20:10 23 Noyabr 2017
Efir
Sotrudnik militsii v Uzbekistane

Otliq militsiya tashkil etilayotgan bir paytda otsiz qolgan "militsiya"

Ilya Varlamov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
240860

"Ichki ishlar organi", degan tushunchani "militsiya" soʻzi oʻrnida ishlatishga urinishmoqda. Lekin samarasiz

Ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami ham oʻtdi. Ammo bir savol ochiq qoldi: Oʻzbekistonda militsiya aslida militsiyami yoki boshqa nomi bormi?

"Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi qonunda "militsiya" soʻzi yoʻq. Qolaversa, Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligining sobiq rahbari Abdusalom Azizov jurnalistlar bilan oʻtkazgan uchrashuvlarining birida Oʻzbekistonda "militsiya" atamasi qoʻllanilmayotganini allaqachon aytib oʻtgan.

Militsiya soʻzi XX asrning boshlanishiga qadar "koʻngillilar qoʻshini" mazmunini bergan. Huquq-tartibot organiga mos kelmasligi sababli undan voz kechildi. Va bu qarorni "toʻgʻri" deya baholaganlar ham koʻp boʻldi.

Shu bilan bir vaqtning oʻzida ilgari "militsiya", deb atalgan tuzilma butkul tarqatib yuborilgan ham emas. "Ichki ishlar organi", degan tushunchani "militsiya" soʻzi oʻrnida ishlatishga urinishmoqda. Lekin samarasiz.

Birinchi — ijtimoiy jihati: xalq bu iborani qabul qilmaydi. Koʻcha-koʻyda, roʻparangdan birov vajohat bilan chiqsa, "ichki ishlar organi xodimi, yordam!", deb baqirib boʻlmaydi-da. Gap yakuniga yetguncha, masala hal boʻlishi mumkin… 

Ikkinchi — huquqiy tomoni: bu ikki tushuncha bir narsani ifodalamaydi. Ichki ishlar organi — keng tushuncha. U oʻz tarkibiga nafaqat militsiyani, balki taʼminot organlari va boshqa qator yoʻnalishlarni mujassam qiladi. Militsiya esa — kriminal va jamoat xavfsizligi tuzilmalaridan iborat.

"Ichki ishlar organi"  — bu maʼmuriy boshqaruv organi emas, bevosita xalq bilan ishlaydigan, odamlar har kun yuzma-yuz keladigan tashkilot. Nomi bu qadar aytib boʻlmas darajada emas, balki xalqqa yaqin, aniq va loʻnda boʻlishi kerak. 

Deyarli butun dunyoda jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurash tizimlari — "politsiya", deb ataladi. Markaziy Osiyo davlatlarini misol tariqasida oladigan boʻlsak, qoʻshni Qozogʻiston va Turkmanistonda ushbu tizim — politsiya, Qirgʻiziston va Tojikistonda esa militsiya deb atalib kelinmoqda.

Balki Oʻzbekistonda ham politsiya deb atalsa boʻlar? Ham huquqiy jihatdan toʻgʻri, hm quloqqa tanish, qolaversa shoshganda ham tilga yaxshi tushadi.

Aytgancha, yana bir gap, "Ichki ishlar organlari kuni" bayrami bahonasida internet makonida "ichki ishlar organlari xodimlariga jamoat transportidan tekinga foydalanish bekor qilindi" degan mazmundagi xabarlar tarqaldi.

Hayronsan, axborot deganlariyam shunchalar kech eʼlon qilinadimi? Bu imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasining 1996 yil 30 avgustdagi "Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida"gi qonuni bilan allaqachon bekor qilingan axir.

Asosiy mavzular