23:41 18 Dekabr 2017
Efir
Goroda Mira. Tashkent

Vatan va vatanparvarlar haqida

© Sputnik/ Valeriy Melnikov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
587120

Hammamiz ham tugʻilgan makonimizni bir umr ulugʻlaymiz. Vatanga nisbatan koʻnglimizda iliq bir tuygʻu har doim boʻy koʻrsataveradi. Biroq, bugun, buyumparastlik, moddiy boylikka intilgan dillarimizda Vatan tuygʻusi anchayin oʻtmaslashganday. Bu koʻnglida hali tugʻilgan yurt, ota-ona kabi tushunchalar oʻta oʻtkir boʻlgan yoshlarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda

Yaqinda katta mansabda oʻtirgan yosh yigit bir yigʻiishda imkoni boʻlganda chekka qishloq maktabiga borib, taʼlim qanaqa boʻlishini oʻzi shaxsan koʻrsatgan boʻlishi haqida ancha gapirdi. Savol tugʻiladi, nima xalaqit beryapti? Hozir ayni kuchga toʻlgan, yelib-yugurib ishlash, tajriba orttirish kerak boʻlgan davrda, lavozimga oʻtirib, gapirish oson. Lekin amaliy ish bilan shugʻullanish, shu vatan, shu yurt, uning odamlari uchun shaxsan oʻzi nimadir qilish — hammagayam emas.

Eng yomoni — Vatan faqat minbarlarda aytiladigan soʻzga aylanganga oʻxshaydi. Ehtiros bilan gapirsak boʻldi, vatan oldidagi burchimizni bajargan hisoblaymiz.

Sportchilarimiz yutsa, chet ellarda bayrogʻimiz koʻtarilsa, gimnimiz yangrasa — ichki his-tuygʻularimiz joʻshib ketadi. Lekin Vatan faqat yaxshi kunlarida, yutuqlarga erishganda faxrlanadigan, soʻng unutiladigan xilqat emas.

Gap, albatta, paxta terimida ham emas, lekin ushbu holat bizning vatanga muhabbatimiz darajasini koʻrsatganday.

Internet makonida paxta xususida yoshlarning koʻplab iddaosini uchratish mumkin. Bu haqda ular goʻyoki begona, or sanaladigan ishday yozishadi.

Bilamiz, bir vaqtlar arzimas pul evaziga majburlash paxta haqidagi xalqning fikrini yomon tomonga burib yuborgan. Biroq hozir mustaqilmiz, oʻz topganimiz oʻzimizga xizmat qiladi. Zamon oʻzgardi, sharoit oʻzgardi, tartib oʻzgardi, biroq odamlarning bu masalaga munosabati qoldi.

Bunga oʻtgan tuzumning aloqasi ham yoʻqdir. Shunchaki, anchayin yengillikka koʻnikkan yoshlar ishlashni yoqtirmas.

Ularga oʻz vatani, millati, xalqi farovonligi uchun ishlash yoqmas?

"Ish yoʻq", deydigan son-sanoqsiz yoshlar nega terimga chiqishni istamaydi? Shuyam ish-ku! Ular paxta terish darajasida vatanparvar boʻlisholmasa, paxta terish darajasida ishsiz boʻlishmasa kerak-da. Bizga birdan va hammasi boʻlishi lozim. Kamiga rozi emasmiz.
Bizning vatanparvarligimiz birovlarning yaxshi kunida atrofida girdikapalak boʻlib, ertaga, muammosi chiqsa tanimay ketadigan tilyogʻlamalarning harakatiga oʻxshayapti.

Vatanimiz nomi ulugʻ joylarda qayd etilsa, faxrlanamiz, oʻzimizning shu yurt farzandi ekanimizdan gʻururlanamiz, biroq Vatanning biror yumushi chiqsa, "paxtasini oʻzi terib olsin", degancha chekaroqqa qochamiz. Biz vatanning erkatoy bolalariga oʻxshab qolgandaymiz.

Erkatoy farzandlarni bilasiz-ku, biror foyda boʻlsa, ota-ona atrofida girdikapalak, yumush buyursang, yetti chaqirimdan ham topolmaysan.

Nahotki, vatan haqida qoʻshiq aytsam mukofot olaman degan sanʼatkorga, vatan haqida sheʼr yozib, tamada yurgan shoirga oʻxshab qoldik?

Vatan uchun, faqat til bilan emas, kichikina boʻlsa-da aql, qoʻl, harakat bilan shaxsan va amaliy ish qiladigan payt kelgan.

Va, umuman, faqat chiroyli gapirgan odamnigina vatanparvar sanash odatimizdan ham voz kechsak boʻlardi. Bu odat loʻttivozlarni, demagoglarni yuzaga keltirib, toʻrga olib chiqmoqda.

Asosiy mavzular