14:41 24 May 2017
Efir
Polzovatel za rabotoy

Oʻzbekistonliklar oʻz vatandoshlarining terrorchi ekanliklariga ishonmaydilar

© Startup Stockphotos
Analitika
Havola olish
55931

Oʻtgan haftada Oʻzbekistonning ikki fuqarosi Stokgolm va Sankt-Peterburgdagi terrorchilik hujumlariga aloqador ekanliklari haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlardagi oʻzbek guruhlarini larzaga keltirdi

TOSHKENT, 11 apr — Sputnik. Sputnik Oʻzbekiston muxbirining maʼlum qilishicha, foydalanuvchilarning aksariyati Oʻzbekiston fuqarolari ushbu jinoyatlarga aloqador ekanliklariga ishonishmayapti hamda buning xato boʻlib chiqishiga umid qilishmoqda. Shu bilan birga ularning koʻpchiligi terrorizmning millati yoʻq ekanligini va bu mudhish jinoyatlarni amalga oshirganlar biror davlat yoki millatga mansub emasliklarini, ular insoniyligini yoʻqotgan kimsalar ekanligini taʼkidlashmoqda.

"Oʻzbekistonliklar, igʻvogarliklarga berilmang!!! Biz baribir ahil yashaymiz! Biroq yaqinlaringizni kuzatib yuring, ularning terrorizm yoʻliga kirib qolishlariga imkon bermang! Ana shunday adashganlarni deb butun mamlakat shaʼniga dogʻ tushmoqda", — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

"Terrorning millati yoʻq. Qoʻrquvga tushmoqdamiz. Yoshlar nega bunchalik qahri qattiq boʻlib ketishmoqda. Aqlga sigʻdirish qiyin va bu juda dahshatli", — deb yozadi yana bir oʻzbekistonlik foydalanuvchi.

"Oʻz xalqiga xoinlik qilib qotillik yoʻlini tanlash ularning vijdoniga havola! Lekin ularning oʻzbek xalqiga hech qanday aloqasi yoʻq!", — deydi uchinchi foydalanuvchi.

AQShning Suriyaga nisbatan harakatlaridan soʻng ayrim oʻzbekistonliklar oʻz vatandoshlarining boshqa mamlakatlardagi terrorchilik harakatlariga aloqadorliklari sababli respublikaga sanktsiyalar kiritilmaydimi, degan savolni berishmoqda.

"Albatta, oʻz vatandoshlaring haqida yomon va sharmandali soʻzlarni eshitging kelmaydi, lekin dunyo oʻzgardi, terrorizm zamonaviy urushga aylandi. Mamlakat taqdiri uchun xavotirlana boshlaysan. Agarda bularning bari ataylabdan uyuushtirilayotgan va bizning tinch davlatimizga nisbatan harbiy choralar koʻrishni istashayotgan boʻlishsa-chi? Xuddi bugungidek musaffo osmon ostida tinch yashashni istaymiz. Doʻstlar, igʻvogarliklarga yoʻl qoʻymang", — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

"Amerikaliklarning siyosati sababli mamlakatimizning Rossiyaga yaqinlashuvi yoʻlida mana shunday toʻsiqlar paydo boʻladi: maqsad — vatanimiz obroʻsini tushirish va tashqi dunyodan ajratish", — deydi boshqa bir foydalanuvchi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar butun sobiq ittifoq respublikalarida taʼlim tizimi darajasi tushib ketganligini qayd etishgan. Aynan mana shu narsa terrorchilar paydo boʻlishiga sabab boʻlmoqda, deydi ular.

"Bularning barchasi savodsizlikdan! Oʻtgan 25 yil ichida qancha yoshlarni qoʻyib yubordik! Hamma joyda, faqat bizdagina emas. Yaxshi taʼlim tizimini parchaladik. Hamma narsa pul bilan oʻlchanadi! Bilimsiz insonlardan mutaassiblarni yetishtirish juda oson. Ayniqsa pul berishni vaʼda qilib!", — deb yozadi oʻzbekistonlik foydalanuvchi.

Umuman, izohlar minglab topiladi, mulohazalar turli-tuman. Eng yomoni, mana shu munozaralarda ham bir-birlariga nisbatan hurmat saqlanmayotganligi. Butun dunyoga tarqalib borayotgan bu illatni bartaraf etish insoniyatning muhim vazifasiga aylanmoqda.

Asosiy mavzular