14:13 24 Oktyabr 2017
Efir
Sobaka porodы Border-kolli

It - vafo, Inson - jafomi?

© Foto: public domain
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
Qarovsiz hayvonlar muammosi (9)
69621

Bir paytlar xalqimiz tomonidan xotindan ham yaqinroq koʻrilgan va vafo timsoli sanalgan itlarga oʻzgacha nigohda qaray boshladik. YO xotinlar yaxshi boʻlib ketdi yoki zamonaviy itlar bevafo chiqib qoldi

Albatta, bu hazil, lekin itlarga munosabatimiz kishini hayratga solar darajada oʻzgarganga oʻxshaydi. Lekin u bir kunda yuz bergan emas, balki, oʻnlab yillar davomida yuz bergan evrilishdir.

Bugun yoshi oʻttizdan oshgan har bir insonning yuragining tub-tubidagi mehr-oqibat, sadoqat, ayriliq kabi tuygʻulari orasida itlar bilan bogʻliq eng taʼsirchan lavhalar albatta boʻladi. Chunki, bolalikda hamma it boqqan, undan ayrilgan: uni yo otishgan yo haydab solishgan yoki u qarib, oʻlib ketgan (itlar kam yashashini barchamiz bilamiz). Ayni shu sababli koʻnglimiz tubidagi bolalik xotiralarimiz orasida itlar haqida alohida nozik tuygʻular yashirinib yotadi. Itlar bizga bolalikda kattalikni oʻrgatishgan. Biz ular bilan oʻynaganmiz, ularga boshchilik qilganmiz (itlar boʻysunishni qoyillatishadi), ularga doʻqlab, ularni urib, oʻz qudratimizni his etganmiz, oʻzimizga ishonchimiz ortgan, oʻzimizda liderlik qobiliyatini shakllantirganmiz. Oʻzgalarga mehr berishni, oʻzgalar oldidagi masʼuliyatni ham shulardan oʻrganganmiz.

Bugun katta boʻlib, itlarga munosabatimiz oʻzgardi… Ularning aynan shu xislati — itoatkorligi tufayli ulardan nafratlanamiz, ularni otib oʻldirishni istaymiz. Bu bilan balki biz itlardan emas, ular bilan bogʻliq, endi ulgʻayib uyalib qolgan tuygʻularimizdan qutilmoqchidirmiz?

Shu toʻgʻrimikin?

Bolaligida it boqmagan bola ertaga, katta boʻlib, ota-onasiga mehr koʻrsata oladimi? Ota-onani itga tenglash kerak emas, lekin bola avvalboshdanoq oʻzgalar uchun masʼuliyatni his etib oʻrganishi kerak emasmi. Bolaga oʻzgalarga mehr koʻrsatishni va aynan shu koʻrsatgan mehri uchun kun kelib javob berishni kimdir oʻrgatishi kerak-ku! U kimgadir rahbarlik qilishi, kimgadir buyruq berishni oʻrganishi kerak-ku! Bola bularni qaydan, kimdan oʻrganadi? Otasiga buyruq beradimi? Bu yaxshilikka olib kelmasligi aniq. Ota-onaning gapi boshqa, amaliyot qanday boʻladi? Egoistlarni tarbiyalashni istamagan kishi albatta farzandiga it olib beradi (mushuk emas, chunki uning oʻzi egoist).

Bugun shahar koʻchalarida toʻdalashib, sayr qilib yurgan itlar koʻpayib borayotgan ekan, bu jamiyatning, odamlarning diydasi qotib borayotgani, masʼuliyatsizlik ommaviy tus olayotganidan darak beradi.

Bir chorasi koʻrilmasa bu epidemiya holatiga olib kelishi mumkindir, biroq itlarni yoppasiga qirish ham maqul ish emas. Ular kalamushlar emas axir. Oʻz-oʻzidan koʻpayib ketmagan. Ularni biz koʻpaytirganmiz… Hatto ayrimlarini atay yaratganmiz ham.

Bolalikdan uzoqlashdik va bolalarimizni tishlaydi deb, aynan bolalarimizning koʻnglini daqqilashishiga sabab boʻlmoqdamiz. Ha, qachonlardir, bolaligimizda kattalar qutirish haqidagi vahimali gaplar bilan bizning ham itlarimizni oʻldirishgan, murgʻak kuchukvachchalarni tiriklayin koʻmishgan. Va biz, bugun ulgʻaygan oʻsha bolalar oʻz farzandlarimiz koʻz oʻngida yana oʻsha ishlarni, oʻsha paytdagi alamlarimizni unutgancha, takrorlamoqdamiz.

Nahotki shundan oʻzga chorasi boʻlmasa? Nahotki itlarni boqishning tartib-qoidasini ishlab chiqolmasak va qonunchilik darajasida belgilab qoʻyolmasak? Har bir it egasining toʻliq javobgarligini belgilash shunchalar ogʻirmi? Inson oʻz masʼuliyatini oʻzi his etmasa, buni davlatning majburlash tizimi orqal amalga oshirish mumkin-ku! Axir itlar deyarli faqat inson jamiyatidagina koʻpayadi. Demak, otmay turib ham ularning sonini nazorat qilish imkoni bor.

Mashhur insonlardan iqtiboslar keltirishni yoqtirmayman-ku shu oʻrinda Stefan Tsveygning bir mashhur iborasini keltirmasdan oʻtolmayman: oʻzimiz oʻrgatib qoʻygan insonlarimiz uchun masʼulmiz, deydi u.

Bu oʻrinda gap insonlar haqida ketyapti, lekin itlar oldiga ham masʼullikni his etishimiz lozim. Ayniqsa bolalarga buni uqtirsak yomon boʻlmasdi. Buning oʻrniga biz ularni otishni muhokama qilmoqdamiz.

Insoniyatning eng qadimiy va asosiy doʻsti — itlarning yaxshiyam xotirasi juda past. Butun tarix davomida biz ularni ayovsiz qirganmiz, xoʻrlaganmiz, ular esa insoniyatga sadoqat bilan xizmat qilaveradi. Aynan shu sababli boʻlsa kerak, itlarning anchayin aqlli qarindoshlari — boʻrilar hech qachon bizga doʻst boʻlmaydi. Shu paytgacha buning uchun boʻrilarni ayblab keldik. Buni ularning yovuzligiga yoʻydik. Biroq hamma ayb oʻzimizda. Biz haqiqiy doʻstlikni qadrlolmaymiz, chamasi.

Bugun, boshqa choralar koʻrish uchun barcha imkoniyatlar yetarli boʻlgan bir paytda ham itlarni qirishni muhokama qilayotganimizdan koʻrinadiki, ushbu oddiy haqiqat oʻz isbotini yana bir bor topib turibdi.

Mavzu:
Qarovsiz hayvonlar muammosi (9)

Asosiy mavzular