05:19 25 Noyabr 2017
Efir
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Yoshlar - ulkan kuch: Mirziyoyev yoshlarga Hukumat eshiklarini ochdi

AP Photo / Anvar Ilyasov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
Oʻzbekistonda "Kamolot" harakati tugatilib Yoshlar ittifoqi tashkil etildi (21)
319390

30 iyun Oʻzbekiston yoshlari hayotida tarixiy burilish sodir boʻldi. Bir tomondan, endilikda bu kun Yoshlar kuni sifatida bayram qilinishi aytilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan Hukumat yoshlarga oʻz eshiklarini ochdi

TOSHKENT, 3 iyul — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti tarixiy oʻzgarishlar sodir etilgan "Kamolot" YOIH IV qurultoyida qanday fikrlarni bildirdi, nimalar haqida gapirdi, kimlarni va nima uchun tanqid qildi?

Uzoq tayyorgarlik koʻrilgan uchrashuv

Shavkat Mirziyoyev gapni yoshlar bilan uchrashuvga uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik koʻrib kelganidan boshladi. Yoshlar bilan teng boʻlib, ular qalbidagi, yuragidagi oʻy-fikrlar, maqsad-muddaolar, kerak boʻlsa, ushalmay turgan niyatlar bilan yaqindan tanishishni oʻz faoliyati uchun muhim deb hisoblashini taʼkidladi.

Shuningdek, prezident avval boshdan yigʻilish tanqidiy ruhda oʻtishi haqida ogohlantirdi: "yoshlar siyosati boʻyicha olib borayotgan ishlarimizni tanqidiy baholab, tegishli qarorlar qabul qilishni oʻz faoliyatim uchun gʻoyat muhim deb hisoblayman".

Farovon hayot — mukammal tarbiyadan boshlanadi

Oʻzbekiston rahbari yoshlar bilan uchrashuvda gapni tarbiyadan boshladi.

"Maʼlumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega boʻlib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda", — dedi prezident.

Shundan soʻng Mirziyoyev donishmandlar bisotidan iqtibos keltirdi.

"Tarbiya qancha mukammal boʻlsa, xalq shuncha baxtli yashaydi", deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal boʻlishi uchun esa bu masalada boʻshliq paydo boʻlishiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi", — dedi prezident va eʼtiqod, oilaviy qadriyatlarga putur yetkazayotgan xavflarni sanab oʻtdi.

"Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, "ommaviy madaniyat" kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzod asrlar davomida amal qilib kelgan eʼtiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur yetkazmoqda", — dedi u.

Yoshlarni uyushtira olmagan "Kamolot"

Prezident butun insoniyatga putur yetkazayotgan xavf-xatarlar haqida gapirar ekan,  Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati qanday amalga oshirilyapti, bu sohada qanday muammolar bor, ularni qanday hal qilish kerak, bu borada yoshlar tashkilotining oʻrni qanday boʻlishi lozim, degan savollarni oʻrtaga tashladi.

"…nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz taqdiriga daxldor boʻlgan "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining bugungi kuni va ertangi istiqboli barchamizni oʻylantirishi tabiiy", — taʼkidladi prezident.

“Kamolot” amalga oshirgan bir qancha ijobiy ishlarni eʼtirof etgan holda Mirziyoyev tashkilot faoliyatida jiddiy kamchilik va nuqsonlarni sanab oʻtdi.

Birinchi navbatda, "Kamolot" butun Oʻzbekiston yoshlarini birlashtira olmaganligi aytib oʻtildi.

"…aksariyat aʼzolar "Kamolot" toʻgʻrisida aniq tasavvurga ega emas, uning maqsad va vazifalarini bilmaydi, oʻz yetakchilarini tanimaydi, Harakat faoliyatida ishtirok etmaydi.

Natijada yurtimizdagi minglab yoshlar, ayniqsa, qishloq joylarda nafaqat “Kamolot”ning, ayni vaqtda davlat va jamiyatning eʼtiboridan chetda qolmoqda. Ular bilan hech kim deyarli shugʻullanmayapti, ular oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, desak, achchiq haqiqatni tan olgan boʻlamiz.

Buning oqibatida uyushmagan, yaʼni, ishlamaydigan, oʻqimaydigan, tayin bir mashgʻulotga ega boʻlmagan, salbiy taʼsirlarga beriluvchi yoshlar soni ortib bormoqda.

Yoshlar oʻrtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qoʻshilib qolish holatlari koʻpayib borayotgani kuzatilmoqda.

2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar oʻrtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak", — dedi prezident.

Shuningdek,  zamonaviy kuchli bir tashkilotga aylantirish uchun oʻz vaqtida tegishli choralar koʻrilmagani qoʻshimcha qilindi.

Mirziyoyev rahbarlarga: siz kimni aldayapsiz?

Oʻzbekiston prezidenti ayrim rahbarlar "Kamolot" uchun munosib sharoit yaratib berish oʻrniga ularga qoʻpol munosabatda boʻlish, obroʻsini toʻkishni "ish uslubi"ga aylantirganini aytdi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan viloyat “Kamolot” harakati kengashiga Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tantanali ravishda yangi avtobus topshirilgani, lekin marosim tugashi bilan avtobus olib qoʻyilib, uning oʻrniga shalagʻi chiqqan eski transport vositasi berilgani yodga olindi.

"Aytinglar, bunday "oʻyin"lar, koʻzboʻyamachilik bilan biz yoshlarga qanday tarbiya beryapmiz? Andijon viloyatining hokimi SH.Abdurahmonov, siz bunga nima deysiz?", — savol berdi prezident

"Yoshlarga mana shunday bepisand, begona munosabatda boʻlsak, oqibati nima boʻlishi aniq – ular ham bizdan begonalashadi.  Oʻqishdan, ishdan, jamiyatdan, davlatdan, boringki, hayotdan koʻngli sovib, xalqimiz iborasi bilan aytganda, qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga uradi.

Sizlar rahbar boʻlgan hududlarda yashaydigan yoshlar zerikkanidan nima qilishni bilmasdan, bemaza ishlarga berilishi, bezorilik, jinoyat yoʻliga kirishi, zararli oqimlarga qoʻshilib ketishi mumkinligi nahotki sizlarni bezovta qilmasa?! Yoshlar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qildik, deb biz kimni aldayapmiz?

Shu munosabat bilan barcha katta-kichik rahbarlar qulogʻiga qoʻrgʻoshindek quyib olsin: biz endi sizlarning faoliyatingizga paxta yoki gʻallaga qarab emas, eng avvalo, sizlarning yoshlarga, yoshlarga oid davlat siyosatiga boʻlgan munosabatingizga qarab baho beramiz", — dedi Mirziyoyev.

Oʻzbekiston yoshlari uchun demokratik tashkilot

Prezident soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston sharoitida yoshlar tashkiloti qanday boʻlishi kerak, degan masala tegishli rahbarlar, olimlar, ekspert va mutaxassislar, yoshlar vakillari bilan koʻp bor muhokama qilingan. Bu borada jahon tajribasi, uzoq-yaqindagi turli davlatlar tajribasini oʻrganilgan.

"Oʻzbekiston yoshlari rasmiyatchilikdan, kampaniyabozlikdan xoli, navqiron avlod manfaatlarining haqiqiy himoyachisi boʻla oladigan demokratik yoshlar tashkilotini tuzish haqida oʻz xohish-istaklarini bildirishmoqda", — dedi Mirziyoyev.

"Mening nazarimda, bunday fikrlarda chuqur asos va mantiq bor. Bu taklifning afzalligi shundaki, u mamlakat yoshlarining barcha toifa va guruhlarini qamrab oladi, eng muhimi, ularni demokratik printsiplar asosida birlashtiradi".

Prezident "Oʻzbekiston yoshlarining chinakam suyanchi va tayanchi boʻla oladigan mutlaqo yangi tashkilot – Oʻzbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etsak, nima deysizlar?", — deb taklif kiritdi.

Uyushgan yoshlarga imtiyozlar bisyor

Hamma hududlarda tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalarda, shaharlarda esa kichik sanoat zonalarida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining aʼzosi boʻlgan yosh tadbirkorlardan ijara haqi olinmaydigan tartib joriy etiladi.

Bundan tashqari, oʻz biznesini boshlayotgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli narxlarda yuridik, texnik va boshqa maslahat yordamlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, tegishli iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining byudjet mablagʻlarini ikki barobar koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.

Hunarmandlik yoʻnalishidagi tadbirkor yoshlar, ayniqsa, qizlarning kasanachilik bilan band boʻlishi uchun qulay sharoit yaratib beriladi.

Jumladan, yosh hunarmandlarga xomashyo sotib olish uchun kreditlar berish, oʻz biznesini boshlagan yosh tadbirkorlar tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga toʻlanadigan sugʻurta badalini olingan kreditlarni qoplashga yoʻnaltirish tizimi joriy etiladi.

Sinov tariqasida 11 yillik majburiy oʻrta taʼlim tizimiga oʻtish munosabati bilan boʻshaydigan kollej ustaxonalari negizida yoshlarni, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni 6 oygacha boʻlgan muddatda bepul oʻqitish va kasbga qayta oʻqitish markazlari tashkil etiladi.

Ayni paytda qoʻliga diplom olib, mustaqil ish boshlayotgan yoshlar uchun ham qoʻshimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beriladi.

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy taʼlim muassasalarining birinchi marta ishga joylashgan bitiruvchilari bu imkoniyatlardan foydalanadi.  Yaʼni, taʼlim muassasasini tamomlaganiga uch yil boʻlmagan boʻlsa, ularning ish haqidan olinadigan daromad soligʻi birinchi yili 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillarda esa 25 foiz kamaytiriladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va tumanlarda zamonaviy “Yoshlar kinoteatrlari”ni barpo etish ishiga bosh-qosh boʻlishi uchun "Oʻzsanoatqurilishbank" tomonidan 5 yil muddatga beriladigan imtiyozli kreditlar asosida alohida dastur ishlab chiqish va amalga oshirish taklif etildi.

Yoshlar ittifoqining faol aʼzosi boʻlgan, bakalavriat va magistratura talabalariga oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 86 foiz va undan yuqori boʻlgan taqdirda taʼlim boʻyicha shartnoma toʻlovi miqdorining 35-40 foizini tashkilot hisobidan toʻlash orqali moddiy yordam koʻrsatish ham koʻzda tutilmoqda.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3-5 yil va undan koʻproq faol ishlab kelayotgan, ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish istagini bildirgan xodimlarning har yili 140 nafariga 25-30 foiz miqdoridagi boshlangʻich toʻlov tashkilot mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

Shuningdek, Yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarini ragʻbatlantirish, tashkilotning faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida tijorat banklarining 10 yil muddatgacha moʻljallangan, boshlangʻich toʻlovi 15 foizlik imtiyozli kreditlari asosida ularga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan “Matiz” va “Damas” avtomobillarini shaxsiy mulk sifatida sotib olishda qulaylik yaratiladi.

Yana bir muhim masala – endi viloyat va tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, tuman ichki ishlar boʻlimi boshliqlarining yoshlar boʻyicha oʻrinbosarlari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan lavozimga tayinlanadi.

Mirziyoyev yigʻilishni Hamid Gʻulomning goʻzal satri bilan yakunladi

Prezident oʻz nutqi soʻngida yoshlarga murojaat qilar ekan, suhbat davomida keskin tanqidiy gaplar boʻlganini ham qayd etib oʻtdi.

"Tan olish kerakki, keskin tanqidiy gaplar ham boʻldi. Lekin bu gaplar qanchalik achchiq boʻlmasin, ular haqqoniy gaplardir. Men oʻylaymanki, biz bir-birimizni toʻgʻri tushundik", — dedi prezident.

"Bugun mana shu muhtasham zalda toʻplangan siz, azizlarni, viloyat va tumanlarda videoaloqa orqali anjuman ishini kuzatib borayotgan yigit-qizlarimizni, barchangizning yonib turgan koʻzlaringizni, azmu shijoatingizni, navqiron kuch-gʻayratingizni koʻrib, sizlar bilan samimiy suhbatda boʻlib, ochigʻini aytsam, oʻzim ham yasharib ketgandek boʻldim.

Bugungi uchrashuvdagi koʻtarinki ruh, baland kayfiyatni koʻrgan har qanday odam beixtiyor mashhur shoirimiz Hamid Gʻulomning:

"Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi!" degan goʻzal satrini takrorlashi tabiiy, deb oʻylayman.

Haqiqatan ham, biz, ota-onalar, ustoz va murabbiylar sizlarni, butun Oʻzbekiston yoshlarini Vatanimiz, jamiyatimizning hal qiluvchi kuchi deb bilamiz va sizlar hamisha xalqimizning mana shunday yuksak ishonchiga munosib boʻlasiz, deb ishonamiz…

"Mana shunday ulugʻ maqsadga erishish yoʻlida, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqini tom maʼnoda mamlakatimizdagi barcha yoshlarning tayanchi va suyanchiga aylantirish yoʻlida sizlarga sihat-salomatlik, kuch-gʻayrat, baxt va omad yor boʻlishini tilab qolaman", — deb oʻz nutqiga yakun yasadi prezident.

"Men nima deyman, qoʻbizim nima deydi"

30 iyun Oʻzbekiston yoshlari hayotida tarixiy sahifaga aylandi. Endilikda bu kun Yoshlar kuni sifatida bayram qilinishi aytilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan Hukumat yoshlarga oʻz eshiklarini ochdi.

Prezident oʻz nutqi davomida tanqid bilan tilga olgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari (Oʻzbekiston Xalq yozuvchisidan tortib, bozordagi tadbirkorgacha) yoshlarga berilgan ulkan vakolat va imtiyozlarni emas, balki "Yoshlar" telekanaliga rahbar etib tayinlangan Ozodbek Nazarbekovni muhokama qilishni afzal bildilar.

Aksariyat foydalanuvchilar postida "shu lavozimga mos jurnalist topilmadimi", degan fikr koʻzga tashlandi.

Oʻzi tadbirkor boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilib boradigan "achchiq" hazillari, latifamonand luqmalari bilan "facebook yulduzi"ga aylanib borayotgan Dima Qayum Sputnik Oʻzbekiston nashriga internetdagi shov-shuvga aylangan ushbu tayinlov haqida shunday dedi:

"Ozodbek Nazarbekovga kelsak, menimcha toʻgʻri qaror. Buni qoʻllab-quvvatlash kerak. Toʻgʻri, baʼzilarga alam qilgan boʻlishi mumkin, lekin Ozodbek ham xalq xizmatida yurgan sanʼatkor, u xalq dardidan xabardor", — dedi u.

Toʻgʻri, kimni yoki nimani muhokama qilish har kimning oʻz ixtiyorida, lekin mana shu birgina muhokamani misol qilib oladigan boʻlsak, yoshlarning fikrlash doirasi, ongi, ijtimoiy faolligini oshirishda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati naqadar yuqori ekanligi koʻrinib qoldi.

Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvi chogʻida OAV xodimlariga murojaat qilib: "Yoshlar hayoti, oʻy-kechinmalari, orzu-niyatlari, eng muhimi, ularni qiynayotgan masalalar, afsuski, radio va televideniye, gazeta va jurnallarda oʻz ifodasini toʻliq topmayapti. Goʻyoki hamma narsa joyida, olam guliston. Agar hammasi joyida boʻlsa, toʻgʻri yoʻldan adashgan yoshlar, jinoyatchilik, ishsizlik qayerdan paydo boʻlyapti? Nega yoshlarga oid davlat siyosatiga loqayd munosabatda boʻlayotgan amaldorlar haqida ommaviy axborot vositalari, avvalo, yoshlar matbuoti churq etmaydi?", deb savol bergandi.

Oʻylaymanki, OAV xodimlari Oʻzbekiston rahbarining bu savollarini savol emas, balki oʻz faoliyatlarini amalga oshirishda shijoat taqdim etgan daʼvat sifatida qabul qiladilar.
Mavzu:
Oʻzbekistonda "Kamolot" harakati tugatilib Yoshlar ittifoqi tashkil etildi (21)

Asosiy mavzular