlar. Nima boʻlishidan qatʼiy nazar ular birinchi qiyinchiliklarni yengib oʻtdi. Aslida kirish imtihonlarining oʻz nima? Uyam yoshlarning yoʻliga qoʻyilgan bir toʻsiq. Undan oʻtganlar yangi yoʻldan olgʻa ildamlaydi.

Ota-onalar koʻpincha farzandlarini tanlagan yoʻldan qaytarmoqchi boʻladi, ularni sevganlariga uylantirmaslikka, turmushga uzatmaslikka harakat qiladi. Bu shunchaki, ota-onalarning injiqligi, hayotni tushunmasligi sababli emas. Ular shu bilan oʻz farzandlarining irodasini, maqsadini sinab koʻrmoqchi boʻladi. Axir katta hayot oʻta shafqatsiz…

Farzandning unga tayyorligini sinash ota-onaning vazifasi.

Kirish imtihonlari ham shunga oʻxshash bir holat. Boʻlmasa, oliy taʼlimni pulli qilib xohlagan inson kelib, oʻqib ketaveradigan qilib qoʻyish mumkin. Lekin unda iroda, maqsad, qatʼiylik sinovi qayda qoladi? Yoshlar jamiyat va davlatni boshqarish uchun qanday saralab olinadi?

Soʻng soʻz

Maqsad, iroda, bilim va meʼyordagi qoʻrquv hissi boʻlmasa, oʻqib, diplom olishning ham foydasi yoʻq. Shularsiz, oʻnta oliy oʻquv yurtini tamomlab ham hayotda hech nimaga erishib boʻlmaydi. Inson diplom olish uchun yashamaydi, u maqsad emas. Diplom insonning maqsadi yoʻlida sobitligini koʻrsatuvchi vosita. 

Aziz talabalar, Sputnik Oʻzbekiston sizlarga kelgusi oʻqishlaringizda muvaffaqiyatlar, soʻnmas kuch-gʻayrat, ilhom, yorqin xotiralar, yengil imtihonlar va koʻpdan-koʻp qiziq voqealarni tilab qoladi! Sizning bugungi bayramingiz superqiziq kechishi tilakdoshimiz! Oʻzbekistonga   kerakli kadr boʻlib yetishish uchun oʻqishdan tolmang! Hammasi oʻz qoʻlingizda! Olgʻa!!!

Asosiy mavzular