11:07 23 Avgust 2017
Efir
Oʻzbek harbiylari favvora oldida

Favvoralar Temuriylar davrida urf boʻlganida, Yevropa xalqlari uchun bu yangilik boʻlgan

© Flikcr / Giorgio Montersino
Analitika
Havola olish
29120

Kuni kecha Oʻzbekiston boʻylab "Favvoralar sayli" tadbiri oʻtkazildi. Kimdir uchun bu yangilik boʻldi, yana kimdir "Garchi qishlogʻimizda favvora boʻlmasa ham ishloqdoshlarimni "Favvoralar kuni" bilan tabriklayman", deb fikr bildirdi. Endi esa moziyga qaytamiz. Temuriylar davrida favvoralar urf boʻlganida, Yevropa xalqlari uchun bu yangilik boʻlganini bilasizmi?

TOSHKENT, 2 may — Sputnik. Toshkent va Samarqand shaharlarida anʼanaviy "Favvoralar sayli" yurtdoshlarimizga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlamoqda, deb yozadi "Jahon" AA.

Nashr qayd etishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-apreldagi "Toshkent shahrida "Favvoralar sayli" yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq oʻtkazilayotgan mazkur tadbir Oʻzbekiston xalqiga, ayniqsa, yoshlarga gʻoyat manzur boʻlmoqda.

Xalqimiz doimo goʻzallikka intilib kelgan. Donishmandlardan biri debdiki, koʻrkamlikdan zavqlangan inson oʻzgalarga ham yaxshilik ilingisi keladi. Yaxshilik istagan el moʻjizalar yaratishga qodir. Xiyobonda chopqillab yurgan qizaloqning qoʻngʻiroqdek ovozi eʼtiborimni tortdi. "Oyijon, anavi favvorani qarang, suvi oppoq munchoqqa oʻxshab sochilar ekan-a!". U onasini tinimsiz savolga tutardi. "Shunaqa favvoralar yana qayerda bor? Bu suvlarni kim tepaga chiqaradi, sizning, buvimning kichkinaliklaringizda ham ular bor edimi? " Qizaloqning biyron-biyron savollari bizni ham qiziqtirib qoʻydi.

Keling tarixga bir nazar tashlaylik:

Ispaniya elchisi Klavixo 1404-yilning sentyabr-noyabr oylarida Amir Temurning Dilkusho bogʻida boʻlganida behad hayratga tushgan. Chunki bu yerda ustalik bilan qurilgan favvoralarni u hech qayerda uchratmagan edi. Keyinchalik u oʻz taassurotlarini quyidagicha bayon etgan: "Podshoh maxsus qurilgan baland oʻrindiqda oʻltirar va uning oldida suvi tepaga otilib turgan favvora boʻlib, unda qizil olmalar qalqib turardi…"

"Klavixo bejizga ajablanmagan, — deydi Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Oʻtkir Alimov. — XIV-XV asrlarda yurtimizda urf boʻlgan favvoralar hali Yevropa xalqlari uchun notanish edi. Qadimiy favvoralarni Alisher Navoiy asarlari va "Boburnoma"ga ishlangan miniatyuralarda ham koʻrish mumkin. Oʻz davrida favvoralar yoysimon, toʻrtburchak shakllarda boʻlib, anvoyi gullar ularga yanada koʻrkamlik baxsh etgan. Maxsus tayyorlangan sopol quvurlar orqali kelib, otilib chiqqan suv hovuzchalarga tushib, yana yopiq ariqlar orqali chiqib ketgan. Murakkab muhandislik-qurilish yechimi asosida bunyod etiladigan favvoralar ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati, meʼmorchilik sanʼati naqadar yuksak boʻlganligidan dalolat.

Xalqimizning bu boradagi yuksak bunyodkorlik salohiyati bugun ham dunyo eʼtiborini tortib kelmoqda. Mustaqillik yillarida poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bunga misoldir. Toshkent nafaqat qadimiy obidalari, keng va ravon koʻchalari, mahobatli koʻpriklari va muhtasham binolari, balki goʻzal favvoralari bilan ham mintaqamizda yetakchi oʻrinda turadi. Shahar koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turgan yuzlab favvoralar nafaqat odamlar bahri-dilini ochishga, balki mikroiqlim yaratib, moʻtadil havoni taʼminlashga xizmat qiladi.

Madaniyat vazirligi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahar hokimligi, Maʼnaviyat targʻibot markazi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan anʼanaviy favvoralar sayli yoshlarga ana shunday quvonchli daqiqalar ulashdi.

Unda sanʼatkorlar, shoir va yozuvchilar, soʻz ustalari, kino hamda teatr aktyorlari oʻz dasturlari bilan qatnashdi. Yosh shoirlarning mushoiralari, "Barkamol avlod" bolalar markazlari, musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilari hamda yosh rassomlarning ijodiy ishlari koʻrgazmasi, kitob savdolari, "Kamolot" faollarining turli tanlov va viktorinalari uyushtirildi.

…Mustaqillik maydoni. Bu muqaddas maskan betakror meʼmoriy yechimi, mazmun mohiyati, koʻrku tarovati bilan qalbimizda cheksiz faxr va gʻurur uygʻotadi. Ulkan bunyodkorlik asosida barpo etilgan maydon oldidagi favvoralar ham oʻzgacha jozibali. Xotira maydoni tutashgan yerdagi uzunligi 88, eni 36 metrlik favvorada oʻrnatilgan suv purkagichlar va chiroqlar yetti xil rangda yogʻdu taratadi.

Yurtdoshlarimizning taassurotlari bilan qiziqdik.

— Dugonalarim bilan bir necha bayram tadbirlarini kuzatdik, — deydi Yunusobod tumanidagi 26-bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchisi Sabrina Ismoilova. — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti favvorasi yonida tashkil etilgan kontsertni tomosha qildik. Endi Mustaqillik maydonini, undagi favvoralarni sayr qilib, ajib manzaralardan bahri dilimiz ochildi, kayfiyatimiz koʻtarildi. Men tasviriy sanʼat yoʻnalishidagi koʻplab tanlovlarda ishtirok etganman. Aprel oyida oʻtkazilgan "Moʻjizalar mamlakati" xalqaro tanlovida tasviriy sanʼat yoʻnalishi boʻyicha birinchi oʻringa sazovor boʻldim. Hozir "Toshkentda bir kun" manzarasini chizmoqdaman.

— Bunday ajoyib bayramlar yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik tufaylidir, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhtabar Husanova. — Tinchlik hukmron joyda rivojlanish, yuksalish boʻladi. Odamlar ezgu niyatlarini roʻyobini, farzandlari kamolini koʻrib, taqdiridan rozi boʻlib yashaydi. Bu sayl Vatanga daxldorlik hissi bilan yashayotgan insonlarning hech birini befarq qoldirmaydi.

…Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik Katta teatri roʻparasidagi musiqali favvora maftunkorligi va oʻziga xosligi bilan koʻpchilikka quvonch bagʻishladi.

— Qalblarda joʻshqin xislarni uygʻotuvchi musiqalarga hamohang harakatlanuvchi, kamalak rangida ajib manzara kasb etib turgan favvoralar menga juda yoqadi, — deydi mirobodlik Vika Yushkova.

— Unda navqiron yoshlik shiddatini, goʻdakning begʻubor kulgusiyu, hayotning quvnoq hazillarini koʻrgandek boʻlaman. Axir, durdek sochilib, jilvalanib turgan musaffo suv har bir insonning qalbiga ezgulik, goʻzallik, xotirjamlik ulashadi. Mana shunday sayilgohlar, dam olish maskanlari barpo etilayotgani yurtimizda biz, yoshlarning barkamol oʻsib-ulgʻayishimiz uchun yaratib berilayotgan sharoitlardan bir koʻrinishdir.

"Favvoralar sayli" yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari Simpoziumlar saroyi, "Istiqlol" sanʼat saroyi, oliy oʻquv yurtlari oldidagi, madaniyat va istirohat bogʻlaridagi favvoralar oldida ham boʻlib oʻtdi. Xususan, "Bolajon" madaniyat va istirohat bogʻida jajji bolakaylar va ularning ota-onalari uchun barcha sharoit yaratilgan boʻlsa, "Lokomotiv" madaniyat va istirohat bogʻiga kelganlar ham oʻziga xos videomusiqali favvora oldida tashkil etilgan tomoshadan bahramand boʻldi.

Aslida bu sayl prezidentimiz tashabbusi bilan eʼlon qilingan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yoshlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan muloqotning bir koʻrinishi desak, yanglishmaymiz.

— Toshkentdagi dastlabki favvora 1890-yilda qurilgani, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik Katta teatri bilan birga bunyod etilgani haqida tarix kitoblarida oʻqiganman, — deydi Uchtepa tumani milliy hunarmandlik kasb-hunar kolleji oʻqituvchisi Marhabo Saʼdullayeva. — Maftunkorligi va oʻziga xosligi bilan ajralib turgan ushbu favvoralar Toshkentimiz qiyofasiga oʻzgacha fayz va ajib chiroy bagʻishlaydi.

Mustaqillik yillarida qurilgan rangli, musiqali favvoralarni tasvirlashga soʻz ojiz. Poytaxtdagi favvoralarning oʻziga xos jihati shundaki, ular shakl va mazmunan bir-birini takrorlamaydi: biri gulga burkangan serfayz daraxtni, biri ona sayyoramizni, biri ulkan nilufar gulni eslatsa, yana biri mahobatli sharsharalar kabi koʻzlarni sehrlaydi, yana biri esa koʻkda parvoz etayotgan oqqushlarni eslatadi.

Favvora barpo etishning koʻp asrlik anʼanalari mazmunan yanada boyitildi. Zamonaviy ilm-fan taraqqiyoti tufayli anʼanaviy favvoralar oʻrnini rang-barang chiroqlar bilan jihozlangan va musiqali favvoralar egalladi. Bunday favvoralarda suv shunchaki bosim bilan otilmaydi, balki dastur yordamida suv oqimi, chiroqlar va musiqa uygʻunlashib, fusunkor manzara hosil qiladi.

Chiroqlar favvoralarning goʻzalligini namoyon etadi, gʻaroyib tarzda ularni oʻzgartiradi va kechki payt yanada ajoyib koʻrinish oladi.

GUMda tarvuz-qovunli favvora ishga tushdi. Arxiv surʼat
© Sputnik/ Yevgeniya Novojenina
Favvoralar saylida xorijlik mehmonlar ham ishtirok etib, zavqlandi.

— Odamlaringiz yuzidagi yaxshi kayfiyat, koʻtarinkilik mamlakatingizdagi xotirjamlik, farovonlikni yaqqol ifodalaydi, — deydi Xitoy Taypeyidan kelgan sayyoh Vu Neng Chuan. — Oʻzbekistonning boy merosi bilan internet orqali batafsil tanishgach, hammasini oʻz koʻzimiz bilan koʻrishga qaror qildik. Poytaxtingizdagi tarixiy va zamonaviy obidalarni tomosha qilib, olam-olam taassurotga ega boʻldik.

Samarqandda ham favvoralar bayrami koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi.

— Keyingi yillarda viloyatimizning barcha hududlarida, jumladan, Samarqand shahrida juda keng miqyosda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, — deydi Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi Samarqand viloyati boʻlimi raisi Oʻtkir Usmonov.

— Oʻndan ortiq yangi bogʻ va xiyobonlar, madaniyat maskanlari tashkil etildi. Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻi, Universitet xiyoboni, Koʻksaroy va Teatr maydonlari, Shoirlar bogʻi rekonstruktsiya qilindi. Ushbu maskanlarda zamonaviy musiqali va nurli favvoralar bunyod etildi. Kishiga oʻzgacha zavq beradigan va inson salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan bu favvoralar atrofi bugun doim odamlar bilan gavjum.

— Har oqshom Amir Temur xiyoboniga chiqib, favvoralar atrofida sayr qilamiz, — deydi Sojida Qosimova. — Bu yerdagi turfa xil daraxtlar, yashil maysazor va gulzorlarni koʻrib bahri dilimiz ochiladi. Bugungi tadbirlardan ham barchamiz bir olam zavq oldik. Ilohim, yurtimiz osmoni doim musaffo boʻlib, har bir kunimiz bayram boʻlsin.

Tadbirlar oʻtkazilgan maskanlarda arxitektor va tarixchi olimlar, tibbiyot xodimlari favvoralarning tarixi, inson salomatligiga foydasi haqida gapirib berdi. Ijodkorlar bahor, goʻzallik va tabiat madh etilgan sheʼrlaridan namunalar oʻqidi.

Favvoralar sayli shu kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan xorijlik sayyohlar uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi.

- Samarqandning soʻlim bogʻ va xiyobonlaridagi goʻzal manzaralar, musaffo havosidan bahramand boʻlib yuribman, — deydi germaniyalik sayyoh Vilfred Runser. — Juda toza va chiroyli shahar ekan. Favvoralar bayrami bizni hayratga soldi. Aholi, yoshlar bilan raqsga tushib, maroqli hordiq chiqardik. Namoyish etilgan kontsertlar, milliy sport oʻyinlari ham menga yoqdi. Kelgusi yil may oyida Samarqandga yana kelaman.

Favvoralar nafaqat bogʻlar va xiyobonlarga fayz ulashadi, balki hududdagi osuda hayotning oʻziga xos ramzi hamdir. Osmonga suv purkab turgan favvoralarga boy bogʻlar borki, koʻngillar xotirjam, yurt osoyishta. Zero, tinchlik, xotirjamlik hukm surgan mamlakatdagina keng koʻlamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish mumkin.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular