20:10 23 Noyabr 2017
Efir
Jenщina vыbirayet gazetu

"Toʻlka"li yoshlar, dumli harflar, "Shirchoy"da sutchoy ichayotganlar haqida toʻrt ogʻiz gap

AP Photo
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
2217101

"Semyasiga baxt tilaymiz", "voobshe yoʻq", "toʻlka oʻzim boribman" (darvoqe, shu "toʻlka" soʻzini yoshlar boshqa oʻrindayam ishlatadi. "Mening toʻlkam", deb maqtanib qolishadi-ku, toʻgʻri talaffuzga esa til zormanda qovushmaydi), deyilsa kulgimiz qistaydimi? Shunday gap-da

21 oktyabr — oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun!

Til — Ona, Vatan kabi tushunchalar bilan bir qatorda turadi. Muqaddas. Lekin har doim ham uning muqaddasligini joyiga qoʻyolmaymiz…

Har yili shu sana arafasida matbuotda koʻcha-koʻydagi reklama yozuvlari, peshlavhalardagi xatoliklar, tilimizga yot soʻzlarning koʻplab kirib kelayotgani haqida maqolalar eʼlon qilinib, soʻng yana jim boʻlib ketiladi.

Bugungi globallashuv jarayonida nafaqat jonli tilni musaffo holicha saqlab qolish, balki chalasavodlikni tugatish ham juda mushkul ishga oʻxshab koʻrinadi. Chunki internet bor, undan toʻrt-besh postlarni oʻqib, hammamiz oʻzimizni bilimdon sanab yuribmiz. Birovga "bunday emas, mana bunaqa", desang kaltaklashgacha borishi mumkin. (Oʻzining haqligiga ishonadi-da) Va eng asosiy muammo ham shunda — chalasavod inson bir nimani bilib olsa, tamom oʻla-oʻlguncha shunga sodiq qoladi.

Lekin, keyingi paytlarda matbuotda oʻzbek tilining imlo qoidalari yuzasidan ketayotgan bahs-munozaralarga qaraganda, haligacha imlomizning aniq qoidalari yoʻqmikan deb oʻylanib qolaman. Chunki kimdir muallif gapi va koʻchirma gaplarning aniq-tiniq boʻlishi uchun tinish belgilarini koʻproq ishlatishni, yana kimdir ularni imkon qadar kamroq ishlatib, «tejab qolish»ni taklif qiladi. (Tejaganda nima, bozorga opchiqib sotarmiding, deydigan odam yoʻq)

Mustaqillik yillarida tilimiz anchayin qaddini tiklab oldi. Lekin u bilan bogʻliq barcha muammo ham toʻliq bartaraf etildi, deb boʻlmaydi. Hozirda tilimiz bilan bogʻliq uch muammo bor, nazarimda.

Bular, barcha savodli boʻlib ketgan bir vaqtdagi chalasavodlik, tilning barcha uchun birday tushunarli emasligi va adabiy tilimizning anchayin rasmiylashib qolgani.

Chalasavodlik masalasi:

Bir qarashda hamma oʻqimishli, lekin qayerga qarama, oʻzbek tilidagi yozuvlarga gʻij-gʻij xato. Birgina holat — Toshkent shahrida "h" bilan "x"ning adashtirilishi kuydiradi odamni. Kirill harfida bu unchalik koʻzga tashlanmas edi, "ha, dumi tushib qolibdi", deb ketilardi-da. Biroq endi, lotin alifbosida bu chalasavodlikni yashirishning imkoni yoʻq — muammo bir "dum" bilan hal boʻlmaydi. Otning qashqasiday koʻzga tashlanib qolmoqda. Agar sal oʻylanadigan boʻlsa, bu harflarning yozilishida xato qilish imkoniyati 50/50. Nazariy jihatdan, adashib toʻgʻrisini yozib ham qoʻyish mumkin. Yoʻq, bular adashishmaydi. Albatta notoʻgʻri yozishadi. Shunisi kishini hayratga soladi.

Oʻzi bugun oʻzbek tilida xato yozish odatiy tusga kirib qoldi hech kim eʼtibor bermaydi, bergan taqdirda ham uyat sanalmaydi. Ha, yozibdi-yozibdi, toʻgʻrilasa boʻlar, toʻgʻrilamasa ham turaveradi, birovning boshini yorarmidi, deganday munosabatda boʻlinadi. Buning sababi nimada, bilasizmi? Koʻpgina shu sohaga mutasaddi rahbarlarning oʻzi savodsiz. Shu sababli ularga xato qilish katta aybday koʻrinmaydi.

Ikkinchi holat, nazarimda, biz tilimizdagi soʻzlarni bir xil maʼnoda tushunavermaymiz. Shuning uchun ham oʻz soʻzimiz, gapimizni birovlarga uqtirish uchun koʻproq oʻzga tillardan kirib kelgan soʻzlardan foydalanamiz. Qolaversa, bugun ogʻzaki soʻz boyligimiz oʻta qashshoqlashib ketgan. Oʻz ona tilimizda doʻndirib, fikrimizni ifodalab berolmaymiz.

Buning uchun gapimizning yarmi oʻzga stil soʻzlaridan iborat boʻlishi kerak. Gohida oliftachilik uchun ham shunday qilamiz — koʻringlar, men madaniyatliman, til bilaman, jahon kezganman, degan maʼnoda-da. Biror holatga yuz foiz ishonishingiz mumkin — tilni buzib gapirish oʻta xunuk holat.

"Semyaga baxt tilaymiz", "voobshe yoʻq", "toʻlka oʻzim boribman" (darvoqe, shu "toʻlka" soʻzini yoshlar boshqa oʻrindayam ishlatadi. "Mening toʻlkam", deb maqtanib qolishadi-ku, toʻgʻri talaffuzga esa til zormanda qovushmaydi), deyilsa kulgimiz qistaydimi? Shunday gap-da.

Globallashuv jarayonida gohida tilimizni yoʻqotib qoʻyayotgandekmiz. Shaharga chiqing, atrofga boqing. Hammayoqda oʻzga tillarda bitilgan nomlar. Hatto xususiy telekanallarga boqing, oʻzbekcha nom topa olasizmi? Deylik, "Zoʻr-TV"da faqat bitta koʻrsatuvning nomi oʻzbekcha boʻlsa kerak — "Nahori nashta", qaysiki uyam oʻzbekcha emas. Oʻz nomi bilan "Milliy" boʻlgan telekanal koʻrsatuvlari-chi? "MTV-show", "M-news", "Shirchoy"…

Nega shunaqa qilamiz? Nazarimda biz millat sifatida haligacha oʻzimizga toʻliq ishonmaymiz. Boʻlmasa tilimizdan, undagi soʻzlardan faxrlanmasmidik? Koʻrsatuvlarimizga, firma-doʻkonlarimizga undagi chiroyli, goʻzal soʻzlardan qoʻymasmidik? Tan olaylik, oʻzbek tilida goʻzal soʻzla xohlagancha topiladi.

Adabiy tilimizning his-tuygʻudan yiroqlashib qolayotgani ham bor gap. Chunki bu tilda yozilgan badiiy asarlar deyarli oʻqilmaydi. Bu tilda yaratilayotgan kino va telemahsulotlar esa oʻta iqtidorsizlik bilan, hissizlik va sovuqlik bilan ishlanadiki, ularda hayajon boʻlmaydi. Xalqimizning adabiy tilda eshitayotgani esa shu — teleyangiliklar va koʻrsatuvlar, xolos.

Bugun oʻz faoliyatini faqat til orqali amalga oshirayotgan kasblar soni nihoyatda ortdi, til tijorat quroliga aylandi.

Lekin tilni sotib, kun koʻradiganlar koʻpaygani sari, u qashshoqlashib bormoqda. Yoʻq, sotilib ketayotgani uchun emas, pul qilish imkoni paydo boʻlgan joyga oʻrtamiyona kishilar gʻujgʻon oʻynab qolishida…

Asosiy mavzular