21:53 17 Oktyabr 2017
Efir
Chemodan koʻtargan erkak, arxiv surat

Farmon Toshev: Aravasin tortmagan rahbar oʻziga ham, jamiyatga ham naf keltira olmaydi

AFP / LEON NEAL
Analitika
Havola olish
1261134

"Zamon shiddat bilan oʻzgaryapti, ilgarilab ketyapti, – dedi Prezident. – Eskicha yashash tarzi bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi. Har kim oʻz aravasini oʻzi tortishi darkor. Aks holda, uning biri ikki boʻlmaydi, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmaydi"

TOSHKENT, 10 yanv — Sputnik.  "Zarafshon" gazetasi rasmiy saytida "Aravasin tortmagan rahbar oʻziga ham, jamiyatga ham naf keltira olmaydi", sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilingan.

"Gap har bir shaxsning zimmasiga yuklatilgan qonuniy vazifa va burchlar ijrosi haqida bormoqda. Menimcha xalq oʻrtasida ommalashib ketgan ushbu ibora va tushunchaga izoh berishga hojat boʻlmasa kerak", deya oʻz fikrlari bilan boʻlishgan maqolada "Zarafshon" gazetasi Bosh muharriri Farmon Toshev.

Muallif shu oʻrinda Oʻzbekistonning yangi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bu borada aytgan fikrlari magʻzini chaqishga daʼvat qilgan.

"Zamon shiddat bilan oʻzgaryapti, ilgarilab ketyapti, – dedi Prezident. – Eskicha yashash tarzi bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi. Har kim oʻz aravasini oʻzi tortishi darkor. Aks holda, uning biri ikki boʻlmaydi, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmaydi".

Muallif bu mavzuga yaqin misolni keltirib oʻtgan.

"Samarqand shahridagi istagan ikkita oʻquv yurtini solishtirib koʻring. Birida isitish tizimi ishlaydi, ikkinchisida – yoʻq. Birining hovlisi havas qilgulik, ikkinchisiniki tashlandiq holatda. Birida oʻquvchilar bir xilda chiroyli kiyinib keladi, ikkinchisida bu ish oʻquvchining oʻziga tashlab qoʻyilgan. Oʻqituvchilarning kiyinishida ham shunday farq bor.

Bu holat sizga tanish. Endi uning sababi haqida fikr yuritaylik. Toʻgʻri, isitish tizimi katta mablagʻ talab etadi, ammo muassasa rahbari avvalo uskunalarning shu holga tushmaslik chorasini koʻrishi, koʻp yillik faoliyati davomida bu pulni yilma-yil jamgʻarishi yoki byudjet hisobidan rejalashtirishi mumkinmidi?

Oʻquvchilar intizomi, odobi, kiyinishi bilan har kuni shugʻullanish lozim. Ming afsuski, rahbar buni oʻrinbosari yoki boʻlim boshligʻiga topshirgan va nazorat qilmagan.

Bu kayfiyat, tabiiyki, ish jarayoniga taʼsir etadi. Davomatning pastligi oʻqituvchi kayfiyatiga, rahbarning majlisma-majlis yurishi oʻqituvchi masʼuliyatiga va hokazo. Natijada oxirgi paytlarda oʻqituvchining ochiq dars oʻtishi goʻyoki qahramonlikka tenglashtirib qoʻyildi. Axir u istalgan paytda amalga oshirilishi zarur boʻlgan uslub-ku!

Rahbariyat esa aravasini tortmayotganni ishlatish oʻrniga ijtimoiy, madaniy tadbirlarni, hatto uslubiy seminarlarni sharoiti bor oʻquv yurtida oʻtkazishga odatlangan.

Oʻz aravasini oʻzi torta olmaslik atrofdagilarning gʻashiga tegadi. Ayrim idoralar hududining hatto old qismini hashar bilan tozalash boshqa muassasada ishlaydiganlarga yoqadi deysizmi? Hashar bilan butun boshli koʻcha yoki tuman markazini tartibga keltirishchi?

Oʻsha hududning aholisi qayerda, qani oʻsha hudud rahbarlari?! Nega oʻz aravasini oʻzlari tortmaydi?

Mablagʻ yetarli boʻlib, yil boshida taʼmirlashni rejalashtirmagan direktorga "rahm"i keladi kishining. Mabodo tadbir oʻtkaziladigan boʻlsa, maktab nima uchun hashar yoʻli bilan tayyorlanishi kerak? Ota-ona va homiydan pul soʻrashga kimning haqi bor?

Qishning hozirgi sovuq kunlarida isitilmaydigan oʻquv yurtiga borib koʻring, antiqa holning ustidan chiqasiz: eshik, deraza tirqishidan yelvizak oʻtadi, deraza oynalari singan. Xoʻsh, ana shu ishlar uchun ham mablagʻ kerakmi? Xoʻjalik mudiri tayyor koʻmirni qishloqdoshlariga "hadya" etganidan koʻz yumishga "sabr" topgan direktor eshik-deraza tirqishlarini yopib chiqishni uyushtirishga hafsala topmagan.

Bu illatlarning asosiy sababi jamoa bilan maslahat qilmaslik, rejalarni puxta ishlab chiqmaslikdir. Yashirib nima qilamiz, koʻplab idoralarda xodimlar oʻz yillik faoliyatining rejasidan xabardor emas. Rahbar muhr bosib qoʻygan bunday "hujjat" kelasi yilgacha seyfdan chiqmaydi. Chunki bu reja ijrosini soʻrash tizimi ishlamaydi. Chunki jamoaning fikri soʻralmaydi, har bir xodim va rahbar bir-biriga oʻz faoliyati yuzasidan hisob bermaydi.

Men ushbu maqolaga bejiz oʻquv muassasalarini misol qilib keltirmadim. Davr nafasini aynan ziyolilar teranroq tushunadi va xalqqa ham tushuntira oladi. Oʻquv muassasasidagi muhit esa oilaga tez taʼsir qiladi.

Ha, "aravani tortish" iborasi oilada katta ahamiyatga ega. Kitob, gazeta oʻqimagan, televizor koʻrmagan, ulfatchilikdan boʻshamaydigan ota-ona farzand tarbiyasini toʻgʻri yoʻlga qoʻya olmaydi. Yana oʻsha gap: uning farzandlari tarbiyasi bilan mahalla va boshqa idoralar shugʻullanishadi.

Qissadan hissa shulkim, oʻz aravasini tortolmaganlar doimo kimningdir (eng avvalo, oʻgʻil-qizlari) oldida mulzam, qarzdor boʻlib yashaydi, biri ikki boʻlmaydi.

Aravangizni torting, hech boʻlmaganda, tortishga harakat qiling,  birodar", — deya maqolaga xotima yasagan muallif.

Teglar:
Farmon Toshev, rahbar, Shavkat Mirziyoyev

Asosiy mavzular