18:30 23 Oktyabr 2017
Efir
Posledstviya zemletryaseniya

Oʻzbekistonda nega tinimsiz yer silkinmoqda - ekspert fikri

© Flickr/ Martin Luff
Analitika
Havola olish
180541

Keyingi haftada tez-tez kuzatilayotgan yer silkinishlari ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlarning xavotirli mish-mishlariga sabab boʻlmoqda. Xavotirlar qay darajada asosli? Sputnik muxbiri Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Ulfat Nurmatov bilan suhbatlashdi

Odatiy bahorgi faollik

Mutaxassisning aytishicha, Markaziy Osiyo seysmik faol hududlardan boʻlib, bu hududda har doim zilzilalar boʻlib kelgan.

"3 may kuni boʻlgan zilzila bizning hududda nisbatan tez-tez uchrab turadigan odatiy zilzilalar qatoriga kiradi. Zilzila markazi esa Markaziy Osiyodagi eng faol seysmik joy boʻlib, eng kuchli zilzila sodir boʻlishi mumkin boʻlgan hudud hisoblanadi. Aynan mana shu hududda 1949 yilda, 1954 yilda kuchli zilzilalar boʻlgan. Hozirgi zilzila ulardan ancha kuchsiz", deydi Ulfat Nurmatov.

Seysmik hududlarda zilzila sodir boʻladigan maʼlum bir faol davrlar boʻladi. 11 yillik, 22 yillik, 44 yillik davrlar deyiladi. Bundan tashqari, bahor davrida seysmik faollik kuzatiladi. Bahorda yer sharida faollik davri boshlanadi. Tabiiy oʻzgarishlar ham taʼsir koʻrsatadi. Oldin yuz bergan zilzilalar ham asosan bahorda yuz bergan.

Aslida Markaziy Osiyo hududida har hafta 5tadn 15tagacha past magnitudali zilzilalar yuz beradi. Biz bularni sezmaganimiz uchun anchadan beri zilzila boʻlmayotgandi, birdan boshlanib ketdi deb oʻylaymiz.

Bu oddiy navbatdagi seysmik faollik natijasi. Yer silkinishining ketma-ket sodir boʻlishi sababi esa, aftershok deb ataluvchi jarayon oqibati. Kuchli zilziladan keyin uning "dumi" boʻladi, bir necha oy-yilgacha uning kuchi silkinib-silkinib pasayib boradi, keyin soʻnib ketadi.

Bombalar ixtiro qilinishidan oldin ham yer qimirlagan

Aprel oyi oʻrtalarida AQSH tomonidan Afgʻonistonga tashlangan bombaning hozirgi zilzilalarga qanchalik aloqasi borligi haqida esa mutaxassis quyidagicha fikr bildirdi.

Bir paytlar olimlar yadro portlashlarining taʼsirini oʻrganishgan, Markaziy Osiyoda zilzilalarga yadro sinovlari sabab boʻladi degan fikrlar ham boʻlgan.
Lekin eng qizigʻi, bombalar ixtiro qilinmasdan turib, bir necha asrlar ilgari ham hududimizda zilzilalar sodir boʻlib kelgan. Shunday ekan, bunday fikr notoʻgʻri. Afgʻonistonga tashlangan bombaning yer silkinishiga taʼsiri bor deyish uchun asos yoʻq.

Mazkur hudud Pomir togʻ tizimi va Tyan-Shan togʻ tizimi toʻqnashgan joy. Hindiston plitasi bilan Yevroosiyo plitasi bir-biri bilan toʻqnashib zilzila keltirib chiqaradi. Qadim oʻtmishda ham bu yerda zilzilalar boʻlib turgan.

Vahimaga hojat yoʻq

Tez-tez yuz berayotgan zilzilalar Oʻzbekiston uchun qay darajada taʼsirli? Bu savolga mutaxassis shunday javob berdi:

Oʻzbekistonning seysmik salohiyati zilzila epimarkaziga nisbatan ancha past. Oʻzbekistonda boʻlishi mumkin maksimal zilzila kuchi Rixter shkalasi boʻyicha 6,5dan oshmaydi.

Oʻzbekistonda binolar qurilishida har bir joyning seysmik holati oʻrganilib, qanday yer silkinish qanday taʼsir koʻrsatishi hisobga olinib xaritalar tuzib beriladi. Ana shu xaritalar asosida loyihalar tayyorlanadi.

Hozirgi vaqtda inshotlarimiz juda mustahkam qilib qurilmoqda. Texnik loyihaga rioya qilingan holda qurilgan binolarimiz 9 balldan ortiq zilzilaga bardosh bera oladi.

Shunday ekan, vahimaga hojat yoʻq.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular