03:24 15 Dekabr 2017
Efir
Politolog Gevorg Mirzayan

Migrantlarga nisbatan qanday yoʻl tutish kerak?

Sputnik
Analitika
Havola olish
67210

Gevorg Mirzayan, RF hukumati qoshidagi Moliya universiteti siyosatshunoslik boʻlimi dotsenti -Sputnik uchun maxsus

Piter metrosidagi teraktlar Rossiya jamiyatiga Markaziy Osiyodan kelgan qonuniy va noqonuniy migrantlar tomonidan kelib chiqadigan muammolarni koʻrsatib berdi. Shuningdek, bu muammolarni hal qilishning qiyinligini ham.

Yana

FXX (FSB) Peterburg terakti yuzasidan qidiruvlarni davom ettirmoqda. Kuni kecha ular taxminiy tashkilotchi — goʻyoki Akbarjon Jalilovni hudkushlikka tayyorlagan Abror Azimovni qoʻlga oldilar. Gap Markaziy osiyoliklarning yashirin guruhi haqida bormoqda.

Bu fosh etilgan ilk yashirin guruh emas. Moskva viloyatida "GTA bandasi" ishi boʻyicha olib borilgan tadbirlarda yana bir guruh zararsizlantirilgani yodimizda — uning tarkibida ham Markaziy osiyoliklar bor edi. Rossiyalik ekspertlarning aytishlaricha, Rossiyada Markaziy Osiyodagi barcha terrorchilik guruhlarining shoxobchalari mavjud. Va ularga Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻizistondan Rossiyaga kelgan gastarbayterlar aʼzo hisoblanadi.

Begona jamiyatga kelgan vaqtdagi ruhiy zoʻriqish, ijtimoiy oʻrnini topa olmaslik, himoyalanmaganlik hissi ularning diniy targʻibotga oson berilishiga sabab boʻladi. Hozirda Rossiyada bu muammoni qanday hal qilish borasida bahs-munozara avjiga chiqqan. Ayrim qiziqqonlar muammoni hal qilishning keskin va bir qarashda toʻgʻridek koʻrinuvchi usulini taklif qilishmoqda. Birinchidan, Rossiyadan bir necha million noqonuniy migrantlarni hamda unchalik muhim deb hisoblanmagan bir qism qonuniy migrantlarni chiqarib yuborish. Ikkinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilish.

Biroq bir qarashda toʻgʻridek koʻringan bu choralar Rossiya duch kelgan muammo uchun yechim emas. Buning ustiga, bu choralar yangi, yanada xavfli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Kulrangdan oq sxemaga oʻtish

Rossiyadan noqonuniy va qonuniy mehnat migrantlarini chiqarib yuborish ularning mehnatiga tayanuvchi qator sohalardan iborat Rossiya iqtisodiyoti uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ha, ayrim hududlarda Markaziy osiyolik migrantlar oʻrniga rossiyaliklarni ishlatish boʻyicha tajribalar qoʻllanmoqda, lekin bu sanoqli holat. Rossiya mintaqalaridagi gastarbayterlarni toʻlaligicha mahalliy aholi bilan almashtirish uchun kompleks va uzoq muddatga moʻljallangan dasturni (masalan, ular uchun arzon uylar bozorini tashkil etish) amalga oshirish darkor. Bunday dastur hozircha yoʻq ekan, gastarbayterlardan voz kechishning imkoni yoʻq.

Qonunbuzilishi uchun jazoni kuchaytirish va migratsiya qonunchiligiga nafaqat migrantlar, balki ularni yollovchilarning ham amal qilishlarini qatʼiy nazorat ostiga olish samaraliroq boʻladi. Hech kimga sir emaski, rossiyalik tadbirkolarning aksariyati migrantlarni kulrang sxema boʻyicha, soliq toʻlamasdan va Mehnat kodeksiga amal qilmasdan ishga olishadi. Oqibatda bu migrantlar nafaqat soliq idorasidan chetda qolishadi, balki himoyasiz ham qolishadi (ularga oylab maosh toʻlamasliklari mumkin).

Masalan, Moskva halqa yoʻli va Yaroslavl shossesi kesishmasida "mardikor bozori" bor. U yerda shosse boʻylab kunlik mehnatga yollanuvchi Markaziy osiyoliklar turishadi.

Ular "xoʻjayin"larning suiisteʼmolliklaridan mutlaqo himoyalanishmagan — ularning aksariyatini yollovchilar shunchaki "otishadi". Huquqni muhofaza qiluvchilar buni bilishadi, lekin muammoni hal qilishmaydi, balki, migrantlar aytganidek, oʻzlari ham ularning mehnatidan foydalanishadi. Agar bu muammo hal qilinsa yoki hech boʻlmaganda ozgina tartibga solinsa, Rossiya iqtisodiyotiga ham yaxshi boʻladi va migrantlar ham ishli boʻlishadi.

Barchaning muammosi

Savol tugʻiladi — nima uchun ularni ishga joylashtirish kerak? Nega ularni uylariga qaytarib boʻlmaydi, mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirib boʻlmaydi? Chunki u yerda yetarlicha ish oʻrinlari yoʻq, lekin bu mahalliy hukumatning muammosi-ku axir.

Afsuski, mazkur vaziyatda mahalliy hukumatning muammosi Rossiyaning ham muammosi hisoblanadi. Agar Markaziy Osiyo respublikalaridan birortasida ijtimoiy portlash (agarda bu portlashni ekstremistlar boshlashsa) yuz bersa, domino tamoyili boʻyicha boshqa mamlakatlarda ham jiddiy muammolar paydo boʻladi: a) Rossiya hududiga millionlab qochoqlar oqib keladi va b) Rossiyaning biqinida "Somali" paydo boʻladi.

Rossiya Markaziy Osiyodagi samarasiz ichki siyosatning asiriga aylangan. Shuning uchun Kreml Markaziy Osiyodan koʻplab migrantlarni qabul qilishga tayyor.
Xususan, Vladimir Putin Tojikistonga tashrifi chogʻida ushbu mamlakatning arzimagan qoidabuzarliklar uchun Rossiyaga kirishi taqiqlangan fuqarolarini amnistiya qilishga vaʼda berdi. Gap taxminan 200 ming kishi — "talabalar va noqonuniy faoliyat yuritmagan fuqarolar toifasi" haqida bormoqda, deya tushuntirish berdi RF bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Igor Shuvalov.

Moskva albatta, bu muammoni nafaqat ortiqcha ish kuchini qabul qiluvchi rolida hal qilishi lozim, balki Markaziy Osiyo davlatlarini iqtisodiy islohotlarga boshlashi, iqtisodiyotni modernizatsiya va liberalizatsiya qilishda yordam berishi zarur. Bunda Kreml, maʼlum boʻlganidek, "rejim almashtirish" bilan shugʻullanmaydi, iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga siyosiy talablarni tiqishtirmaydi va oʻz hurmatini saqlaydi (shu sababli uchinchi dunyo mamlakatlari bilan munosabatlari muammosiz rivojlanadi).

Bu yerda albatta, murakkab strategik tanlov qabul qilishga toʻgʻri keladi.

Tanlov qabul qilinar ekan, Rossiya hukumati ham, Rossiya jamiyati ham va migrantlarning oʻzlari ham barcha uchun umumiy muammo — gastarbayterlarning diniy guruhlarga qoʻshilishini hech boʻlmasa kamaytirish boʻyicha qator choralarni koʻrishlariga toʻgʻri keladi.

Hukumat mehnat va migratsiya qonunchiligiga amal qilinishini nazorat qilishni kuchaytirish bilan birga gastarbayterlarning Rossiya jamiyatiga kirishib ketishlari boʻyicha choralarni qoʻllab-quvvatlashi lozim. Masalan, kelgan migrantlarni jamiyatga moslashtirish boʻyicha loyihalarni moliyalash, ularni Rossiya qonunchiligi bilan tanishtirish, dam olishlarini tashkillashtirish kabilar. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida yoshlarga rus tilini oʻrgatish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish.

Jamiyat esa oʻz yurtlarini tashlab pul topish uchun kelgan bu insonlarga doʻstona muhit yaratishda yordam berishi darkor. Hech boʻlmasa koʻchada tojikistonlik koʻcha supuruvchi bilan, ishxonada qirgʻiz farrosh bilan salomlashish lozim, har qanday turdagi kamsitishlar (masalan, "kvartira faqat slavyanlarga" berilishi haqidagi eʼlonlar uchun jarima solish)ga chek qoʻyish kerak.

Migrantlarning oʻzlari esa mehmonga kelganliklarini, ularning nafaqat uydagilar uchun ishlab pul topishlari, balki rossiyaliklarning vatandoshlariga nisbatan munosabatlari ularning Rossiyada oʻzlarini tutishlariga bogʻliqligini yodda tutishlari lozim.

Agarda hukumat, jamiyat va migrantlar muammolarni birgalikda hal qilsalar, bundan hamma manfaatdor boʻladi.
Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

Oʻzbekiston va jahondagi eng soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlishni istasangiz, Sputnik Oʻzbekistonning Telegram-kanaliga obuna boʻling.

Asosiy mavzular