15:35 25 Iyun 2017
Efir
Nyu-York shahri

Nega Amerikada samarqandliklar buncha koʻp?

© Sputnik/ Natalya Seliverstova
Analitika
Havola olish
241172

Bu savolni koʻp joylarda, har xil vaziyatda, Oʻzbekistonning turli hudud vakillari boʻlgan tanish va notanishlardan eshitishga toʻgʻri keladi. Bir necha yildirki, ushbu muammo ayrimlarga tinchlik bermay kelmoqda, sinchkovlik bilan bu holatning tagiga yetmoqchi boʻlganlar qancha

TOSHKENT, 8 may — Sputnik. Nega Amerikada samarqandliklar buncha koʻp, degan savolga jurnalist Toshpoʻlat Rahmatullayev javob topishga harakat qildi.

"Bu savolni koʻp joylarda, har xil vaziyatda, Oʻzbekistonning turli hudud vakillari boʻlgan tanish va notanishlardan eshitishga toʻgʻri keladi. Bir necha yildirki, ushbu muammo ayrimlarga tinchlik bermay kelmoqda, sinchkovlik bilan bu holatning tagiga yetmoqchi boʻlganlar qancha.

Darhaqiqat, nega Amerika Qoʻshma Shtatlariga qonuniy borib kelish huquqini beruvchi viza oʻzbekistonliklar orasida koʻproq samarqandliklarga nasib etmoqda? Hatto jurnalistlar ham AQShning Toshkentdagi elchixonasida boʻladigan anʼanaviy matbuot anjumanlarida ushbu mamlakatning konsuliga Grin kard lotereyasida ishtirok etib, viza olayotganlar orasida Samarqand shahri va viloyati aholisi koʻpchilikni tashkil etishi sababini bilmoqchi boʻlib, murojaat qilganliklarining guvohi boʻlganman", — deb yozgan muallif oʻzining blogida.

Bunga javoban konsullar Grin kard lotereyasi inson omilidan erkin ekanligini, hech kim hech qanday yoʻl bilan uning natijasiga daxl qila olmasligini taʼkidlashadi. Yaʼni nega samarqandliklarga har doim "omad kulib boqishi" sabablarini aniq aytolmasliklarini tan olishadi. Ammo, shu bilan birga, lotereya xolislik asosida oʻynalishini uqtirishadi. Shunga qaramasdan, viza bilan bogʻliq masalalar koʻp yillar davomida turli gap-soʻzlarga sabab boʻlmoqda.

Umumiy ahvolga bir nigoh

Darhaqiqat, Nyu-Yorkka borgan har bir vatandoshimiz bu yerda samarqandliklar koʻpligini koʻrib hayron boʻladi. Men oʻzim 2001 yilda ilk bor AQShga borganimda, tanishlardan "bu yerda oʻzimizning Siyob tumani bor" degan soʻzlarini eshitib, bunga ishongim kelmagan edi. Samarqandda boʻlganlar bilishadi: uning Eski shahar deb ataladigan qismi doirasida avvallari Siyob tumani tashkil etilgan edi.

Oʻshanda ushbu vaziyatni toʻla oʻrganish uchun menga imkoniyat boʻlmagan edi. Chunki tashrifim rasmiy boʻlganligi bois, har bir daqiqa hisobda edi, turli jurnalistik tashkilotlarda uchrashuvlarda qatnashish lozim edi. Ammo bir necha yildan soʻng, masala mohiyatini chuqurroq oʻrganishga imkon yaratildi. Hamyurtlarimiz Nyu-Yorkning ikkita maʼmuriy qismi — Bruklin va Kvinsda istiqomat qilishar ekan. Ular zich yashaydigan mavzelar bilan tanishdim. Kechqurunlari koʻchalarda sayr qilib yurganlarning aksariyati Samaqanddan ekanligiga guvoh boʻldim.

"Rus bazasi" deb nom olgan supermarketlarda ham oʻzimizning yigit-qizlarimiz ishlashardi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz zich yashayotgan yana bir shahar — Pensilvaniyada ham boʻldim, tanish va notanish kishilardan Amerikaga qanday yoʻllar bilan kelganliklarini soʻrab surishtirdim.

Suhbatdoshlarimi orasida Grin kard egalari, har xil maqsadda AQShga qonuniy yoʻl bilan kelib ishlayotganlar, viza muddatini oʻtkazib yuborib mamlakat hududida noqonuniy qolib ketganlar bor edi.

Suhbat davomida quyidagi savollarga javob topishga harakat qildim: a)Nima uchun Oʻzbekistonning boshqa hududliriga nisbatan AQShda samarqandliklar koʻpchilikni tashkil etadi; b)nega ular Bruklinda Boro park degan mavzeni, Kvinsda Rego park mavzesini tanlagan; v)Amerikada nolegal yashab kelayotganlar qaysi yoʻllar bilan viza olishga erishgan; d)oʻzbekistonliklar okean orti mamlakatida qanday yumushlarni bajarmoqdalar; ye)amerikacha hayot tarzi yurtdoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga qanday taʼsir qilmoqda; yo)yoshlarimiz nuqtai nazaridan AQShdagi taʼlim tizimi biznikidan nimasi bilan farq qiladi. Savollar, savollar. Xuddi ularning oxiri yoʻqday…

Boshlanishi qanday boʻlgan edi?

Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab yurtdoshlarimiz uchun xorijga chiqish imkoniyati paydo boʻlishi bilan bir qator tadbirkor, ishni koʻzini biladigan chaqqonlarimiz koʻpgina mamalakatlar qatori AQSH safarini ham yoʻlga qoʻyishdi. 15 yildan beri Amerika yerida yashab kelayotgan Maruf ismli tanishim oʻzbekistonliklar tomonidan "sehrli diyor"ning yangidan "kashf etilishi" haqida bilganlari bilan oʻrtoqlashdi. U Samarqandda ilmiy-maʼriyiy muassasalardan birini boshqargan, fan nomzodi.

Suhbatdoshimning uqtirishicha, oʻtgan asrning 90-yillaridan boshlab Oʻzbekistondan, birinchi navbatda Samarqanddan AQShga puli bor kishilar kelgan edilar. Ularni koʻp yillar davomida birga yashab, bir joyda ishlagan buxoro yahudiylari taklif etishgan. Savdo, xizmat koʻrsatish va umumiy ovqatlanish tizimlarida yonma yon mehnat qilgan, koʻp hollarda ular bilan doʻstlashib qolgan buxoro yahudiylari minnatdorchilik ramzi sifatida oʻzbekistonliklarni AQShga taklif qila boshlagan edilar. Ular orasida samarqandliklar aksariyatni tashkil etardi, chunki bu shaharda buxoro yahudiylarining kattagina jamoasi yashagan edi.

Biznikilar AQShga borgach, yangi hayot, yangi imkoniyatlar bilan tanishib, ilojini topib hujjat tayyorlab, oʻsha yerda qolish uchun harakat qilishadi, ilojini topolmaganlar noqonuniy qolib ketishadi. "Men Samarqandda kattagina univermagni boshqarardim, — deydi yangi tanishim Mansur. — Bu yerga bir vaqtlar birga ishlagan oʻrtogʻim taklifi bilan kelgan edim. 80-yillarning oxiri — 90-yillar boshidagi pul islohoti tufayli yigʻib qoʻygan mablagʻim qadrsizlandi. Faqat savdo bilan shugʻullanganman.

Davlat tomonidan yetkazib turilgan tovarlarning ustiga ortiqcha narx qoʻyib, boylik orttirganman. Endi u zamonlar oʻtgan edi".

Ana shunday vaqtda Mansurning Amerikaga kelishi joniga oro kiradi. U bir muddat mehmondorchilikda boʻlgach, oʻzaro suhbatlar davomida ishlab pul topish mumkinligini bilib oladi. U umrida qilmagan ogʻir ishlar bajarishga majbur boʻladi. Oʻzining tan olishicha, dastlabki paytlar jismoniy ishning ogʻirligidan koʻra unga koʻproq ruhiy qiyinchiliklar azob bergan. Ammo sekin-asta hammasiga chidab, maqsadi faqat pul topishdan iborat boʻlganligi bois yangicha hayot tarziga koʻnikib qolgan.

Shundan soʻng u Samarqanddagi tanishlariga Amerikaga kelib ishlashning afzalliklari haqida tez-tez gapirib turgan.

Boshqalar ham turli yoʻllar bilan viza olib, uning yoniga kelgan. "Faqat men emas, AQShga birinchi boʻlib kelgan yurtdoshlarimiz ana shunday yoʻllar bilan boshqa yaqinlarini bu yerga kelishga daʼvat etishgan edi", — deydi Mansur. Kelganlar vizani qaysi yoʻllar bilan qoʻlga kiritishgan edi?

Uddaburonlar uchun oʻsha yillarda bir qator imkoniyatlar mavjud edi. Yosh Oʻzbekiston davlatidan turli delegatsiyalar borib turardi. Bular — madaniyat, sanʼat, sport, ilm-maʼrifat soha vakillari hamda tadbirkor va fermerlardan iborat delegatsiyalar edi. Ularning tarkibiga bir necha nafar sohaga daxli boʻlmagan korchallonlar qoʻshilar edi. Ingliz tilini biladigan va maqsadi Amerikaga borib, ishlab qolish boʻlganlarga oʻqishga, malaka oshirishga, ilmiy anjumanlarga ishtirok etish uchun taklifnomalar tayyorlanardi. Bu ish birnecha yil davom etganligi bois AQShda samarqandliklarning soni koʻpayib boraverdi.

Yuqorida bayon etilganlarni tahlil etib, nega AQSH vizasi koʻproq Samarqand ahliga nasib etganlikini bilib olsa boʻladi. Endi ikkinchi masala — Grin kard haqida. Viza-ku turli yoʻllar bilan olingan ekan, nega keyingi yillarda xolis hisoblangan Grin kard lotereyasida ham omad asosan samarqandliklarga kulib boqmoqda? Bunday savolni ham tez-tez eshitish mumkin. Ushbu savolga qisqacha shunday javob qaytarish mumkin.

2015 yilgacha nafaqat Samarqand shahrida, balki tuman markazlarida Grin kard lotereyasida ishtirok etish uchun soʻrovnoma toʻldirishga chaqiruvchi eʼlonlarni har qadamda uchratish mumkin edi. Poytaxt Toshkent shahridan boshqa joyda targʻibot ishlari bunday koʻlamda tashkil etilmagan edi.

Shunisi diqqatga sazovorki, firmalar eʼlonu reklamalar chiqarish bilan cheklanib, odamlarning ularga murojaat etishini kutib oʻtirmasdan, oʻzlari aholi orasiga kirib borishadi. Ular uyma-uy yurib, korxona, muassasa, oʻquv yurtlarida boʻlib, deyarli tekinga Grin kard lotereyasi soʻrovnomasini toʻldirishadi. Lotereyada Samarqanddan koʻpchilik qatnashganligi bois viza ham ushbu hudud vakillarigi koʻproq nasib etmoqda.

Viza olish uchun murojaatlar soni kamaymoqda

Keyingi yillarda AQSH vizasini olish istagida boʻlganlar soni keskin kamaydi. Avvallari elchixonaning konsullik boʻlimiga kirish uchun olti oygacha navbatga turish toʻgʻri kelardi. Oʻshanda elchixona binosi oldida juda koʻpchilik toʻplanardi. Viza soʻrab kelganlardan tashqari ularning yaqinlari, oila aʼzolari ham bu yerda hozir boʻlishardi.

Endilikda viza olishga talabgorlar sonining keskin kamayishi quyidagi holatlar bilan bogʻliq. Avvallari viza olish uchun vositachilik qilgan firma va turli tashkilotlar AQSH elchixonasining konsullik boʻlimi oldida oʻz obroʻ-eʼtiborlarini yoʻqotib qoʻyishdi. Ular endi turli tadbirlarga vakillar yuborish va ularga qoʻshib AQShda noqonuniy qolib ketadiganlar uchun viza soʻrash imkoniyatidan mahrum boʻlishdi.

Amerikaga borish niyatida boʻlganlardan kattagina qismining orzusi ushaldi. Ular yo qonuniy yoʻl bilan, jumladan, Grin kard vositasida yoki noqununiy yoʻllar bilan viza olishga erishdi.

Shuningdek, ustma ust murojaat qilaverib, rad javobini olganlarning koʻngli sovub, boshqa viza soʻramaydigan boʻlib qolishdi.

Buning ustiga konsullikning viza berish talabini kuchaytirgani avvallari tayyorlanadigan qalbaki hujjatlarning "oʻtmas" qilib qoʻydi. Avvallari "boʻlsa boʻlar, boʻlmasa boʻlmas", degan fikr bilan bir urinib koʻrish uchun ham ayrimlar vizaga hujjat tayyorlashardi. Lekin viza olishga qilinadigan murojaat uchun toʻlov miqdori 160 dollarga oshganligi bois havasga hujjat topshiradiganlar kamaydi.

Oxirida shuni tan olishim lozimki, hali ham viza olish ilinjida turli qingʻir yoʻllarni qidirayotganlar yoʻq emas.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular