16:55 21 Noyabr 2017
Efir
Prezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev po vremya osmotra Sardobskogo vodoxraniliщa

Orzu mamlakati

Press-slujba prezidenta RUz
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
197591

"Oʻtgan bir yil ichida roʻy bergan oʻzgarishlarni sezdingizmi?" - hamkasbim kutilmaganda shu savol bilan murojaat qilib qoldi. Koʻpchilikni qiziqtiradigan, shu bilan birga hamma yangilikdan xabardor jurnalistlar ham gohida oʻz-oʻziga yoki hamkasbiga berib turadigan bu savolga albatta, javob bor. Meniki quyidagicha...

…Bugun Oʻzbekiston ulkan qurilishlar, oʻzgarishlar maydoniga oʻxshaydi. Lekin bulardan ham muhimrogʻi insonlar ruhiyati, ichki olamidagi oʻzgarishlar — Oʻzbekiston orzular mamlakatiga aylandi.

Odamlarga orzu qaytarildi.

Jamiyatning kam taʼminlangan tabaqasi mavjudligi, ular ham munosib hayotga loyiqligi tan olindi va arzon uy-joylar qurilishi boshlandi. Balki bu uylar hammaga yetmasligi mumkindir, lekin "qoʻrada koʻrsam koʻnglim toʻq", deydi xalqimiz. Shunday uylar qurilayotganining oʻziyoq koʻpchilikka umid bagʻishlaydi.

Jamiyatdagi yana bir muhim oʻzgarish, xalqqa orzuni, umidni qaytarib bergan oʻzgarish — oliy taʼlimdagi yangiliklar. Sirtqi oʻqishni tiklanishi koʻplar uchun ahamiyatsizday, jamiyat hayotida bilinar-bilinmas oʻtib ketganday. Aslida bunday emas — u kishilarga umidni, ertangi kunga ishonchni qaytardi.

Hammaning ham kunduzgi oʻqishda taʼlim olishga imkoni mavjud emas. Kimningdir ota-onasi yoʻq, kimningdir yaqinlari imkonsiz — maktabni tugatishi bilan ishlaydi, oʻzi, yaqinlarini boqadi. Endi ular ham taʼlim, muhimi diplom olishiga imkon yaratildi. Shunga umid uygʻondi.

Belgilangan kvotadan ortiq, qoʻshimcha toʻlov hisobiga oʻqishga qabul qilish borasidagi oʻzgarish ham ayni muddao boʻldi. Endi boylar pulini qoʻltiqlab, "tanka", "x" variant qidirib, "bunker" yollab yurmaydi. Hammasi ochiq, hammasi haqqoniy va odilona. Asosiysi, ular oʻqimishlilarning oʻrniga suqilib kirib olishga urinmaydi. Uning oʻz oʻrni boʻladi.

Ishsizlik boʻgʻma ilonday boʻyingga yopishib, bir umr qoʻyib yubormaydiganday tuyulgan paytda mamlakat boʻylab yangi ish oʻrinlarining yaratish, zavodlar, erkin iqtisodiy zonalar qurishga boʻlayotgan urinishlar…

Bozorlarda narx-navoning oshishi haqida koʻp gapiramiz, nolishlar ham koʻp. Aslida bu ham dehqonlarga umid bagʻishlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 6 noyabrdagi mahalliy eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan Qarori yil davomida ishlab, topgan-tutganini qoqi bahosiga sotib, toʻrt-besh soʻm pul topish maqsadida oʻzga mamlakatlarda xor-u zorlikda yurgan dehqonda oʻz yerida ishlab, pul topish, oila boqish, roʻzgʻor tebratish umidini paydo qildi.

Koʻpchilik, albatta, dehqonning boy boʻlishiga ishonmaydi. "Oʻn ikki oy beli bukilib, ter toʻkib ishlaydi-da, toʻy qilib, bor pulini kimsan falonchi qoʻshiqchiga berib yuboradi", deyishadi. Zarari yoʻq. Bora-bora dehqonlar ham oʻzligini namoyon qilishning boshqa maqbulroq yoʻllari, usullarini topishar.

Davlat pul topishga imkon yaratib bermoqda, aql topish esa har kimning oʻz ishi.

Asosiy mavzular