14:53 23 Oktyabr 2017
Efir
Dokumentalnыe i xudojestvennыe filmы Uzbekkino

Otabek Zaynabni nima sababdan baxtsiz qilgan edi?

© O‘zbekkino
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
135334

Aslida insoniyat taraqqiyotining asosida ham shu yotadi - ota-ona va farzand oʻrtasidagi qarama-qarshilik. Ota farzandiga qarshilik qilmaganda, farzand isyon koʻtarib, undan oʻtib ketishga intilmaganda odamzod haligacha gʻorda yashayotgan boʻlardi

Har bir farzandni, voyaga yetganda qiynaydigan ikki savol bor: nega ota-onalar bunaqa injiq? Nega ota-ona farzandining orzu-oʻyini, maqsadini tushunmaydi?

Javob berishdan burun hammamiz uchun yod boʻlib ketgan voqeaga toʻxtalmoqchiman.

Otabekni, oʻsha "Oʻtkan kunlar" romani qahramonini ikkinchi bor ota-onasi uylab qoʻygan. Otabek shunday tarbiyalangan — ota-onasiga qarshi bormaydi, ularning fikrini hurmat qiladi. Lekin qiziq jihati — bizga har doim uqtirishganday, ota-ona farzandi uchun yomonlik tilamaydi, uni baxtli boʻlishini istaydi, degan fikr shu yerda isbotini topmaydi. Otabekning odobi oxir oqibatda baxtsizligiga sabab boʻladi.

Bu bilan ota-onalar ahmoq boʻlgani, baloniyam tushunmagani uchun farzandiga qarshi chiqaveradi demoqchi emasman, aksincha, ular shu yoʻl bilan farzandlarini sinaydi, hayotga tayyorlaydi.

Ruslar: ochlik xolang emas, deyishadi. Shunday — katta hayot ota-onang emas. U yerda mehribonchilik, gʻamxoʻrlik kam, manfaat qidirgan koʻp.

Ota-ona farzandini bor kuch va imkoniyat bilan katta hayotga tayyorlab boradi. Ularning farzandi orzu oʻyiga, maqsadiga, ishiga qarshiligi ham shu tarbiyaning bir boʻlagi, aslida.

Hayot insonning xohish-istagiga boʻysunmaydi. Unda bir nimaga erishish uchun oʻta qatʼiy va hech nega qaramay maqsadga intilishi, irodali boʻlishi lozim. Farzand bularni kimdan oʻrganadi? Ota-onaning gapidanmi? Iroda gap bilan singmaydi. U amaliyotda shakllanadi. 

Artist boʻlmoqchimisan? Sharmandalik, hisobchi boʻlasan! Hisobchi boʻlmoqchimisan? Hisobchiga non yoʻq, artist boʻlasan!.. Halima emas, Salimaga uylanasan!

Shunga oʻxshash gaplar. Birinchi holatda ular farzandining tanlagan kasbiga mehrini bilmoqchi boʻlishadi. Ikkinchi holatda umr yoʻldoshi sifatida tanlagan kishisiga muhabbatini. Har ikkala holatda ham farzandning irodasini sinashadi. Irodasizlar shu yerning oʻzidanoq sinib qoʻya qoladi.

Farzand soʻzida qatʼiy turib, ota-onasiga qarshi borib, aytganini qilsa, demak, tanlagan yoʻli xato emas. Ota-onaning gapiga kirib, tanlaganidan voz kechsa, demakki uning bu boradagi maqsadi qatʼiy emas. Tanlagan yoʻlini oʻz ota-onasiga uqtirolmagan inson, uni katta hayotda ming bir toʻsiqqa duch kelganda, qanday himoya qiladi? Demak, tuygʻulari shunchaki havas, xolos. Katta hayotga esa koʻngilda oddiy havas bilan qadam qoʻymagan maʼqul. Unga aniq maqsad, keskin talab, qatʼiy orzu-oʻylar, ulkan iroda va ishonch bilan boriladi.

Ota-onalar buni yaxshi biladi. Shu sabab qarshilik qiladi. Bu ularning bolasini bogʻchaga kuzatayotganda ostonada issiq kiyimlar kiydirib, kuzatganga oʻxshash holat. Endi tashqaridagi sovuq havo — bu katta hayot; issiq kiyimlar — ota-ona sizga singdirmoqchi boʻlgan hayot sinovlariga qarshi immunitet. Immunitetingiz boʻlmasa, ota-onangiz tanlab bergan yoʻldan boraverasiz. Balki, oxir-oqibatda qaygadir yetarsiz.

Aslida insoniyat taraqqiyotining asosida ham shu yotadi — ota-ona va farzand oʻrtasidagi qarama-qarshilik. Ota farzandiga qarshilik qilmaganda, farzand isyon koʻtarib, undan oʻtib ketishga intilmaganda odamzod haligacha gʻorda yashayotgan boʻlardi.

Shubhalanmang — katta hayot boʻsagʻasida turib, ota-onaning qarshiliklarini rad etib, oʻz fikringizda qancha qatʼiy tursangiz, ular qanchalar asabiylashmasin, baribir sevinishadi. Demak, hayotda oʻz soʻzingizni ayta olasiz! Birinchi qiyinchilikdanoq yigʻlab, ortga qaytmaysiz. Demak, irodalisiz!

Albatta, bunda ota-onaga qarshilik deyilganda, kayf-safoni deb ularni azobga solish tushunilmaydi. Oʻz kayf-safosi uchun boshqalarni zor-qaqshatish insoning irodasini emas, irodasizligini bildiradi.

…Otabekning baxtsizligi sababini tushungandirsiz — u ota-onasi aytganiga koʻnib, ularning sinovidan oʻtolmagan. Oqibatda ular irodasiz Otabek uchun hayot yoʻlini tanlab berishgan va bu nimaga olib kelganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Muallif fikri tahririyat nuqtai-nazariga mos tushmasligi mumkin.

Asosiy mavzular