11:07 23 Avgust 2017
Efir
Ekspert Rossiyskogo instituta strategicheskix issledovaniy Igor Nikolaychuk

Mirziyoyev tashqi siyosat sahnasida qanday rolni ijro etadi

© Sputnik/ Aleksey Tixomirov
Analitika
Havola olish
1066103

Shavkat Mirziyoyevning aprel oyida Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashuvida qanday jihatlar ahamiyatli ekanligi haqida mualliflik maqolasi orqali tanishing

Igor Nikolaychuk, siyosatshunos —Sputnik Oʻzbekiston uchun

Men mamlakat tashqarisida, asosan Rossiyada deyarli uch million nafar oʻzbekistonlik mehnat qilayotgani haqida eshitib, ozgina kalovlanib qoldim. Bu raqam Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari oʻrtasida mehnat migratsiyasi boʻyicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilgani munosabati bilan eʼlon qilindi. Hujjat Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining aprel oyida Moskvaga amalga oshiradigan tashrifi chogʻida imzolanishi kutilmoqda.

Hayratga tushishimning sababi quyidagicha. Menimcha, Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantlariga har bir moskvalikning koʻzi tushgan. Bir paytlar ulkan mamlakatning fuqarolari boʻlganimiz haqidagi "kollektiv xotira" haligacha saqlanib qolgan.

Oʻzaro muloqotda aytarli muammolar yoʻq. Lekin ish izlab kelgan oʻzbekistonliklar bilan suhbatlashganingda, qurilish yoki qishloq xoʻjaligida ishlashni istaydigan etnik oʻzbeklar judayam kamligini sezasan. Koʻpincha "Biz oʻzbekistonlik tojiklarmiz" yoki "Biz oʻzbekistonlik qirgʻizlarmiz" degan soʻzlar quloqqa chalinadi. Bu qandaydir gʻalati.

Maʼlum boʻlishicha, oʻzbekistonlik migrantlar masalasi toʻlaligicha tartibga solinmaganligi bois migrantlar oʻzlarini goh tojik, goh qirgʻiz deb atashadi.

Lekin Oʻzbekistonning yangi hukumati mazkur tashqi siyosiy muammoni bartaraf qilishga kirishdi. Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining oʻrinbosari Olga Golodetsning aytishicha, aprelda mehnat migratsiyasi sohasida ikkita hukumatlararo hujjat imzolanishi rejalashtirilgan. Birinchi hujjatda Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlari uchun Oʻzbekiston fuqarolarini ommaviy jalb etish va yollash koʻzda tutiladi.

Ikkinchi hujjat esa ikki davlatning migratsiya sohasidagi mutasaddi organlarining oʻzaro hamkorligi bilan bogʻliq.

Bu shubhasiz, Oʻzbekistonning amaldagi prezidenti tashqi siyosat borasida oqil ekanligini, toʻplanib qolgan muammolarni yechishga urinayotganligini bildiradi. Shu yerda yana bir narsa haqida soʻz yuritsak.

"Islohotchi prezident" va turk gambiti

Xorijlik sharhlovchilar Mirziyoyevni "buyuk ishlar"ga "yoʻllash" uchun jon-jahdlari bilan tirishmoqdalar. Bu yerda ikkita "modda" bor. Birinchidan, Shavkat Miromonovichni Gorbachev uslubidagi "islohotchi prezident" deb taʼriflashmoqda. Ular aniq islohotlar oʻtkazishni taklif qilishmayapti, lekin kuchli islohotchilikni talab qilishmoqda. Allaqanday yangicha tamoyil: maqsad yoʻq, asosiysi harakat. Shunchaki bu harakat "demokratiya" sari boʻlishi va "avtoritar"likdan xoli boʻlishi lozim.

Igor Nikolaychuk
© Sputnik/ Aleksey Tixomirov

Ikkinchidan, nima uchundir Mirziyoyevni goʻyoki Putinga uning maqsadlarini qondirish uchun Ukraina oʻrniga Markaziy Osiyoni taklif qiluvchi geosiyosiy savdogar rolini bajaradi deb hisoblashmoqda (yosh — demak, dovyurak). Bunda Markaziy Osiyoni AQSH siyosiy manfaatlar xaritasidan oʻchirib tashlab ushbu mintaqani "oq dogʻ"ga aylantirgan siyosiy tomosha koʻrsatuvchi Tramp aybdor. Nima uchun — deb tavsiya berishmoqda Gʻarbdagilar — Shavkat Mirziyoyev vaziyatdan foydalanmasligi va oʻz oʻyinini oʻynamasligi kerak?

Bunga nima deyish mumkin? Oʻylaymizki, Putin va uni qoʻllab-quvvatlovchi Rossiya jamiyati Markaziy Osiyo bilan munosabatlar borasidagi siyosatni oʻzlari hal qilishadi. Bu yoʻnalishdagi ishlar faol olib borilmoqda.

Oʻzbekiston prezidentining tashqi siyosatdagi real harakatlarini baholaydigan boʻlsak, uning xorijga amalga oshirgan ilk rasmiy tashriflari va muloqotlari, Mirziyoyevning siyosiy va boshqa raqobatchilari meni kechirsinlaru, ichki siyosiy barqarorlikka qaratilgan eng oddiy va toʻgʻri yoʻnalish ekanligini koʻrsatmoqda. Biz "turk gambiti"ning mintaqaviy (Markaziy Osiyocha) variantini koʻrmoqdamiz. Gapimni tushuntiraman: turk diplomatlari "qoʻshnilar bilan muammolar paydo boʻlmasligi" uchun birinchi navbatda xuddi shu yoʻnalishda ish olib borish kerakligini oʻn yil ilgari taklif qilishgandi. Judayam oqilona qaror — Mirziyoyev aynan shu ishni amalga oshirmoqda.

Rus tili faqat migrantlar uchungina emas

Rossiya bilan migrantlar muammolarini tartibga solish ichki barqarorlikni saqlashning muhim jihatlaridan biridir. Buni esa mamlakatlarimizni yaqinlashlashtirish boʻyicha yangi (haybarakalla-geosiyosiy boʻlmasa ham real va amaliy) qadamlarsiz tartibga solish imkonsiz. Islom Karimov davridagidan ham koʻra yanada olgʻa qadam tashlash lozim boʻladi.

Gap juda oddiy narsa haqida bormoqda. Rossiya oʻzbekistonliklarning milliy oʻzliklarini anglash borasida rivojlanishlari uchun xavfli emas. Shuning uchun birinchi navbatda rus tili va media bozorida Rossiya OAVlarining boʻlishiga nisbatan ehtiyotkorlikdan voz kechish kerak boʻladi. Bu oʻzbekistonlik yoshlarning Rossiya mehnat bozorida raqobatbardoshliklari oshishiga zamin yaratadi.

Markaziy Osiyodan kelganlarning mikroijtimoiy qatlami qanday shakllanishini qurollanmagan koʻz bilan ham koʻrish mumkin. Rus tilini biladiganlar hamisha "boshliq" — "xoʻjayin"lar bilan muzokaralar olib boradi, oʻzi deyarli ishlamaydi, ruschani bilmaydigan yoshlardan iborat "jamoa"ni nazorat qiladi xolos.

Chelyabinsklik olima Anastasiya Magnitova menga quyidagi raqamlarni aytdi. Oʻzbekistonda etnik ruslar soni 1 millionga yaqin kishini tashkil etadi, rus tilini u yoki bu darajada biladiganlar esa 10 milliondan oshiq.

Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi qonuni rus tilidan keng foydalanish imkonini beradi. Oʻsha qonunda muayyan millat vakillari zich yashaydigan joylarda mazkur millat tilida taʼlim olish mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Ruslar uchun Toshkent shahri va viloyati, Fargʻona vodiysidagi ayrim aholi maskanlari ana shunday joylar hisoblanadi.

Mamlakatda rus tilida qator gazeta va jurnallar nashr etiladi, davlat tele va radiokanallarida hamda xususiy radiostantsiyalarda qisman rus tilida koʻrsatuv va eshittirishlar beriladi. Rus tilidan koʻchadagi reklama vositalarida, ayniqsa barcha reklamalarning 30%i rus tilidan boʻlgan Toshkent shahrida koʻp foydalaniladi. Biroq Rossiya televideniyesi faqatgina kabelli xizmat koʻrsatuvchi mahalliy provayderlar tomonidan taqdim etiladi.

Respublikada taʼlim rus tilida olib boriladigan maktablar faoliyat koʻrsatadi. Eskirgan maʼlumotlarga qaraganda, rus tilida taʼlim oluvchilar soni 350 ming kishini tashkil qilgan. Lekin agar mehnat migratsiyasi masalalarini tartibga solish rejasi amalga oshsa hamda MDH doirasida taʼlim jarayonlari kengayadigan boʻlsa, rus tilini oʻrganishni istovchi oʻzbekistonlik yoshlar soni oshadi.

Demak, Shavkat Mirziyoyevning muhim strategik vazifasi "Markaziy Osiyoni sotish" emas, balki rus tili oʻqituvchilari sonini oshirish uchun mahalliy kadrlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻlib chiqmoqda. Isteʼdodlarga boy Oʻzbekistonda mazkur geosiyosiy loyihada ishtirok etishni istaydiganlar koʻplab topilishiga esa ishonchim komil.

Asosiy mavzular