18:30 23 Oktyabr 2017
Efir
Boshlovchi

Tele-jurnalistika kamchiligi haqida bir chimdim

© Telekanal UZREPORT TV
Analitika
Havola olish
2354201

Ayni vaqtda, Oʻzbekistondagi OAVlarida chop etilayotgan, teleradio tizimida efirga uzatilayotgan materiallarda, jamiyatning ogʻriqlarisiz, hech kimning xayrihohligi yoki gʻazabiga sabab boʻlmaydigan yumshoqqina materiallar eʼlon qilimoqdaki, bu haqli ravishda ommani oʻylantiradi..

TOSHKENT, 3 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-mart kuni video-muloqoti chogʻida Milliy teleradokompaniyasi faoliyatiga "Axborot" va "Davr" informatsion dasturlaridan kelib chiqib aytgan tanqidiy fikrlari Oʻzbekiston jurnalistlari orasida keng muhokama qilinmoqda.

Bu tanqidiy fikrlar nafaqat Oʻzbekiston MTRK, shuningdek, bosma va internet nashrlarga ham birdek daxldorligi bilan ahamiyatli. Jahonda informatsion xuruj avjida boʻlgan bir vaqtda ommaga haqqoniy voqelikni toʻliq aks ettira oladigan tezkor axborot juda zarur. Va bu OAV xodimlarining bosh vazifasi boʻlmogʻi, ular esa oʻz navbatida har bir voqeani xolis nuqtai nazar bilan yoritmogʻi shart.

Lekin, ayni vaqtda, Oʻzbekistondagi barcha matbuot nashrlarida chop etilayotgan, teleradio tizimida efirga uzatilayotgan materiallarda, jamiyatning ogʻriqlarisiz, silliqqina, hech kimning xayrihohligi yoki gʻazabiga sabab boʻlmaydigan yumshoqqina materiallar eʼlon qilimoqdaki, bu haqli ravishda ommani oʻylantiradi. Boshqa matbuotga murojaat qilishiga sababchi boʻladi.

2017 yilda Oʻzbekistonda 800dan ziyod davriy nashrlar roʻyxatga olingan. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining moddiy texnika bazasini yangilash, dasturlar sifatini tubdan yaxshilashga yoʻnaltirilgan islohot davom etmoqda.

Yaqinda Oʻzbekiston MTRK raisi yangilandi va teleradiomahsulotlar sifatining tubdan yaxshilanishi kutilmoqda. Yangilanishlar arafasida mamlakat rahbarining bu tanqidiy fikrlari MTRK faoliyatini tubdan yaxshilashga xizmat qilsa ajab emas. Xoʻsh, buning uchun nima qilish kerak?

Nazarimizda, buning uchun "mahalliylik"ka ruju qilmay kadrlar siyosatini joy-joyiga qoʻyish, "ura-urachilik", "oʻziboʻlarlik" va "loqaydlik"ka barham berish kerak. Aks holda oʻzbek tomoshabinining "jannat"dan tayyorlanayotgan biryoqlama teledasturlarga, informatsion koʻrsatuvlariga eʼtiborini qaratish oson boʻlmaydi.

Oʻzbekiston prezidentining bunday keskin noroziligiga nima sabab boʻlgan? Oʻz.MRTKda "ura-urachilik"ning yuzaga kelishining ichki sabablari nimalardan iborat?

Oʻzbekiston MTRKda bir necha yildan buyon faoliyat yuritayotgan, tajribali jurnalistlardan biri bu savolga quyidagicha javob berdi: "…bunga Oʻz.MRTK dasturlarida tayyorlab efirga uzatilayotgan koʻrsatuvlar va informatsion dasturlar sifatining boʻshligi, ularda koʻtarilayotgan mavzularning tomoshabin uchun qiziqarsiz va bir yoqlama ekani ham sabab boʻlmoqda".

Suhbatdoshning aytishicha, "Oʻzbekiston" telekanali "Axborot" informatsion dasturining barcha sonidan oʻrin oladigan lavha va reportajlar tegishli idora mutaxassislari koʻrigidan soʻng, idora maʼqul topgan tarzda efirga uzatiladi. Barcha huquq-tartibot organlari: sud, prokuratura, IIV, Adliya vazirligi, Davlat Bojxona qoʻmitasi va shu kabi ahamiyatga molik tashkilotlar muxbirlar tayyorlagan lavhalarda tanqid oʻtib ketmasligini tekshirib, "tepadan gap eshitmaydigan" qilganidan keyin efirga uzatiladi. Jurnalist oʻz soʻziga ega boʻlmagan joyda xolis material tayyorlashning imkoni boʻlmaydi!"

"Sohadagi bu "ura-urachilik"dan qanday qutulsa boʻladi? Nima qilsa yoki qanday yondashilsa, eskicha fikrlash barham topadi?", — degan savolga manba: "Buning uchun birinchi navbatda har bir koʻrsatuv va eshittirishning formatini oʻzgartirish kerak. Unga qoʻyiladigan talablarda erkin fikrni qoʻllab-quvvatlash, xalq va Vatan manfaatlariga, inson taqdiriga befarq boʻlmaslik, murosasizlik kabi xususiyatlar ustuvorlik qilishi kerak", — deya javob qildi.

Manbaning soʻzlariga qaraganda, jurnalist kadrlarni ishga qabul qilishda tanish-bilishchilik, qarindosh-urugʻchilik, mahalliychilik kabi illatlar ham telekoʻrsatuvlarning sifatsiz, xom-xatala tarzda tayyorlanishiga, shu holda efirga uzatilishiga sabab boʻlmoqda.

"Qalam egasi boʻlmagan, tanish-bilish orqasidan oʻrnashib qolgan, aslida jurnalistikadan judayam yiroq boʻlganlardan voz kechish kerak. Har bir lavha qanday mazmunda koʻrinishidan qatʼiy nazar shaklan bir xil, gʻoyaviy jihati juda boʻsh. Bu hol informatsion koʻrsatuvlarda yaqqolroq gavdalanadi. Informatsion koʻrsatuvlardagi lavhalarni sodda tilda, xalq uchun yoki yuqori uchun manfaatli materiallarga ajratish mumkin. Korxona va tashkilotlardan tayyorlanayotgan reportajlarda hisobot va "shu tadbirni oʻtkazishdan maqsad…" degan jumladan boshqa hech narsa yoʻq…

Bu kabi zerikarli, 10-15 minut ichida boshlanib-tugaydigan, uch pulga arzimas majlislarda ogʻiz koʻpirtirib maqtanishdan boshqa narsani bilmaydigan tashkilotchilarning uzuq-yuluq gaplarini uyoq-buyogʻini bejab, efirga berishni bas qilish lozim. Kadrlarni ishga olish va kasbiy mahoratiga koʻra koʻrsatuvlar joy-joyiga qoʻyishda ichki muammolar mavjud", — deya qoʻshimcha qildi suhbatdosh.

"Oʻzbekiston OAVida toʻrachilik, yuqoridan turib jurnalistga bosim oʻtkazishga, haqiqatparast jurnalistlarning taʼqib qilinishiga, ayrim hollarda esa sudning ayblov hukmisiz — qarorisiz muxbirni "aybsiz — aybdor" qilib ishdan haydash holatlariga barham berilmas ekan, yosh mutaxassislar ham maqola va reportajlarini "piligini koʻtarib yozish" oʻrniga miltirab — moʻltirab yozishdan nariga oʻtmaydi.

Bu esa oʻz navbatida, yuqoridagi fikrlarning shakllanishiga, xalqning esa oʻz matbuotidan yuz oʻgirib, boshqa kanallarni koʻrishiga sabab boʻladi", — deya oʻz fikriga yakun yasadi suhbatdosh.

Asosiy mavzular