20:10 23 Noyabr 2017
Efir
Vizit prezidenta Turtsii v Uzbekistan

Turk gambiti: Mirziyoyev va Erdoʻgʻon nimalarni muhokama qilishadi

© Ofitsialnыy sayt prezidenta Turtsii
Analitika
Havola olish
Mirziyoyevning Turkiyaga safari (11)
89230

Keyingi vaqtda ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar qanday rivojlanayotgani hamda Mirziyoyev va Erdoʻgʻan Anqaradagi muzokaralarda nimalarni muhokama qilishlari mumkinligi Sputnik muxbiri nigohida

TOSHKENT, 24 okt — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ertaga Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi bilan boradi.

Shubhasiz, ushbu tashrif hamda tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ikki davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Ammo bu yangilik emas, vaqt davomida tasdiqdan oʻtgan jarayondir. Eng asosiysi, ancha davr davom etgan sovuqchilikdan soʻng siyosiy sohada davlatlar mavqei qay darajada yaqinlashadi. Mirziyoyev va Erdoʻgʻon Anqarada boʻlib oʻtadigan muzokaralarda nimalarni muhokama qilishadi.

Murakkab oʻtmish

Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillik eʼlon qilgan onlardan boshlab Turkiya hukumati ushbu mintaqaga oʻz taʼsir doirasining salohiyatli sohalaridan biri sifatida qaray boshladi. Shu bois ham aynan birinchilardan boʻlib Turkiya nafaqat mintaqa davlatlarini tan olgani, balki oʻxshash mentalitet va madaniy anʼanalarga ega boʻlgan turk davlatlarini birlashtirish bayrogʻi ostida ular bilan faol munosabatlar oʻrnatishga kirishgani bejiz emas.

Oʻzbekiston mustaqillikning dastlabki yillarida ushbu jarayonga faol qoʻshildi, mamlakatda qisqa vaqt ichida yuzlab turk korxonalari ish boshladi, ayniqsa koʻplab sohalarda mahalliy bozorning unchalik rivojlanmagani sababli turklar deyarli “butun maydon”ni egallashdi. Masalan, tekstil sanoati, tezkor ovqatlanish sohasi, kimyo sanoatida shunday hol kuzatildi.

Bunga parallel ravishda 1994 yilda Oʻzbekistonda ofisi ochilgan Turkiya hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) saʼy-harakatlari samarasi oʻlaroq boshqa sohalarda ham hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Oʻshanda Oʻzbekiston hukumati oʻz kelajagi boʻlgan yoshlarni turklarga ishonib topshirgan holda taʼlim tizimida cheksiz sharoitlar yaratib berdi.

Butun mamlakat boʻylab taʼlim darajasi davlat taʼlim muassasalaridan ancha farq qilishi bilan nom qozongan turk litseylari ochila boshladi. Turli hisob-kitoblarga koʻra, mustaqillikning dastlabki besh yili davomida Oʻzbekistonda 60-70ta turk litseyi ochilgan. Bu litseylarda oʻqish urfga aylandi, boʻlajak davlat boshqaruvchilari, jamiyat oqsuyaklari taʼlimning birinchi bosqichini albatta mana shu yerda olishlari kerak deb hisoblanardi.

Biroq vaqt oʻtgach, tashkil etilgan taʼlim muassasalari orqali ayrim turk zodagon vakillari oʻz mafkuralarini ilgari surayotganliklari maʼlum boʻldi. Oʻshanda koʻplab mahalliy ekspertlar turk mafkurachilari mamlakat ichida Oʻzbekistonni Turkiya siyosatiga yetaklaydigan beshinchi kolonna tayyorlashayotgani haqida gapirishgandi.

1999 yilda Toshkentda qator portlashlar yuz berishi Oʻzbekistonni hushyor torttirdi. Portlashlardan biri Islom Karimov hukumat yigʻilishida ishtirok etishi lozim boʻlgan Vazirlar Mahkamasini vayron qilishi lozim edi. Oʻzbekiston hukumati oʻshanda sodir etilgan terrorchilik harakatlarida gumon qilingan muxolifatning qator yetakchilarini topshirishni soʻrab Turkiya tomoniga murojaat qildi. Biroq Anqara bu soʻrovni rad etish bilan koʻplab hamkorlikdagi loyihalarga nuqta qoʻydi.

Shuni tushunish lozimki, oʻshanda davlat rahbariga suiqasd uyushtirilgan va davlat toʻntarishiga urinish yuz bergandi, turk hukumati esa buning aybdorlarini oʻz qanoti ostiga olib ularni topshirishdan bosh tortdi. Shu bois 1999 yil oxirigacha Turkiya homiyligidagi deyarli barcha oʻquv muassasalari yopildi.

Qizigʻi, Turkiyani oʻzbek muxolifati vakillari, xususan, yozuvchi Muhammad Solih yashash joyi sifatida tanlagani uchun bu mamlakat Oʻzbekiston hukumatiga ilgari ham oʻziga xos boshogʻriq boʻlgandi. Yaqinda aeroportda qoʻlga olingan va keyin qoʻyib yuborilgan yozuvchi Nurullo Otaxonov ham yurtiga aynan Istanbuldan uchib kelgani tasodif emas.

Tutashuv nuqtalari

Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati Anqara shahrida boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, global hamda mintaqaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinishi, xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashilinishini bildirdi.

"Tashrif yakunlari boʻyicha davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilinishi, turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, Oʻzbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish, sayyohlar almashinuvi va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qaratilgan koʻplab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan", — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Keling, ushbu soʻzlar nimalarni anglatishini batafsil koʻrib chiqamiz. Turkiya va Oʻzbekiston uchun qator ziddiyatlar paydo boʻlgan iqtisodiy hamkorlik masalalari birinchi oʻrinda turadi. Turkiya Oʻzbekistonning anʼnaviy va muhim savdo hamkori hisoblanadi. 2000-2016 yillarda oʻzaro tovar aylanmasi hajmi deyarli yetti baravarga oʻsdi va 2016 yil yakunlariga koʻra 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bois bu yerda siyosat ikkinchi darajaga tushadi va har ikki tomon keskin savollarni keyinroqqa qoldiradi.

Oʻzbekistonda ulkan taʼsirga ega boʻlgan turk biznesi 2011 yilda qator muammolarga duch keldi. Bu bir tarafdan, oʻzbek muxolifatchilarini ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlagan turk hukumati siyosati sababli mamlakatlar oʻrtasidagi umumiy sovuqchilikka bogʻliq edi. Ikkinchi tarafdan esa, oʻzbek iqtisodiyotining qator sohalarida ustun mavqelarni egallagan turk biznesi vakillari ayrim amaldorlar himoyasi ostida boʻlgandi.

Oraga sovuqchilik tushganidan soʻng Oʻzbekistondagi turk kompaniyalarining ishlari qonuniyligini tekshirishga buyruq berildi. Natijada soliq va bojxona qonunchiligiga xilof millionlab dollarlik qonun buzilishlari aniqlandi. Shundan soʻng turli qonun buzilishlarida ayblangan oʻnlab turk kompaniyalari mamlakatni tark etdi.

Oʻzbekistonning yangi prezidenti turk biznesi bilan hamkorlik qanday samara keltirishini juda yaxshi anglagan holda mazkur vaziyatni oʻnglashga harakat qilmoqda. Shu kunlarda turkiyalik tadbirkor va turistlarning respublikaga kirish vizasi olish tartibini yengillashtiruvchi hujjat imzolandi.

Ikki mamlakat aviakompaniyalari oʻzaro parvozlar muntazamligi va geografiyasini tobora kengaytirgan holda faol hamkorlik qilishmoqda. Masalan, 30 oktyabrdan boshlab Istanbul va Samarqand oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Shu yilning fevral oyida Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi chogʻida 1 milliard dollarlik, may oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyalarining IV yigʻilishida esa 2 milliard dollarlikdan ortiqroq shartnomalar imzolandi.  Qizigʻi, mazkur komissiyalarning oxirgi yigʻilishi uzoq 2008 yilda boʻlib oʻtgandi.

Ayni paytda oʻzbek bozoriga kirib kelayotgan turk investorlari va kompaniyalari soni oʻsa boshladi. Xususan, Demir Group tashlandiq holga kelgan "Chorsu"mehmonxonasi oʻrnida zamonaviy koʻngilochar maskan barpo etmoqchi, shuningdek, poytaxtda savdo markazlari va restoranlar qurmoqchi. Turkiyalik qator investorlar respublikada elektrotexnika, oziq-ovqat, tekstil, charm-poyabzal va farmatsevtika, qurilish materiallari sohalarida qoʻshma korxonalar tashkil etishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Hozirda mamlakatda 500ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Birgina oʻtgan yilning oʻzida turk kapitali ishtirokida 20dan ortiq korxona tashkil etildi. Tomonlar oʻzaro tovar almashish hajmini kamida 2-3 baravarga oshirishni rejalashtirmoqda.

Koʻplab oʻzbekistonliklar Rossiya va Qozogʻistondan tashqari Turkiyaga ishlash uchun borishlari sir emas. Oʻzbek maxsus xizmatlari koʻplab oʻzbekistonliklar Turkiyada ekstremistik mafkura taʼsiriga tushib qolishgani va “Islom davlati” hamda boshqa terrorchi guruhlar safida jang qilish uchun otlanishgani haqida bir necha bor xabar qilgan. Shuning uchun Turkiyada ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini huquqiy himoya qilishni kuchaytirish masalasi bilan birga bu mavzu ham muhokama qilinishi shubhasiz.

Oʻzbek chegarachisi
Slujba natsionalnoy bezopasnosti Respubliki Uzbekistan

Shu bilan birga, mamlakatda oʻzbek muxolifati vakillarining qoʻnim topganligi masalasi ham muhokama qilinsa kerak. Mirziyoyev hukumat tepasiga kelganidan soʻng Toshkentning bu yoʻnalishdagi siyosati yuqori darajada liberallashdi, qamoqxonalardan qator huquq himoyachilari ozod qilindi, hukumat barcha qiziqqan tomonlarni muloqotga taklif etmoqda. AQShda boʻlgani kabi bu yerda ham mahalliy oʻzbek diasporasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etilishi ham istisno etilmayapti.

Davlat rahbarlari ilk marta koʻzda tutilayotgan harbiy-texnika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishlari mumkin. Fevral oyida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Turkiyadagi qator mudofaa majmuasi ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurgan, iyulda esa Mirziyoyev Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vazirini qabul qilgandi. Shundan keyin oʻzbek tomoni Turkiyadan zirhli texnika sotib olishi va hamkorlikda harbiy texnika ishlab chiqarishni tashkil etishi haqida xabarlar paydo boʻldi.

Transport sohasidagi hamkorlikni ham unutmaslik lozim. Har ikki davlat mavjud va yaratilayotgan global transport-logistika yoʻnalishlarida joylashgan va ushbu sohada hamkorlik qilishga tayyor boʻlsalar kerak.

Mavzu:
Mirziyoyevning Turkiyaga safari (11)

Asosiy mavzular