10:57 23 Avgust 2017
Efir
Oʻzbekiston bolalari

Yoshlar va jinoyatchilik: Prezident koʻtargan muammoga yechim qidirib...

© Flickr / Steve Evans
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
69652

"2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasi"da koʻplab muhim masalalar qatori yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratilgan

TOSHKENT, 31 mar — Sputnik. Xoʻsh, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish uchun nimalar qilish kerak? Eng avvalo, nasihatlarni kamaytirish lozim boʻladi, degan fikrdaman. Chunki bugun axborotlar ummonida yashayotgan yoshlarga "yaxshi boʻlsang yaxshi boʻladi, yomon boʻlsang – yomon", degan maʼnodagi nasihatlarning qizigʻi kam. Nafaqat kam, balki ularning jigʻiga tegib, teskarisini qilishga undaydi.

Buning uchun, avvalo, ularni jinoyat  qilishga undaydigan sabablar, holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish kerak.

Yoshlar oʻziga xos joʻshqinlik bilan oʻzini namoyon etishni, orzulariga juda tez va oson erishishni istaydi. Ular kutishni yoqtirishmaydi. Sabr-qanoat faqat keksalarga xos. Yoshlar orasidagi jinoyatlarning ildizini ham xuddi shu jihatlardan qidirishga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan berib borilayotgan axborotlardan xulosa qiladigan boʻlsak, bugun yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sarasiga – oʻgʻrilik, talonchilik, bosqinchilik kiradi. Bularning esa tagzaminida mulkiy manfaatdorlik yotadi. Mulkiy muammolarni – birovlarning burnini qonatish hisobiga hal etishga intilish esa kishining maʼnaviy qashshoqligini anglatadi. Bekorga yuqorida qayd etib oʻtilgan Harakatlar strategiyasida yoshlarning maʼnaviyatini oshirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani yoʻq.

Yoshlarning bugungi kunda eng ojiz jihatlaridan biri bu — buyumga sigʻinish. Bu holat nafaqat yoshlar oʻrtasida, balki barcha avlodlarda ham mavjud, lekin yoshlar muammoni oʻz bilganicha hal etishadi-da.

Eʼtibor qaratilsa, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan har uch-toʻrt jinoyatning birini qoʻl telefoni va shunga oʻxshash zamonaviy jihozlarga egalik qilish uchun urinishlar tashkil etadi. Bu nafaqat ushbu jihozlarning bozori chaqqonligidan, balki yoshlarning ularga mukkasidan ketishi sababli ham.

Maʼlumki, maʼnaviy qashshoqlikning oʻrnini toʻldirish uchun juda katta boylik  kerak boʻladi. Shundayam uning toʻlishi gumon.
Yoshlarning maʼnaviy dunyosini boyitish masalasiga "2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi"da jiddiy eʼtibor qaratilgan. Bu kitob oʻqishni targʻib qilish, sanʼatni rivojlantirish, yoshlarning iqtidorini namoyon etish imkoniyatlarni yaratish, sportni rivojlantirish, ular oʻrtasida har xil tanlovlar, musobaqalar oʻtkazish kabi masalalar.

Dasturda belgilangan tadbirlarning toʻliq amalga oshirilishi soʻzsiz ijobiy natijalarga olib keladi. Biroq, adabiyot, sanʼatning tarbiyaviy ahamiyatiga haddan ortiq berilib ketish va ularni faqat shu mezonlar orqaligini baholash oxir oqibatda yoshlarda ularga boʻlgan qiziqishni soʻnishiga, hech boʻlmaganda rasmiy va norasmiy sohalarga boʻlinib ketishiga olib kelishi mumkin.

Yoshlar nasihatni, ortiqcha ezmalikni yoqtirmaydi. Ularga yangilik, joʻshqinlik, oʻziga xoslik kerak. Adabiyot, sanʼatda nasihatga urgʻu beraverish yoshlarning ulardan sovishiga olib keladi. Bugungi kunda jamiyat hayotida buni koʻrish, ilgʻash qiyin emas. Deylik, davlat tomonidan maʼqullanadigan adabiyot deyardi oʻqilmaydi, davlat mablagʻlariga ishlanadigan filmlarning tomoshabini yoʻq. Ijodkorlar esa odamlarning aqliy salohiyatidan, sanʼatni, adabiyotni tushunmasligidan nolishdan oʻzgasiga yaramaydi. Shunday, rasmiy adabiyot, sanʼat xalqdan uzilib qolagan. Ular yoshlarni oʻz ortidan ergashtirolmaydi. Yoshlar kompyuter oʻyinlari, qoʻl telefoni va shunga oʻxshash narsalarning quliga aylanib qolgan.

Albatta, har qanday davlatda ham ommaviy oʻqiladigan yengil adabiyot va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan jiddiy adabiyot boʻladi. Davlat yengil yelpi asarlar, koʻrinishlarni qoʻllashi kerak ham emas.

Bir vaqtning oʻzida rasmiy sanʼat va adabiyot bilan davlat qoʻllaydigan sanʼat va adabiyot oʻrtasida ham jiddiy uzilish boʻlishi maʼqul emas.

Bizning asrni bemalol "reklama asri" deyish mumkin. Davlat tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlarning haqqoniyligini taʼminlash, ularda iqtidorlilargina ishtirok etishi va gʻolib boʻlishi yoshlar ongida adolatga, haqiqatga boʻlgan ishonchni shubhasiz oshiradi. Yoshlar har qanday holatda jiddiy va tezlik bilan munosabat bildiradi.

Bir vaqtning oʻzida yoshlarga romantika kerak. Hatto, kompyuter oʻyinlaridan boʻshamaydian yoshlar ham romantika tarafdori. Ular, albatta oʻqishni, oʻrganishni xohlaydi. Shuning uchun ham internet orqali boʻlar-boʻlmas narsalar, bir-birlarining yarim-chala yozishmalarini mutolaa qiladi.

Rasmiy nashrlar, omaviy axborot vositalari esa jamiyatning kitob oʻqiydigan qismini va oʻqilayotgan adabiyotni masxara qilish, yerga urish bilan ovora. Albatta, ular sanʼat asari darajasida bitilgan asarlar emasdir, lekin hammani birday "aqlli kitob"larni oʻqishga majburlab boʻlmaydi, buning keragi ham yoʻq. Inson badiiy asarni aqlli boʻlish uchun oʻqimaydi, balki koʻngil xotirjamligi, ruhiy toʻlqinlanish uchun mutolaa qiladi.

Yana bir jihat —  yoshlarni mutolaaga qaytaramiz deb koʻp urinishlar qilyapmiz. Koʻpchiligimiz, ular elektron kitoblar oʻqiyapti, deb xursand boʻlyapmiz ham. Aslida esa bu bilan biz oʻzimizni, yoshlar esa bizni aldamoqda, xolos.

Toʻgʻri, internetdan ilmiy asarlar olish, koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlish mumkin. Bundan oʻqishga kirmoqchi boʻlgan, ilm egalamoqchi boʻlgan yoshlar oqilona foydalanmoqda. Lekin badiiy adabiyotni elektron koʻrinishda oʻqib boʻlmaydi. Chunki hozirgina oʻyin oʻynagan, zavq bilan rangli soqachalarni har yoqqa sochib, ularni yoʻq qilib oʻtirgan ekrandan "Oʻtgan kunlar"ni oʻqish kishiga qanchalik zavq bagʻishlashi mumkin!? Asardagi his-tuygʻu, hayajon qanchalik oʻquvchi ongiga yetib borishi mumkin?

Kitob esa unday emas. U butunicha bir voqea-hodisaga bagʻishlangan. Uni qoʻlga olib faqat oʻsha voqeanigina tasavvur qilasiz, his etasiz.

Yoshlarimiz badiiy asarni ham maʼlumot olish uchungina oʻqishi, ulardan zavq olmay qoʻyganini ularni elektron holda oʻqish mumkin, degan gaplaridan ham bilsa boʻladi.

Badiiy adabiyot maʼlumot olish uchun emas, balki estetik zavq uchun oʻqiladi. Badiiy adabiyot sanʼat, xususan, kino, teatr, tasviriy sanʼatdan shunisi bilan farq qiladiki, undagi voqea-hoisalar bevosita inson ongida, uning koʻnglida yuz beradi. Badiiy asarni oʻquvchi oʻz xohlaganicha tasavvur qiladi, sahnalashtiradi va uning ichida yashaydi.

Yoshlar ishlashni xohlaydi, ular kelajakka ishonishi kerak. Bugungi kunda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosat esa aynan shunga yoʻnaltirilgan – arzon uylar qurish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, tadbirkorlikka keng yoʻl ochib, buning uchun kreditlar ajratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni hamma koʻrib, bilib turibdi.

Albatta, jazoning muqarrarligi degan tushuncha bor. Har qanay jinoyat jazosiz qolmasa, ularning soni kamayadi. Lekin bu insonlarni qoʻrquv orqali jinoyat qilishdan toʻxtatish demakdir. Jinoyatning oldini olishning eng maʼqul usuli — bu fuqaroning ongi, maʼnaviyatini oshirish orqali erishish.  Odamlar qanchonki ongli tarzda jinoyat qilishdan qochsa, shundagina jinoyachilikning haqiqatan kamayishiga erishish mumkin.

Albatta, shukr qilish kerak, hozir Oʻzbekiston koʻchalarida boshqa mamlakatlardagi kabi kechalari yurishdan hech kim choʻchimaydi, Oʻzbekiston jahondagi eng tinch va xotirjam mamlakatlar sarasiga kiradi. Biroq bu shunday bir sohaki, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolib boʻlmaydi. Vaziyat juda tez oʻzgarib ketishi mumkin.

Teglar:
"Harakatlar strategiyasi", jinoyatchilik, mutolaa, Yoshlar siyosati, IIV, Oʻzbekiston

Asosiy mavzular