08:47 23 Noyabr 2017
Efir
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev siyosiy portretiga sharh

© Press-slujba prezidenta RUz
Analitika
Havola olish
Igor Nikolaychuk
3472170

Oʻzbekiston rahbarining 60 yillik yubileyi arafasida Sputnik mualliflaridan biri Shavkat Mirziyoyev siyosiy portretini taqdim etdi. Shuningdek, u Rossiya hamda Gʻarb Mirziyoyevga nisbatan qanday munosabatda ekanligini tahlil qildi

Igor Nikolaychuk — xalqaro xavfsizlik sohasi boʻyicha ekspert, maxsus mediametrik tadqiqotlar Markazi.

Oʻzbek xalqi haqida ular tabiatan mohir munozarachi, deb aytish mumkin. Ularda "Eskisiz yangi, yomonsiz yaxshi boʻlmaydi" degan maqol bor, menga juda yoqadi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, agar uning ushbu masʼuliyatli va mashaqqatli (kesatiqsiz) faoliyatidan kelib chiqib baho beradigan boʻlsak, bu xalq hikmatini u oʻzi uchun yaxshi bir siyosiy tamoyil qilib olgan, deyish mumkin. Chuqur oʻylab qaraydigan boʻlsak, bugungi kunda amalga oshirilayotgan samarali, ammo ehtiyotkorona islohotlarning mahsuli ham ana shunda (bu haqiqatda juda zarur boʻlgan oʻzgarishlar desak, toʻgʻriroq boʻlur edi).

Shu bilan birga inkor etib boʻlmas bir tushuncha borki — siyosiy jarayonlarni ideal amalga oshirish — bu ushalmas orzu. Ammo bu umidsizlikka tushishga sabab boʻla olmaydi. Darvoqe, xorij sharhlovchilari Oʻzbekiston prezidentining nafaqat tabassumi, balki uning qaror qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadigan sezgirligini ham qayd etadilar. Shu bilan birga Mirziyoyev hamisha oʻz xatolarini tan oladi va ularni tuzatadi.

Jurnalistikadagi siyosiy portret janri murakkab hisoblanadi. Sharqona anʼanalarga koʻra, muallif kafti tillaga toʻlishi yoki qamchi yeb qolishi ham mumkin.

Shavkat Miromonovich esa oʻzining 60 yoshida oʻziga haykal qoʻymoqchi emasligi sezilmoqda. Bu albatta, maqtovga loyiq, ammo gʻarblik "portretchilar" uchun ayrim ijodiy noqulayliklar yaratadi.

Ular shunga mos muhitni poylashadi — ularga oʻz xaramiga ega, yelpigʻich tutgan mulozimlar qurshovidagi gollivudcha sharq mustabidi yoki zamonaviy targʻibot bozorida eng xaridorgir "totalitar yetakchi"ni tasvirlash uchun bahona kerak. Bu "Markaziy Osiyo"dan yana nimani ham kutish mumkin?!

Bu yerda bir haqiqatni aytish joizki, mintaqa mavzusida qalam tebratadigan xolis chet ellik ekspertlar Mirziyoyevni zamonaviy siyosatchi deb atalishga loyiqligini tan olishdi.

Oʻzbekiston prezidenti Markaziy Osiyo rahbarlari orasida mahalliy diniy elitadan oʻzini masofada saqlovchi yagona rahbar boʻlsa kerak.

Boshqacha qilib aytganda, u dindorlarni siyosatga aralashtirmaydi va xalq urf-odatlarini diniy rasm-rusumlar bilan adashtirmaydi. Ochigʻini aytish kerak, masalan amerikaliklarga bu yoqadi. "Sotqin Amerika jurnalistlari" haqida nimalar deyilishidan qatʼiy nazar, Mirziyoyevning koʻpxotinlikka qarshi kurash boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish borasidagi tashabbusi Amerika matbuotida xolisona yoritildi. Mirziyoyev munosib baholandi.

Bu yerda yana bir yashirin xavf, boshqacha aytganda, tanganing ikkinchi tomoni bor. Shavkat Mirziyoyevni gʻarblik manfaatparastlar tanishlari uchun uni liberal yoʻnalishdagi islohotchi sifatida koʻrsatish, yaʼni "oʻzbek Gorbachevi"ga aylantirish kerak. Ochigʻini tan olaman, "qayta qurish" degan soʻzni eshitsam qoʻlim validolga yuguradi. Oʻylaymanki, faqat mendagina bunday boʻlmaydi. Shu bois bu yorliq tezroq olib tashlanishini chin dildan istayman.

Umuman olganda, Oʻzbekiston prezidentida shaxsiy liberal-islohotchilikka intilish xususiyati yoʻqligi hozirdanoq tan olinyapti. Globalistlar yaxshi usul oʻylab topishdi: Mirziyoyev hech qanday islohotchi emas, biroq mamlakat Karimov davrida ayniqsa iqtisodiy jihatdan samarasiz boshqarilgan, shu bois yangi rahbar Chikagocha uslubda islohotlar oʻtkazishi shart. Buning uchun esa birinchi navbatda ichki siyosatni erkinlashtirish darkor. Shavkat Miromonovich, inson huquqlari himoyachilari va korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha professional havaskorlarga eshiklarni lang oching. Mana, bu borada ijobiy belgilar ham bor.

Oʻzbekiston hukumati Human Rights Watch xodimlari mamlakatda ish boshlashiga ruxsat berishga tayyorligini bildirdi. Toshkentga VVS jurnalistlari ham qaytmoqda. Biroq radikal liberalizm tarafdorlariga bu ham kam. Shu oʻrinda sovet shoiri Nikolay Oleynikovning "Noshukr hissador" sheʼri yodga tushadi. Sheʼrda shakar va sovun olgan hissador baliq va un ham qoʻshib berishlarini talab qilganligi ifodalanadi.

Endi mamlakatga BMTning qiynoqlar masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachilarni kiritish, fuqarolik jamiyat faollarini ozodlikka qoʻyib yuborish kerak (bu yerda avvalo 2005 yilda Andijonda boʻlgan qonli qirgʻinlar sababchilari nazarda tutilmoqda). Umuman olganda, Oʻzbekistonda inson huquqlari borasida murakkab vaziyat yuzaga kelgan.  

Xayrixohlik ruhidagi jurnalistlar Mirziyoyev "koʻplab masalalarga yangicha qaramoqda", "yevropaliklarning nigohida inson huquqlari boʻyicha muloqotlar tiklamoqda" degan fikrlarga ehtiyotkorlik bilan ishora qilishmoqda.

Boʻlmagan gap! – degan javob yangramoqda liberalizm tarafdorlaridan. Ularning fikricha bularning barchasi rejalar haqida bayonotlar, xolos. Buning ustiga shuni ham unutmaslik kerakki, u Karimov rejimining tarbiyalanuvchisi, demak u oʻzgarmaydi. Va eng asosiysi, "fitnachilar" davrani boshqarib bormoqda. Milliy xavfsizlik xizmatining fuqarolik tashabbuslari va kadrlar ustidan nazorati saqlanib turibdi. Rustam Inoyatov (MXX rahbari) prezidentga boʻgʻma ilon oʻz oʻljasiga qaragandek qaramoqda. Haqiqiy milliy xavfsizlik uchun ularning har biri alohida qafaslarga ajratilsa edi.      

Oʻzbekiston rahbari faoliyatining ayrim tomonlari borki, ular haqida chet el ommaviy axborot vositalariga tayanmasdan gapirishni xohlardik. Bu albatta, Rossiya — Oʻzbekiston munosabatlarining holati va rivojlanish istiqbollaridir.

Bugungi kunda aksariyat rossiyalik mutaxassislarning fikricha, Oʻzbekiston hukmron elitalari quyidagi geosiyosiy taqsimotni inobatga olishga majbur: Rossiya bilan gumanitar va harbiy sohada aloqalar ustuvorligi, Xitoy Xalq Respublikasining iqtisodiy sohada yetakchiligi, Rossiya va Xitoyning siyosiy sohadagi dinamik muvozanati. Menimcha bunday holat barchani qoniqtirishi kerak.  Aytgancha, Mirziyeyov davrida Moskva va Toshkent oʻrtasidagi harbiy hamkorlik ilgarigi rahbariyat davridagidan koʻra yangicha tus oldi. Rossiya hukumati oʻzbek armiyasini mintaqadagi eng qudratli va jangovar armiyaga aylantiri istagini qoʻllab-quvvatladi. Afgʻonistondagi notinch vaziyatni hisobga olgan holda bu Rossiyani toʻliq qoniqtiradi.

Lekin bu yerda Oʻzbekiston rahbariyati oldida istiqbolni belgilovchi bir masala yuzaga kelmoqda: Rossiyani "ketuvchi", Xitoyni esa "yuqorilayotgan" davlat sifatida koʻrish mumkin. Va ikki tomonlama munosabatlar shu asosda quriladi. Bu yerda Oʻzbekiston rahbarida tanlash maydoni mavjud.

Balki adashayotgandirman, hozircha Shavkat Mirziyoyev Rossiya mintaqada koʻplab obʼyektiv omillar orqali tushuntirish mumkin boʻlgan qonuniy manfaatlarga ega ekanligini bildirmoqda. Yaʼni, Rossiyaning hech qayerga ketish niyati yoʻq.

Xullas, oʻzbeklar aytmoqchi qimirlagan qir oshar. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti sifatida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev oʻzining birinchi dovoniga koʻtarilmoqda. U harakatda. Uning siyosiy yoʻli ravon boʻlsin, hech qachon adashmasin! Umri uzoq boʻlsin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai-nazaridan farqlanishi mumkin.

Teglar:
yubiley, 24 iyun, sharh, siyosiy portret, tugʻilgan kun, Oʻzbekiston prezidenti, Shavkat Mirziyoyev

Asosiy mavzular