14:40 24 May 2017
Efir
Na avtostoyanke vozle zavoda General Motors

Oʻzbekiston kelgusida avtosanoatdagi cheklovlardan voz kechadi

© Sputnik/ Igor Russak
Analitika
Havola olish
233761

Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxovning fikricha,qaysidir bosqichda oʻzbek avtosanoati va mashinasozligida ushbu soha mahsulotlarini olib kirganlik uchun boj toʻlovlari narxi tushadi va Oʻzbekiston yirik kompaniyalar bilan bemalol raqobatlasha oladi

TOSHKENT, 8 mar — Sputnik. Oʻzbekiston ertami-kechmi avtomobil sanoatidagi protektsion* choralardan voz kechadi, deb hisoblaydi mamlakat savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov.

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri bilan suhbatda davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi haqida fikr yuritar ekan, Shayxov xoh AQSH boʻlsin, xoh mashhur soatlar chiqaruvchi Shveytsariya va qishloq xoʻjaligi davlat protektsiyasi ostidagi Yevropa davlatlari boʻlsin, dunyoning hech bir mamlakati hali protektsion choralardan yuz foiz voz kechmaganligini bildirdi.

"Tabiiyki, hammasi (protektsion choralar — tah.) oqilona va samarali boʻlishi darkor. Bu muhim ahamiyatga ega. Strategiyada barcha narsa oqilona va maqsadli tarzda asoslab berilgan. Shuning uchun protektsionizm unsurlari saqlanib qoladi. Tabiiyki, bu nafaqat ichki bozor, balki tashqi omillarga ham bogʻliq. Chunki dunyo oʻzgarmoqda, Yevropa va Osiyoning aksariyat mamlakatlarida jiddiy inqirozga duch kelgan avtomobil bozorlarida ham vaziyat oʻzgarmoqda. Shunday ekan, protektsion choralar bu iqtisodiyotni boshqarish va albatta, biznesni rivojlantirish vositasidir", — dedi suhbatdosh.

Har qanday holatda, dedi Shayxov, mamlakatimiz bozor iqtisodiyoti sari odimlamoqda. Uning aytishicha, shu bois hozirda mahalliylashtirish, mamlakatda sohadagi raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beruvchi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish masalalari muhim oʻrin tutadi.

"Strategiyaning iqtisodiy qismidagi unsurlardan biri bu raqobatbardoshlikni, xususan, mahalliylashtirish va ushbu jarayonga yangi kompaniyalarni jalb etish orqali avtomobil sanoatidagi raqobatbardoshlikni mustahkamlashdir. Bunga nafaqat oʻz brendiga ega strategik hamkorlarni, balki butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi injiniring kompaniyalarini ham jalb etish lozim. Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri tayyor avtomobillarnigina emas, ularning butlovchi qismlarini ham eksport qiluvchi mamlakatga aylanishdir. Chunki bu avtosanoatning oʻzidan ham koʻra yirikroq biznesdir", — deydi u.

Shu bilan birga, savdo-sanoat palatasi rahbarining aytishicha, muhim ahamiyatga ega boʻlgan boshqa yoʻnalishlar ham mavjud — bu qishloq xoʻjaligi mashinasozligi yoki boshqacha aytganda butun boshli mashinasozlik sanoatidir. Hozirda mazkur soha sezilarli ravishda mustahkamlanmoqda. Mamlakat rivojlangani sari uning raqobatbardoshligi oshib boradi. Shu maʼnoda, qaysidir bosqichda oʻzbek avtosanoati va mashinasozligida ushbu soha mahsulotlarini olib kirganlik uchun boj toʻlovlari narxi tushadi va Oʻzbekiston yirik kompaniyalar bilan bemalol raqobatlasha oladi, dedi Alisher Erkinovich.

"Yangi strategiyamiz mutlaqo yangi qarorlarni koʻzda tutadi. Masalan, biz hozir Qozogʻistonda avtomobillarimizni yigʻadigan korxona ochmoqdamiz. Va bu butkul yangicha yondashuvdir. Tabiiyki, bu bizning raqobatbardoshligimizni oshiradi va yetakchi brendlar bilan raqobatlashish imkonini beradi. Umuman olganda, biz hozirda ham yangi avtomobillarimiz orqali raqobatga kirishganmiz", — dedi Shayxov.

Ilgariroq Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunchilikka ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha korxonalarga nisbatan talabni kuchaytirishni koʻzda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritgandi. Xususan, bu oʻzgartirishlar avtomobil sanoatida faoliyat yurituvchi korxonalarga ham taalluqli. Yangi talablarga koʻra, bir qator korxonalarning butlovchi qismlarni chetdan keltirishdagi bojxona imtiyozlari bekor qilindi.

*Protektsionizm — davlatning mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligi va ijtimoiy koʻrsatkichlarni yaxshilash maqsadida importga nisbatan vaqtinchalik cheklov oʻrnatishga yoʻnaltirilgan tashqi savdo siyosati.

Asosiy mavzular