14:42 23 Oktyabr 2017
Efir
Svadebnыe koltsa

Dabdabaning dabdalasi: dabdabaga qarshi qonun qabul qilinadigan vaqt keldi

© Sputnik/ AlexTikhomirov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
6446200

Duolarimiz gʻalati: topgan-tutganing toʻyga buyursin! Hech kim aytmaydiki, odam toʻylar va maʼraka orasida ham yashashi kerak, axir! Bechoraning oʻzigayam nimadir qolsin!

Va nihoyat!

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuksak minbardan turib aytgan soʻzlaridan keyin, toʻylarda haddan oshib ketganimizni angladik. Ha, toʻy va maʼraka bor-yoʻgʻimiz, hayot-mamotimiz boʻlib qolgan. Inson tugʻiladi — aqiqa qiladi, musulmon boʻladi — sunnat toʻy, uylanadi — nikoh toʻy, farzand koʻradi — bir qator toʻylar qiladi va bu dunyodan oʻtib (tushunamiz qoʻpol soʻz, lekin haqiqat), maʼraka tashkillashtiradi. Butun hayot, uning mazmun-mohiyati shundan iborat boʻlib qolgan.

Bir paytlar, qadimgi Rimda, Yuliy Tsezar davrida "Dabdabaga qarshi qonun" amalda boʻlgan ekan. Har qanday inson bir kunda 300 sestertsiydan ortiq pul sarflashi taqiqlangan ekan ushbu qonun bilan. Demak, ularda dabdabali toʻylar odat boʻlmagan. Albatta-da, rimliklar ahmoq boʻlibdimi topgan-tutganini birovlarga sarflagani? Ular oʻzini hurmat qilgan va topganini oʻziga sarflagan. Shu sababli ham ularning qonuni kunlik mablagʻ sarflanishini cheklagan.

Yana bir xulosa — baribir insonni oʻzini oʻzidan cheklash lozim ekan-da. Demokratiyaning beshigi sanalgan Rimdaki, shunaqa qonun qabul qilingan ekan, inson nima yaxshi, nima yomonligini aniq bilmaydi, chamasi.

Duolarimiz gʻalati: topgan-tutganing toʻyga buyursin!

Hech kim aytmaydiki, odam toʻylar va maʼraka orasida ham yashashi kerak-ku! Bechoraning oʻzigayam nimadir qolsin! Toʻy qilib, birovlarga yedirib yuboraverib, oʻzi va bola chaqasi bir umr beli bukilib xizmat qilib yurmasin! Qisqagina umri davomida hech boʻlmasa toʻrt-besh yil oʻzi uchun yashasin!

Yoʻq, bunaqa deyilmaydi. Ishlasin, topgan-tutganiga toʻy qilsin!

Albatta, haqli eʼtiroz paydo boʻladi: bizni kim majburlayapti? Dabdabali toʻy qilmasin! Chumchuqqa gʻoz boʻlishni kim qoʻyibdi?

Hamma gap shunda-da, hech kim chumchuqligini tan olgisi kelmaydi. Ayniqsa, bizda, hammasi jamoada hal boʻladigan, jamoa fikri har nedan ulugʻ sanalgan jamiyatda gap-soʻz bilan, nasihat bilan bu singari or-nomusga tegishli masalalarni hal qilib boʻlmaydi.

Qoʻshni yoki tanish dabdabali toʻy qilib, seni bir pogʻona pastga tushirib qoʻyishga, yerga urishga harakat qilayotgan boʻlsa (balki bunday emasdir, lekin bir kun, "san-man"ga borib qolganingda albatta kamxarj toʻy qilganingni yuzingga soladi, juda boʻlmasa bundan keyin mensimay qoʻyadi) chidab turish mumkinmi?

Toʻylar yaxshi, yeb-ichish, oʻyin-kulgi undan-da yaxshi.

Biroq, hozir ocharchilik zamoni emas, baqir-chaqir qoʻshiqlar esa allaqachon koʻpchilikning joniga tegib boʻlgan. Toʻyga borish odamlarga malol kelib ham qoldi. Biroq bormasa boʻlmaydi. Oʻzi ham toʻy qiladi. Shunda "ular" ham kelmasligi mumkin!

Dabdabali toʻylar qilayotganning barchasi ham oshib-toshib yotgani yoʻq, aslida. Lekin jamiyatdagi yozilmagan qonunlarga boʻysunishga majburmiz, axir sharqliklarmiz. Shapaloq bilan boʻlsa ham yuzni qizartirib yurishimiz shart.

Toʻy — siyosiy-ijtimoiy hodisaga va majburiyatga aylandi. Kimdir toʻy qilishga majbur, kimdir unga borishga! Shunday ekan, bu ikkala tomonni ham urintiradigan tadbir kimga kerak?

Bizda ham dabdabaga qarshi qonun qabul qilinadigan vaqt keldi.

Erkin jamiyat, hammaning ixtiyori oʻzida, deb oʻylash nooʻrin. Bu aslida hammaning dilidagi gap.

Shunisi borki, tilda, albatta, koʻpchilik bunga qarshi boʻladi, davlatning qonunidan norozi boʻlganday gap qilishi ham tayin. "Agar shu qonun boʻlmaganda, falonday toʻy qivorardim", "falon ming odam chaqirmoqchi edim", deganga oʻxshash bir nimalar deydi. Lekin buyam Afandining ariqdan sakrolmaganiga oʻxshash bir gap-da. "Bolaligimdayam goʻr emasdim" deydi-ku oʻziga oʻzi. Yaʼni asl haqiqatni faqat oʻzi biladi, oʻzgalar uchun esa boshqa gap qiladi.

Na iloj, davlat fuqarosini nafaqat jinoyatchilar, tashqi dushmandan, balki uning oʻzidan ham himoyalashiga toʻgʻri keladi, chamasi.

Asosiy mavzular