15:17 25 Iyun 2017
Efir
Diktor va teleboshlovchi Nasiba Maqsudova

Nasiba Maqsudovani xotirlab: hatto eslaganda yorishar koʻngil...

© darakchi.uz
Analitika
Havola olish
49650

9-may "Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan shoir Muhammad Ismoil joriy yilning 8 fevral kuni yurak xuruji oqibatida olamdan oʻtgan diktor Nasiba Maqsudova haqidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashdi

TOSHKENT, 8 may — Sputnik. Televideniyadan ketar ekanman, besababdan besabab ishdan olinganim ham, yuz xotir qilishmagani ham, biror vaj karson koʻrsatishmagani ham, hech narsadan hech narsa yoʻq koʻchaga uloqtirilganim ham alam qilmasdi, alam qilgani televideniyadagi orttirgan doʻstlarim, ijod sohasida maslakdoshga aylangan tengqurlarim, ardoqli ustozlarim-u, tetapoya qilib kelayotgan iqtidorli shogirdlarimdan, hurmat qozongan kasbdoshlarimdan ayrilish hissi edi.

Kunimning yarmidan koʻprogʻi, oʻn ikki, oʻn toʻrt soati shu yerda oʻtardi. Ijodiy muhit qaynardi. Hamma biror yangilik yaratishga intilar, koʻrsatuvi qiziqarliroq, mazmunliroq, jozibadorroq boʻlishini istardi.

Poet Muxammad Ismail
© Foto: iz lichnogo arxiva poeta
Poet Muxammad Ismail

Hamma bir biriga fikr berar, bir biriga oʻrgatar, bir birini qoʻllab quvvatlar, bir biriga mehribon, gʻamxoʻr, ahil va inoq edi. Ish vaqti tugab, qorongʻu tushganini ham hech kim payqamasdi. Ana shunday televideniyaga oʻz hayotini, qalbini, isteʼdodini, koʻngil rishtalarini chambarchas bogʻlagan fidoiylarning eng fidoiy malikasi Nasiba Maqsudova edi.

Nasiba Maqsudova hayotining roppa rosa ellik yili televideniyada oʻtdi. Nasiba opa televideniyada koʻringan zahoti har bir teletomashabinning yuzida tabassum, koʻnglida xushvaqtlik, koʻzida nur paydo boʻlar edi. Nasiba opa odamlarga zavq-shavq ulashar, xonadonlarga shodlik va quvonch olib kirar, hamisha yaxshiliklardan, yaxshi niyatlardan, yaxshi soʻzlardan soʻzlar, hech kimni hech qachon xafa koʻrishni istamas, yaxshilik olamida yashardi. Uning yuzi ham, koʻzi ham, kulib turishlari ham goʻyo ezgulik timsoli edi. Yuragidagi hamma ezgu xislatlar, xulqu-odobidagi hamma fazilatlar, oʻy-yu xayolidagi nekbin niyatlar hammasi yuziga balqib chiqqanday edi. Barchasi yuzida, koʻzida, tabassumida aks etar, Nasiba opa televizor ekranida koʻringan zahoti hammani ohangrabodek oʻziga qaratib olardi.

Men ishdan ketgandan soʻng yana yuzlab ijodkorlarni televideniyadan badargʻa etishdi. Mirabbos Mirzaahmedov, Tolibjon Isroilov, Muslimbek Yoʻldoshev, Dilorom Umarova, Iroda Nosirova, Munisa Toshmatova, Guli Ikromova, Gulmira Musajonova, Zokir Qayumov, Soat Sharipov, Nasiba Maqsudova… ularning har biri oʻz kasbining yetakchi dargʻalari edi.

Nasiba opa ishchan, harakatchan, tinib tinchimas, birovni yomonligini tezda unutib yuboradigan, ishning boʻladigan tomoniga qarab ish tutib ketaveradigan begʻubor ijodkor edi. Tezda xususiy telekanallarda "Diydor shirin" koʻrsatuvini tashkil qildilar va yana minglab teletomashabinlarning diqqat markazida boʻldilar. Nasiba opa bu telekoʻrsatuvni tashkil etib birorta oʻzbek jurnalisti, na televideniya, na radio, na gazeta xodimi jurʼat etaolmagan ishga qoʻl urdi. Davlat televideniya va radiolarida besababdan besabab urilib, qora roʻyxatga tushgan sanʼatkor-u, shoir-u, madaniyat xodimining hammasi shu "Diydor shirin" koʻrsatuvidan panoh topdi va oʻzlarining borliklarini namoyon etib turdi.

Olmaxon Xayitova, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, Farruh Zokirov, Xayrulla Lutfullayev, Xojiakbar Hamidov, Tesha Moʻminov va yana oʻnlab el sevgan, el ardoqlagan sanʼatkorlar mana shu koʻrsatuv orqali el bilan yuzma-yuz koʻrishib turdi. Holbuki davlat telekanallari oʻn yillardan ortiq vaqt mobaynida ularni ekranlarga yaqinlashtirmadi. Ular Nasiba Maqsudovaning jasorati, shiddati, ezgulik yoʻlida tolmas kurashchi boʻlgani tufayli teleekranlarga bot-bot chiqib turishdi.

Nasiba Maqsudovani odamlar behad qattiq sevar edi. 2010 yilda Olim Xoʻjayev nomli Guliston Davlat teatrida Zulayho xoji onamning 85 yillik tabarruk yoshini nishonlash tantanalarida Toshkentdan bir guruh shoir-u yozuvchilar, atoqli sanʼatkorlar ishtirok etishdi. Ular orasida Nasiba Maqsudova ham bor edi.

Soʻz navbati Nasiba Maqsudovaga berilganida ulkan zal gulduros qarsaklardan bir muddat larzaga kelib turdi. Sirdaryoliklar sevimli teleboshlovchisini tinmay olqishlar edi. Albatta bunday baxt kamdan kam odamlargagina nasib etadi. Nasiba opa zalning oʻrtasida tinmay taʼzim qilar, astoydil tashakkur bildirardi.

Keyin juda ham xursand kayfiyatda sirdaryoliklar shaʼniga maqtov soʻzlar yogʻdirdi, " Televideniyadagi 43 yillik hayotim, mehnatim beiz ketmabdi, bularni sizlarning timsollaringizda koʻrib turibman, 43 yil mobaynida sizning xonadoningizga gʻoyibona mehmon boʻlib bordim, kimgadir singil boʻldim, kimgadir opa boʻldim, kimgadir doʻst boʻldim, mana sizlarning mehringizni guvohi boʻlib turibman, siz meni sevar ekansiz, bundan boshim osmonga yetdi, minnatdorman, siz meni bir karra sevsangiz, men sizni bundan oʻn karra ortiqroq sevaman, omon boʻling azizlarim!"

Soʻngra Nasiba opa Zulayho xoji onamga bagʻishlangan sheʼrni oʻqib berdilar:

Ollohim cheki yoʻq saxovatingni,
Onamdan ayama saodatingni.
Umrini uzoq qil, etgin salomat
Kuchini koʻrayin sharofatingni.

Yorugʻ kunlar yozding peshonasiga,
Tilloyu zar sochding ostonasiga.
Yana umr bergin etgin shafoat,
Onamni toʻydirma paymonasiga.

Ne qilsang qilursan qoʻlingda, sening!
Baxt topgan qancha oʻng, soʻlingda, sening!
Onamga umr ber, etgin sahovat
Har kun bosh ururman yoʻlingda, sening!

Davlating kamayib qolmaydi aslo.
Boylikdan senda yoʻq aslo muammo.
Onamga umr ber, hayot ber, hayot
Sen hayot berguvchi zotdirsan tanho!

Hammani har qachon siylagansan sen,
Hech kimning rizqini qiymagansan sen.
Iltijolarim et, oʻzing ijobat
Mustajob etmasdan qoʻymagansan sen.

Onamga umr ber qodir Xudoyim!
Moʻʼjizangni etgin sodir Xudoyim!
Oʻnglab yuborasan umrin ertaga,
Unga sogʻliq bergin hozir Xudoyim!

Nasiba Maqsudova sheʼr oʻqishni juda yaxshi koʻrar, ovoz tembrlari sheʼrdagi har bir harfni aniq va ravon, shirali va yoqimli tarzda ifoda etardi. Nasiba Maqsudova sheʼr oʻqishning eng katta va eng mohir ustalaridan biri edi. Odamlar xuddi sevimli sanʼatkorning sevimli qoʻshigʻini eshitgandek, sheʼrni maroq va zavq bilan tingladi va opani yana qarsaklarga burkadi. Men oʻsha kuni Nasiba opaning onamning shaʼniga aytgan maqtov soʻzlarini hayotimning soʻnggi daqiqasigacha hech qachon unutmayman va hamisha Nasiba opaning oldida taʼzimdaman.

Nasiba Maqsudovaday insonlar yashagani uchun hayot goʻzal va ziynatli. Bunday insonlar hayotga koʻrk beradi, yashashga undaydi, dunyoda baxt, saodat, omad degan narsalar borligiga kishini ishontiradi. Qachonlardir shunday insonlar bilan suhbatdosh boʻlganingdan gʻururlanasan, koʻngling faxru-iftixorga toʻladi. Ammo ular bugun bu dunyoni tark etib ketishdi…

Ergash Karimov, Bahodir Ahmedov, Rahmatilla Mirzayev, Abdumoʻmin Oʻtbosarov, Toʻlan Qoʻziboyev, Hoshimjon Mirzaahmedov, Nasiba Maqsudova… televideniyamizning haqiqiy jonkuyarlari, fidoiylari, dargʻalari edilar.

Iloho barchalarining joylari jannatdan boʻlsin, Olloh taolo barchalariga behisht bogʻchalaridan eng koʻrkam maskanlarni ato etsin!

Shu oʻrinda Zulayho xoji onam aytib bergan bir naqlni eʼtiboringizga havola etmoqchiman."Bir inson qazo muddati yetib, vafot etibdi va jannatga tushibdi. Odamlar undan, "Qaysi amalingiz, qaysi qilgan savob ishlaringiz uchun bu baxtga musharraf boʻldingiz?"-deya soʻrashibdi. "Men hech bir ish qilganim yoʻq, men faqat yaxshi niyat qilganman, kishilarni yaxshi ishlarga tashiq qilganman, hamisha yaxshilik tarafdori boʻlib, odamlarni ezgu ishlarni bajarishga undaganman. Mening soʻzlarim tufayli kimdir bogʻ yaratdi, kimdir maktab madrasa qurdi, kimdir yomonlikdan qaytdi. Shu xislatlarim tufayli Olloh menga oʻz jannatidan joy ato etdi."-degan ekan. Zora, bir umr ezgu niyat, ezgu amal bilan yashagan, kishilarni xamisha yaxshilikka undagan, savobli ishlarga tashiq qilgan muhtarama opamiz Nasiba Maqsudova ham mana shunday oliy baxtga musharraf boʻlsa! Zero, opamiz bunday baxtga loyiq, bunday oliy saodatga munosib!

MUHAMMAD ISMOIL.

Asosiy mavzular