20:10 23 Noyabr 2017
Efir
Planeta Zemlya iz kosmosa

Yalangʻoch, Chopontiqqan va Kuyganyor: Oʻzbekistonda uchraydigan gʻalati nomli joylar

© Flickr/ DonkeyHotey
Analitika
Havola olish
406770

Sputnik nashriga Toshkent shahri Shayhontohur tumanida yashovchi fuqarolaridan biri shunday savol yoʻllagan: "Toshkent shahrida Yalangʻoch deb nomlanadigan yashash joyi bor. U yer nima uchun shunday nomlangan?". Savolga javob olish maqsadida soha mutaxassisi bilan uchrashuv oʻtkazildi

TOSHKENT, 21 okt — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Oʻzbekistondagi barcha hududlar: shahar va qishloqlar nomlari oʻziga xos, qadimgi anʼanalarga ega. Har bir nom xalq tomonidan oʻylab topilgan, dedi ekspert Sputnik muxbiri bilan boʻlgan suhbat davomida.

Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, toponimikada oʻlka tabiatining koʻpgina xususiyatlari, aholining xoʻjalik faoliyati va etnografiyasi, asrlar davomida mamlakatda roʻy bergan tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy oʻzgarishlar aks etgan boʻladi. Shu bois, toponimik nomlarni tushunib-tushunmay, ulardan uyalish yoxud ularni almashtirish yaramaydi.

"Yalangʻoch — chiroyli yer demakdir"

Ism-sharifi sir qolishini soʻragan professorning soʻzlariga koʻra, Oʻrta asrlarda ijod qilgan Maxmud Qoshgʻariy joy nomlari lugʻati deya nom qozongan "Devonu lugʻatit turk" asarida "Yalangʻoch" — tep-tekis, yalanglik, yaʼni ochiq joy degan maʼnoni berishini qayd etgan.

"Har bir joy nomi — bu tarixiy nom. Misol uchun turkiy xalqlarda yalangʻoch — kenglik, ochiq joy degan maʼnoda qoʻllanilgan. Chiroyli joylarni yalangʻoch deyishadi. Bu eski sof oʻzbek tilidagi nom hisoblanadi", — deb taʼkidladi suhbatdosh.

Islom Karimov ham bu ishning masʼuliyatli ekanligiga urgʻu bergan

Geografik obʼyektlarni nomlash masalasiga shaxsan Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov katta eʼtibor bilan qaragan. Karimov qator viloyatlarda, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Kengashlarida soʻzlagan nutqlarida joy nomlariga munosabat, joylarni nomlash va oʻzgartirish oʻta maʼsuliyatli ish ekanligini, bunda milliy maʼnaviyat, milliy qadriyat anʼanalariga Mustaqillik yoʻlidagi ideallarga amal qilish lozimligini taʼkidlagan.

Nomlar joy xosiyatiga qarab berilgan

Oʻzbekiston toponimikasida yozilishicha, daryo, koʻl va quduqlar katta kichikligiga, suvning rangi, shoʻrligi, tozaligi, chuqurligiga qarab turlicha nomlangan. Suv tiniq va toza boʻlsa Oynakoʻl, Oynabuloq, chuqur va toza boʻlsa Koʻksuv, gʻordan boshlangan suvlar boʻlsa Oqsuv, loyqarogʻi — Ayron koʻl, Sarisuv deb ataladi. Masalan: Qorasuv — "buloq suvi" — tekis yerda sekin oqadi, daydi suv Fargʻonada Tentaksoy deyilgan. Surxondaryoda Jinni daryo xam bor, u bahorda burqirab oqib, toshib ketadi, qirgʻoqlarini oʻpiradi, yemiradi, yozda esa suvi qurib qoladi.

Qishda muzlamaydigan suv obʼyektlari ham bor. Bularga issik nom berilgan. Masalan: Issiqkoʻl.

Yonidan tabassumsiz oʻtilmaydigan joy nomlari

Dunyo xaritasida hazilnoma, kulguli yoki vahimali nomlar xam uchraydi. Masalan Angliyada — "Rahming kelsin", "Soʻqir kuyovlar", "Qurbaqalar", "Koʻrinmay qoldi", "Piyanistaning tavbasi" nomli shaxarlar, Amerikada "Ajal vodiysi", Eronda "Dashti noumid" kabi nomlar bor.

Rossiyaning Perm oʻlkasida Tupitsa va Suchkino qishloqlari bor. Irkutsk viloyatida esa Zadы hamda Loxovo qishloqlari oʻz nomi tufayli mashhur.

Kulgili yoxud antiqa nomlar Oʻzbekistonda xam topiladi. Borsakelmas, Labbay togʻi (Namanganda), Charchamang (Shahrisabzda) Choʻntak qishloq (Andijon) Boʻgʻozterak, Kuyganyor, Qolgan sir, Yoʻldoshning oti yiqilgan, Moxovtovuq, Ogʻzikeng, Chopon tiqqan, Gadoytopmas va boshqalar. Qorakapogʻistonda: Yeshkiulgech, (Echki oʻlgan), Ashaul (Och qishloq), Uzuaul (Xoʻkiz qishloq) va boshqalar.

Bunday nomlar eshitilishidan gʻaroyib boʻlib tuyulsada, xar birining oʻz tarixi, oʻz tafsiloti bor, albatta.

Qoraxitoylar haqida ham bir ogʻiz…

Professor qadimiy joy nomlariga tegmaslik kerak, degan fikrni ilgari surdi va yaqin oʻtmishda roʻy bergan bir voqeani yodga oldi.

"Turkiy tilli xalqlarda "qora" soʻzi maʼnosi juda keng. Yaʼni u faqat rang, yomonlik maʼnosida ishlatilmaydi. Masalan, Qoraxon deymiz. Bu — buyuk xon degani. Imperator soʻziga toʻgʻri keladi. Yunusobod tomonda Qoraxitoy degan koʻcha bor edi. Oʻsha nomdan "qora"ni olib tashlab, "xitoy"ning oʻzini qoldirishibdi. Qoraxitoy — bu qop-qora xitoy degani emas axir, qoraxitoy degan urugʻ boʻlgan, ruslar ularni qora kidanlar deb aytishgan. Bu koʻcha oʻsha urugʻ nomiga qoʻyilgan boʻlgan.

Shu bois, tushunib-tushunmay nomlarning oʻzgartirilishi — notoʻgʻri ish, bunday qilmaslik kerak. Yashash joy nomi maʼnosini hozirgi avlod bilmasligi, bu oʻtmish aybi emas. Bu yoshlar izlanmasligi tufaylidir", — deya suhbatga yakun yasadi professor.

Asosiy mavzular