02:05 29 Iyun 2017
Efir
Aleksandr Goroxov

Faqat ahmoqlargina Oʻzbekistonni "terrorizm uyasi" deyishi mumkin

© Flickr/ iz lichnogo arxiva Aleksandra Goroxova
Analitika
Havola olish
302580

Rossiya va jahonning boshqa mamlakatlarida sodir etilgan teraktlar u yoki bu tarzda Markaziy Osiyo davlatlari bilan, terrorchilarning millati esa Oʻzbekiston bilan bogʻlanmoqda. Biroq muammoning ildizi aslo bu mamlakatda emas, deb ishonadi Sputnik eksperti

Aleksandr Goroxov, tarixchi, publitsist —Sputnik Oʻzbekiston uchun

Dunyoni larzaga solgan uch terakt — Istanbulda yangi yil tunida 39 kishining otib oʻldirilishi, Sankt-Peterburg metrosidagi portlash va Stokgolmdagi fojialarda turli uslublarda qotillik uyushtirilgan boʻlishiga qaramasdan, ularning barini oʻzbeklar ijro etishgani bilan umumiylik kasb etadi. Va bu holat Rossiyada nafaqat sobiq SSSR aholisiga fuqarolik berishni yengillashtirishni bekor qilish, balki Markaziy osiyoliklar uchun RFga kirishni butunlay taqiqlashni talab qilish uchun zoʻr bahona boʻldi. "Qaynoq kalla"lilar shunday radikal usul orqali oʻzlarini goʻyoki musulmon ahli olib keluvchi terrorchilik tahdidlaridan himoyalashga umid qilishmoqda.

Tarix qonuniyatlari

Terrorizm tarixi xuddi urushlar tarixi kabi uzun. Mamlakatdagi vaziyatni aholining hayoti uchun xavf solish, vahima va hokimiyatga nisbatan noroziliklar orqali izdan chiqarish amaliyoti qonxoʻr qoʻshnilar, hokimiyat ilinjidagi mahalliy siyosatchilar va qanchalik qaygʻuli boʻlmasin, asrlardan buyon mavjud diniy ekstremistlar tomonidan qoʻllanib kelingan. Aksariyat dinlar insonlarni tinchlikka chaqirishiga qaramasdan, oʻz eʼtiqodlaridan boshqa eʼtiqodga mansub kishilarning nafaqat tinch yashashga, balki mutlaqo yashashga haqqi yoʻq deb hisoblovchilar hamisha topilgan va hozir ham bor.

Har qanday dinning mutaassiblari boʻlgan. Ular otashparast, tabiatparastlar davrida ham boʻlishgan, yakkaxudolik paydo boʻlganidan keyin ham yoʻqolmagan. Oʻz eʼtiqodi tantanasi uchun terrorchilik usullari orqali kurashuvchi mutaassiblar xristianlikda, islom va iudaizmda ham boʻlgan va hozir ham bor. 1940-yillarda Britaniyaning Falastindagi mustamlakachi maʼmuriyati ingliz askarlari kazarmalari va britan amaldorlari uylarini portlatuvchi kuchli yahudiy terrorchilar tashkiloti bilan toʻqnash kelgan. Assasinlar 100 foiz terrorchilik uslubidan foydalanishgan. Yahudiylarni yakson qilish hamda Yevropa va Rossiyada "boshqa dindagi"larni zoʻrlab choʻqintirish ham terror boʻlgan.

Bugun esa hammaning ogʻzida islom terrorizmi. Tan olish kerakki, hozirda bu haqiqatan ham terrorizmning ancha keng tarqalgan koʻrinishidir.

Uning kelib chiqishining obʼyektiv sabablari bor. Birinchidan, aksariyat musulmon mamlakatlarida yashash darajasi boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan ancha past. Islom dinining asosiy tamoyillaridan biri adolatga intilish boʻlganligi bois musulmonlar orasida radikal yoʻlboshchilar koʻrsatgan "adolatsizlik uchun qasos olish"ga tayyor insonlarni topish oson.

Ikkinchidan, islom dinida yoshi katta va bilimli insonlarga hamda ularning soʻzlariga ishonishadi.

Va birinchi navbatda, diniy bilim egalariga ishonish buyuriladi. Sobiq sovet respublikalarida sovet davridagi cheklovlar yoʻqolganidan soʻng diniy portlash paydo boʻlgan. Neofitlar (dinga yangi kirib kelganlar) esa maʼlumki, musulmon, pravoslav yoki yahudiy boʻlishidan qatʼi nazar, har doim radikal va mutaassib boʻlib kelishgan.

Oʻylamasdan ayblamang

Lekin faqat ahmoqlargina etnik oʻzbeklar ishtirokidagi uchta teraktga asoslanib Oʻzbekistonni "terrorizm uyasi" deyishlari mumkin. Oʻzbekiston hukumati terrorizm yoʻlini tutgan va dunyoning koʻplab mamlakatlarida terrorchilik tashkiloti sifatida tan olingan Oʻzbekiston islom harakati paydo boʻlganidan buyon uning mamlakat hududida joylashishga boʻlgan har qanday urinishlariga nisbatan keskin chora koʻrib keladi. 2015 yil boshida ISHIDga sodiqlik haqida qasamyod qilgan OʻIH tarkibida nafaqat oʻzbeklar, balki boshqa millatlar: arablar, pushtunlar va boshqalar bor. Nafaqat Oʻzbekiston, balki boshqa mamlakatlar, xususan Afgʻonistondan ham quvib chiqarilgan OʻIH Pokistonning shimoliy-gʻarbiy, hukumat deyarli nazorat qilmaydigan hududlaridan panoh topgan.

Bu Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham tegishli. Qirgʻiziston bir necha bor yakka teraktlardan tortib Oʻzbekiston bilan birgalikda aivazarbalar yordamida terrorchilar hujumlarini qaytarishiga toʻgʻri keldi. Tojikistondagi fuqarolar urushida terrorchi guruhlar, xususan OʻIH qatnashdi, mamlakat chegaralari esa muntazam ravishda hujumlarga duch keladi.

2016 yilda Turkmanistonning janubiy hududlari ISHIDchilar hujumiga uchradi. Qozogʻiston rasman Markaziy Osiyoga kirmasa-da, geografiyadan unchalik xabari boʻlmaganlar uni ushbu mintaqaga kiritishadi. Maqsadlaridan biri terrorizmga qarshi kurash boʻlgan SHHTning asoschilaridan boʻlgan bu davlat yovuz illatga qarshi kurashda faol qatnashmoqda.

Boshni qum ichiga tiqmaslik lozim

Maxsus xizmatlar vakillari Rossiya va MDH mamlakatlari chegaralarini kesib oʻtuvchilarga nisbatan daktiloskopiyani joriy etish qonuniy va noqonuniy migrantlarni nazorat qilishning samarali chorasi deb aytishmoqda.

Lekin islom terrorizmiga "tashqi", "olib kelinuvchi" tahdid sifatida qarab, chegaradagi choralarni kuchaytirish orqali undan saqlanish mumkin deya fikrlash notoʻgʻri. Rossiyaning oʻzida, turli hisob-kitoblarga qaraganda, 7 mlndan 8,5 mlngacha musulmonlar yashaydi. Mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari esa faqatgina Rossiya fuqarolaridan iborat terrorchi tashkilot va tarmoqlar fosh etilgani haqida muntazam ravishda xabar qilib turadi.

Muammo mavjud, buni Rossiyada ham, sobiq sovet musulmon mamlakatlarida ham hech kim inkor etmaydi. Va uni umumiy chegaralarni yopish bilan emas, balki uzoq va tirishqoqlik talab qiluvchi mehnat orqali hal qilish lozim. Jumladan, musulmonlar diniy boshqarmalari va milliy jamiyatlar mehnati orqali. Bunda islomning asosiy tamoyillaridan biri — kattalarga va diniy taʼlim olganlarga nisbatan hurmat tamoyilidan foydalaniladi.

Shuningdek, yetarli darajada oliy toifali ruhoniylarni tayyorlovchi milliy madrasalar tarmoqlarini joriy etish darkor. Xorijda taʼlim olgan koʻpchilik imomlar radikal qarashdagi ruhoniylarga aylanishi sir emas. Ular ijtimoiy tengsizlikni his qilayotgan yoshlarni oʻz dindoshlariga nisbatan nafratda boʻlishga va begunoh insonlarning hayotiga zomin boʻlishga yetaklashadi.

Terrorchi jannatga munosibmi?

Bir paytlar SSSR tarkibiga kirgan mamlakatlarning barcha musulmon diniy ulamolari terrorchilarning jinoyatchi ekanliklarini, terrorchilik harakati islom gʻoyasiga yot ekanligini taʼkidlashadi. Ehtimol, ularga dindan qaytganlardek munosabatda boʻlish kerakdir? Maqola boshida 1940-yillardagi Britaniya Falastinida yuz bergan yahudiy terrori toʻlqini haqida aytgandim. Inglizlar bu toʻlqinni tezda bartaraf etishgan. Ular terrorchilarning jasadlarini choʻchqa terisiga oʻrab terrorchining yaqinlariga topshirishgan.

Begunoh insonlarga nisbatan qonli jinoyat sodir etish bilan terrorchilar chin musulmonlar safidan chiqadilar. Terakt sodir etmoqchi boʻlgan har qanday inson bilib qoʻysinki, bu yoʻl orqali unga jannat eshiklari yopiladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farqlanishi mumkin.

Oʻzbekiston va jahondagi eng soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlishni istasangiz, Sputnik Oʻzbekistonning Telegram-kanaliga obuna boʻling.

Asosiy mavzular