05:19 25 Noyabr 2017
Efir
Aleksandr Pushkin portreti

Eh, Pushkin, Pushkin!

© Sputnik/ Maksim Blinov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
2638130

Kimdir, masala mohiyatidan bexabar inson, sizga tuhmat qilsa, oʻzingizni zoʻr berib oqlashga urinishingiz shart ham emas. Bu aybdorlik hissidan kelib chiqadi. Biz esa hech kimning oldida aybdor emasmiz!

Oʻylagan edimki, oʻz madaniyatini oʻzgalarga tiqishtirish va uni bilmaganlarni madaniyatsizlikda ayblash, oʻzi kabi oʻylamagan, fikrlamagan, yashamaganlarni raqibga chiqarish, tan olmaslik, past nazar bilan qarash, xalqlarni oʻzi va begonalarga, madaniyatli va varvarlarga ajratish ortda, jaholat davrlarida qolib ketgan.

Yoʻq, qolmagan ekan, chamasi.

Oʻzga xalqlarga Pushkinni bilmaslik bilan malomat qilish aynan shu jaholatning bir koʻrinishi (bu malomat tuhmat boʻlsa, ayniqsa).

Adabiyot koʻngil ishi, hatto Pushkindayin, maktablarda oʻqish dasturiga kiritilgan shoirni oʻqish ham koʻngil ishi va uni bilmaslik rus boʻlmagan millatlar uchun madaniyatsizlik hisoblanmaydi.

Kelib-kelib endi Pushkin xalqlar oʻrtasidagi tushunmovchilikka sabab boʻlmasaydi.

Navalniyning gapi esa birovning ibodatxonasiga oʻz nizomi bilan kirishga urinish, xolos.

Har bir millatlarning oʻz daholari, adiblari, shoirlari boʻladi. Albatta, imkon qadar umumbashariy klassiklarni, oʻzga xalqlar adabiyotini oʻqish va oʻrganish lozim, bundan hech kim hech qachon yutqazmaydi.

Navalniy ozgina boʻlsa-da fikrlaganda, bunaqa nomaqbul gaplarni aytishdan burun oʻziga savol berardi: Oʻzbekistonda Pushkinni bilmasliklari haqida maʼlumotim bormi? Dunyo men oʻylaganchalik tor va biqiqmi? Men ularning qancha shoirini bilamanki, ular bizning shoirni bilishlari zarur? Men kimmanki, oʻzbeklarni Pushkinni bilmaslikda ayblab, malomat qilaman?

Adabiyot majburlab tiqishtiriladigan unsur emas. Albatta, jahon tan olgan har qanday shoir va adibni oʻqish va oʻrganish kerak. Bu oʻzini madaniyatli hisoblagan har bir insonning burchi va ularni bilmaslik bilan maqtanish jaholat. Lekin kimdir, masala mohiyatidan bexabar inson, sizga tuhmat qilsa, oʻzingizni zoʻr berib oqlashga urinishingiz shart ham emas. Bu aybdorlik hissidan kelib chiqadi. Bizning esa hech kimning oldida aybimiz yoʻq. Ayniqsa Navalniy va Sobchak oldida. Ularga hisob berishniyam istamaymiz.

Bizda "it huradi, karvon oʻtadi", degan maqol bor (yoʻq, bu kimnidir yerga urish uchun aytilgan gap emas, xalq maqoli shunaqa). Shunga qaramay, oʻzbek xalqi Pushkinni mutolaa qilishni davom etaveradi. Aslo, kimgadir yoqish yoki xushomad uchun emas. Betakror iqtidor egasi boʻlgani sababli. Chunki iqtidorli kishilar faqat bir millatgagina tegishli emas. Buyuklar yaxlit insoniyatga tegishli.

Oʻzbek xalqining ham oʻz buyuk insonlari, farzandlari bor. Minglab yillik madaniy tarixiga ega. Biz ularni bilmaslikda hech kimni ayblayotganimiz yoʻq.

Bunaqa notoʻgʻri qarashlarda Pushkinning aybi yoʻq. U har qanday holatda ham buyukligicha qolaveradi. Biroq, uning nomidan xalqlar orasiga sovuqchilik solishda foydalanishga urinishi ajablantiradi, xolos.

Internet sarhadlarida ushbu masala yuzasidan boʻlayotgan munozaralarni kuzatib, Pushkinga qiziqishimiz oʻylaganimdan ham yuqoriligiga ishondim. Yana bir haqiqatni tushundimki, internet orqali toʻrt-besh maʼlumotni olib, har birimiz oʻzimizni dono sanay boshlabmiz. Goʻyoki, bu olamda barcha narsani bilamiz, buyuk strategmiz, global miqyosida oʻylaymiz. Aslida bu kaltabinlik, xolos.

Navalniyning oʻsha gapi va u atrofidagi bahs-munozaralar ham shu haqiqatni ifodalaydi.

Internet baribir internet-da. Unda ehtiros va yuzakilik koʻproq. Ushbu masala yuzasidan bahs-munozaraga kirishgan birov Soljenitsыnning familiyasini notoʻgʻri yozibdi. Unga bu haqda dakki bergan boshqasi esa maqtanib, "men esa hammasini bilaman", deb Shayboniyxonni shoirga chiqarib qoʻyibdi. Yana, "Soljenitsыnni oʻzbek tilida oʻqibdimi?" deganga oʻxshash malomat ham bor. Oʻqigan boʻlsa bordir… Bir paytlar bu adibning asarlari oʻzbek tilida chop etilgan.

Xullas, hammamiz ham yaxshimiz. Yuzakilikka berilganmiz, mohiyat va haqiqat unchalar ham qiziqtiravermaydi. Bilib olgan toʻrt-besh maʼlumotimizni pesh qilib, butun olamdan, dunyoning bor ilmidan xabarim bor, deb jar solishni xush koʻramiz.

Deylik, "Pushkinni bilmaysan", deb malomat qilayotganning oʻzi shoirni yaxshi bilmaydi (bilganda, shoir bilan qiziqqanda, uning asarlari Oʻzbekistonda maktabning dasturiga kiritilganini, uning asarlari qariyb yuz yildan buyon oʻzbek tiliga tarjima qilib kelinayotganiga, chop etilayotganiga qaydadir koʻzi tushgan boʻlardi).

Adashmasam, 1937 yilda oʻzbekning buyuk shoiri, Pushkinning ajoyib va betakror tarjimoni Usmon Nosir ushbu shoirga bagʻishlangan qandaydir tadbirda ishtirok etib, Moskvadan qaytayotib, poyezdda aytgan gaplari uchun qamoqqa olingan va repressiya qilingan edi. Aytmoqchimanki, bizning buyuk shoirlarimiz taqdirida ham Pushkinning izi bor.

Bir soʻz bilan aytganda, adabiyot xalqlarni birlashtirishi lozim, ajratishi emas. Buyuk adiblar, shoirlar bilan bir-birimizni qoʻrqitishga urinmaylik. Ularni shunchaki oʻqish, uqish kerak. Kimdir oʻqimayotgan boʻlsa, bu uning haqqi-huquqi. Uni baribir majburlab ham oʻqitib boʻlmaydi.

Ushu kichik holat, Aleksey Navalnыyning qanchalar kalta oʻylashini koʻrsatdi, xolos. Boshqa hech nimani emas. Siyosatchi uchun oʻzining devoridan uzoqni koʻra bilmaslik anchayin uyatli holat.

Teglar:
Sobchak, Navalnыy, Pushkin

Asosiy mavzular