15:28 25 Iyun 2017
Efir
Ekspert Rossiyskogo instituta strategicheskix issledovaniy Igor Nikolaychuk

Doʻppi kiygan terrorchilar yoki IDning ini qayerda

© Facebook
Analitika
Havola olish
1954101

Jahon terrorizmi Markaziy Osiyoga in qurib olgani haqidagi gap-soʻzlarga ishonish mumkinmi? Bu haqda Sputnik Oʻzbekiston eksperti mushohada yuritadi

Igor Nikolaychuk, siyosatshunos, mediaekspert — Sputnik uchun maxsus

Keyingi vaqtda Rossiya va xorij OAVlarida Markaziy Osiyo mamlakatlarini terrorizm balosini tarqatuvchi, bu illat mehnat migrantlari qiyofasida butun dunyoga va birinchi oʻrinda Rossiyaga tarqalayotgani haqida yozish modaga aylanmoqda. Buning ustiga ana shu Markaziy osiyolik terrorchilarni shusiz ham yaxshigina reklama qilingan ID tashkilotiga albatta aloqador etib koʻrsatishmoqda.

Menimcha, bu haqiqiy vaziyatga mutlaqo mos kelmaydi. Keling, nima uchunligini mushohada qilib koʻramiz.

ISHIDdan boshlay qolaylik. Morfologik jihatdan ushbu tashkilotga anchagina sifatli nom tanlangan. Ammo tipologik jihatdan, yaʼni ISHIDning batafsil tuzilmasi bayoni mavjud emas —u yo tarmoqlangan davlat yoki davlatsimon tarmoq. Lekin bir narsa aniq — uning jangarilari asosini Iroq va ushbu mintaqadagi davlatlar aholisi tashkil etadi. Rahbarlarining puli anchagina yetarli. Ular pulni qayerdan olishlari nomaʼlum, lekin pullari bor! Bu pullarga ular jangari yollashadi.

Yaqindagina Rossiya prezidenti Vladimir Putin ISHID safida Markaziy Osiyodan "besh ming" nafar jangari borligini aytdi (bizningcha Afgʻoniston ham inobatga olingan). Lekin ular hudkush-terrorchilar emas, ular oʻz jonlarining qadriga yetadigan professionallar. Ulardan katta tahdid kutish mumkin, lekin faqat ular ishsiz qolishganida — uylariga qaytib vaziyatni izdan chiqarishlari mumkin. Boshqacha aytganda, diniy ahkomlarni oʻrnatish bahonasida aholini talashlari mumkin. Lekin shahid belbogʻini taqishlariga ishonish qiyin.

Darvoqe, yaqindagina Donald Tramp Iordaniya qiroli Abdallo II bilan Oq Uyda oʻtkazilgan matbuot anjumanida ittifoqchilari bilan birgalikda "Islom davlati"ni yoʻq qilib tashlashga katta vaʼda berdi. Bundan bir yarim yil ilgari Qoʻshma Shtatlarning avvalgi prezidenti Barak Obama ham xuddi shunday deb taʼkidlagandi. Kongressmenlarning u insoniyat uchun bunday foydali loyihani qanday amalga oshirishi mumkinligi haqidagi savolga Obama qadimgi rimliklardek ochiqchasiga: "Bilmayman. Pentagonga bizga gʻalaba keltiruvchi strategiyani ishlab chiqish topshirigʻini berdim. Harbiylarga ushbu rejani ishlab chiqish uchun bir yil muhlat berdim. Ular rejani koʻrsatishlari bilan men bu haqda Kongressni xabardor qilaman!" deb javob qaytargandi.

Reja esa, tushunishimizcha, haligacha yoʻq, Donald Fred Tramp esa dastlab terrorchilarni emas, balki Suriya hukumat qoʻshinlarini yoʻq qilishga qaror qildi. Shunday ekan, yollanma jangarilar hali-beri uylariga qaytishmaydi.

Toʻgʻri, Milliy antiterror qoʻmitasi rahbari Aleksandr Bortnikovning bayonoticha: "Olingan maʼlumotlar tahlili natijalariga koʻra, terrorchilik guruhlarining asosini Rossiyaga mehnat migratsiyasi oqimida kelgan MDH fuqarolari tashkil etadi. Rossiyaga kelgach, bu shaxslar migrantlar orasida faol targʻibot olib borib, terakt ijrochilariga aylantirishadi".

Bu yerda, yumshoq qilib aytadigan boʻlsak, oshirib yuborilgan. Terrorchilik guruhlari yoki ISHID — bularning orasida farq bor. ISHID Rossiya hududida amalga oshirilgan terrorchilik harakatini faqatgina 2015 yil 29 dekabrda ilk marta oʻz zimmasiga olgan. Oʻshanda bir guruh terrorchilar Derbentda turistlarni avtomatdan oʻqqa tutishgandi. Buning oqibatida bir kishi halok boʻlgan va 11 kishi jarohatlangandi. Terakt uchun javobgarlikni ISHID rahbariyati zimmasiga oldi. Hattoki bu rostdan ham "Islom davlati fuqarolari"ning ishi boʻlsa-da, Dogʻistonga tish-tirnogʻigacha qurollangan migrantlarning kirib kelishganini tasavvur qilishning imkoni yoʻq.

Oʻz-oʻzidan kelib chiqadiki, bu mahalliy terrorchilarning ishi boʻlgan.

Nihoyat, Peterburg metrosida 3 aprel kuni terakt sodir etgan yana bir mashhur "Qirgʻizistonda tugʻilgan, Rossiya fuqarosi, etnik oʻzbek" Akbarjon Jalilov haqida. Tergov ishlari hali tugagani yoʻq, lekin jurnalistlar uning ISHIDning "uxlayotgan boʻgʻini" aʼzosi boʻlishi mumkinligi haqida bong ura boshlashdi.

Tergov hamda uning sheriklari ustidan sud yakunlanishini kutamiz. Lekin tarixning koʻrsatishicha, yillar davomida oʻlimini kutishga shay ruhan tayyorlangan hudkushlarga ega "uxlayotgan boʻgʻinlar" dohiyona "miya"ga ega boʻlgan oʻta jiddiy va professional tashkilotlargagina xosdir. ISHIDga esa bunday deb qarash qiyin.

Darvoqe, Jalilov hozircha butun Rossiya imperiyasi, SSSR va Rossiya Federatsiyasi tarixidagi Markaziy Osiyo bilan bogʻlash mumkin boʻlgan yagona hudkush terrorchidir.

Ehtimol, Bortnikov migrantlarni Rossiyada ISHID safiga jalb qilish, yaʼni ularni yollanma qotilga aylantirish osonligini nazarda tutgandir? Bu esa haqiqatga yaqin. Migrantlarga pul kerak. Ular pul topish uchun kelishadi. Rossiyada ular ustidan nazorat oʻz vatanlaridagichalik kuchli emas. Lekin bu butunlay boshqa masala.

Yana Qirgʻizistondagi diniy maydon xususiyatlari haqida koʻp yozishadi — u yerda madrasalar koʻp, shuning uchun islom dini keng targʻib qilinadi. Ehtimol, ekstremistik qarashlar ham.

Amerikaning Bulan-instituti maʼlumotiga qaraganda, aholisi 30 milliondan ortiq boʻlgan Oʻzbekistonda bitta islom universiteti va toʻqqizta madrasa faoliyat koʻrsatadi. Aholisi atigi 6 million boʻlgan kichkinagina Qirgʻizistonda esa 112ta diniy taʼlim muassasasi, xususan, 102 madrasa bor. Institutning qayd etishicha, bu muassasalarga xususiy tadbirkorlar, xorij fondlari homiylik qiladi, Qirgʻiziston hukumati esa "oʻquv kurslari" mazmunini nazorat qilishdan chekinib olgan. Qoʻshni mamlakatlarda esa mazkur soha davlat tomonidan nazorat qilinadi.

Keling, nihoyat Markaziy Osiyo mamlakatlarining terrorizm bilan "zararlanish reytingi"ni koʻrib chiqamiz. 2016 yil oxirida Amerikaning iqtisodiyot va tinchlik instituti 2015 yilgi global terrorizm yillik indeksini eʼlon qildi. Qayd etish kerakki, ISHID 2015 yilda eng xavfli guruh boʻlgan: ular dunyoning 11 mamlakatida 6141 kishining oʻlimiga javobgarlikni oʻz zimmalariga olishgan.

Shunday qilib, reytingning birinchi oʻrnini Iroq egallagan. Rossiya ushbu roʻyxatda 30-oʻrinda. Frantsiya, Buyuk Britaniya, AQSH ham shu atrofda. Endi esa Markaziy Osiyo: Tojikiston — 56-oʻrin, Qirgʻiziston — 84-, Qozogʻiston — 94-, Oʻzbekiston — 117-oʻrindan joy olgan. Turkmaniston esa terrorizm balosidan xoli bir necha davlatlar safiga kirgan.

Asosiy mavzular