16:55 21 Noyabr 2017
Efir
Shavkat Mirziyoyev, Emomali Raxmon i Nursultan Nazarbayev na sammite v Er-Riyade

Markaziy Osiyo uvadasi chiqqan koʻrpadan voz kechib, amaliy ishga oʻtishi kerak - ekspert Qodirov

© Ofitsialnaya stranitsa prezidenta Tadjikistana v Facebook
Analitika
Havola olish
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)
106570

Ekspert Samarqanddagi xalqaro anjuman, mintaqadagi ahvol va 26 yil vaqt mobaynida tortilaverishi natijasida "uvadasi chiqqan koʻrpa" borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi

TOSHKENT, 13 noya — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Oʻzbekistonlik siyosatshunos Muhammadjon Qodirov 10-11 noyabr kunlari boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro tadbir bejizga Samarqand shahrida oʻtkazilmaganini, qolaversa, anjuman nomlanishidagi "yagona tarix" iborasi ishlatilishida ham ramziy maʼno borligini qayd etdi.

"Bizda tarixan ayirmachiliklar boʻlmagan"

"Uch ming yildan buyon Markaziy Osiyo yagona tarixga ega. Tili 2-3 xil boʻlishi mumkin, ammo qadimiy oromiy yozuvi asosida turkiy yozuvlar, eroniy yozuvlar, fors tili, tojik tili paydo boʻlgan. Tariximiz, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va dinimiz ham yagona boʻlgan. Shu bilan birga — 1924 yilda Bolsheviklar shoshma-shosharlik bilan qilgan chegara taqsimoti nihoyatda katta kamchiliklarga ega boʻlgan.

Chunki muayyan bir guruh — hattoki millionga yaqin boʻlgan odamlar bugun bir-birining hududida yashaydi. Mana masalan, Tojikiston territoriyasida milliondan oshiq oʻzbeklar yashaydi, Oʻzbekistonda ham tojiklar kam emas. Ammo biz ayirmakashlik qilganimiz yoʻq. Bitta xalqmiz, tilimiz boshqa boʻlsa ham. Odamlar hozirgacha bir-biri bilan quda-anda boʻlib yashab kelishayapti.

Sobiq Ittifoq parchalanib ketgach, mustaqillikdan keyin, 1995 yilning kuzida Toshkentda "Turkiston umumiy uyimiz" shiori ostida katta anjuman boʻlib oʻtgan edi. Oʻshanda endi bu 5ta respublika birlashadi, yagona davlat boʻladi, deb oʻylagandim. "Nega endi umumiy uyimiz boʻlarkan", deb bunga Tojikiston qarshi tura boshlagach, bu shior bir yumalab, "Oʻzbekiston umumiy uyimiz"ga aylandi…

Ekspert sifatida shuni aytishim mumkinki, "Turkiston umumiy uyimiz" shiori tojikistonliklarni xafa qilish maqsadida aytilmagandi. Ayirmachilik ishlari tarixan bizda boʻlmagan. Markaziy Osiyodagi 5ta respublikaning turkiy tilda gaplashadigan aholisi koʻp edi. Shuning uchun yagona tarixga ega boʻlgan oʻlka — Turkiston deb atalgan. 

Oʻtgan davrlar mobaynida, Moskvani aralashuvi natijasida bu 5ta respublika, iqtisodiy, yoʻl va kommunikatsiya jihatdan bir-biri bilan shunchalik kirishib ketgan ediki, yagona davlat boʻlmasdan har bittasi alohida yashab qolishi yoki taraqqiyotga erishishi mumkin emasdi.

Xullas, ayirmachilik oʻrtaga tushib, hamma koʻrpasini oʻzi tomoniga torta boshladi, lekin mana vaqt koʻrsatdiki, mustaqil boʻlganimizga 26 yil boʻlgan boʻlsa-da, hamma oʻziga tortavergan haligi koʻrpani uvadasi chiqib qoldi…

Koʻrpani oʻziga tortish — taraqqiyotga olib kelmadi

Siyosatshunos Qodirovga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida aloqalarning uzilib qolganligi mintaqa taraqqiyotini ancha ortda qoldirgan. Ekspert Mustaqillik yillarida Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanish darajasi va ulardagi kamchiliklar xususida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

"Qozogʻistonni olib qaraydigan boʻlsak, u yerda taraqqiyot Oʻzbekistonga nisbatan sal yaxshi, chunki yer islohotlari amalga oshirilgan, mulkchilik kuchli. Oʻzbekistonda ham hozir ahvol ilgarigidan koʻra yaxshilandi. Tadbirkorlikka yordam berish boshlandi, kichik obʼyektlar paydo boʻldi, katta korxonalar boʻlmasa ham, xususiy mulk sekinlik bilan boʻlsa-da kirib kelyapti.

Turkmanistonda ham rivojlanish bor, lekin resursiga nisbatan taraqqiyoti qoniqarli emas.

Tojikiston aholisi mana kutib-kutib, umumiy uyimiz boʻlmagani uchun, "umumiy uyimiz Rossiya ekan", deb hammasi Rossiyaga joʻnab ketdi.

Toʻgʻri, Oʻzbekistondan ham odamlar ketdi, lekin Oʻzbekistonning mehnatga layoqatli aholisining 8-9% Rossiyaga ketgan boʻlsa, Tojikistonda ushbu koʻrsatgich 25-30%ni tashkil qilmoqda…

Chegaralar ochiq boʻlishi kerak

Ekspert suhbat davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, sanoatni yurgʻizishlari kerakligini taʼkidlab oʻtdi.

"Buning uchun avvalo chegara ochiq boʻlishi, hech qanaqa toʻsiq boʻlmasligi kerak. Xalqlar bir-biri bilan murosa qilib, ozod yursa, undan keyin kommunikatsiya va tovarlardan foydalaniladi-da. Deylik, tovarlar Oʻzbekistondan oʻtib kelsa-da, Qozogʻistonda toʻsiqlar boʻlsa, yoki teskarisi, Tojikistondan chiqsa-da, Oʻzbekiston buni uch kun tekshirsa — bunaqada boʻlmaydi", — qoʻshimcha qildi suhbatdosh.

"Shu bois xalqaro jamoatchilikning eʼtiborini jalb qilish maqsadida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan kelishib, "Biz sizning qoʻllab-quvvatlashingiz ostida, sizning shafeligingizda qadimgi umumiy poytaxtimiz boʻlgan Samarqand shahrida konferentsiya qilaylik, bu juda dolzarb, xalqaro tashkilotlarning hammasini jalb qilamiz, shu beshta respublika oʻzaro aloqalarimiz koʻngildagidekmas, biz nega bu ahvoldan chiqmasdan, depsinib turaverarkanmiz, ishni yurgʻizaylik", degan tashabbus bilan chiqdilar.

Antoniu Guterrishning oʻzi nutq yozib yuboribdi, qoʻyib berishdi, Yevropa Ittifoqidan Federika Mogerini kelib oʻtirdi, "Shunday ajoyib Samarqand degan shahar bor ekan, madaniy markaz ekan, men birinchi bor keldim", deb ajoyib nutq soʻzladi. Mogerini YEI vakili sifatida 28 ta davlat nomidan soʻzladi.

Yevropa Ittifoqi davlatlaridan tashqari, Xitoy ham bu aloqalar yaxshilanishidan toʻgʻridan-toʻgʻri manfaatdor. Chunki ishlab chiqarish boʻyicha dunyoni 2-oʻrnida turgan tovarlarini Markaziy Osiyo orqali Yevropaga va boshqa mamlakatlarga sotishi mumkin.

Oʻzbekiston — oʻrtadagi mamlakat — bagʻrini ochib, aloqalarni, barqaror taraqqiyotni taʼminlaylik, hamkorlik qilaylik deb tursa, boshqalar bunga "tormoz" qilmasligi kerak, deb oʻylayman.

Qolaversa, xalq bu ishni nihoyatda kutyapti. Aloqalar yaxshilanishini. Qachon aloqalar yaxshi boʻlarkin va buni natijalarini biz oʻzimizda, oʻzimizni kundalik hayotimizda sezarkanmiz, deb turibdi.

Shaxsan men, ekspert sifatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari allaqanday memorandumdan koʻra, aniq bir shartnomalarga oʻtishini kutyapman. Aniq bir soha, deylik qishloq xoʻjaligi sohasida maʼlum bir loyihalarni amalga oshirsa.

Yaxshi niyat yaxshi, albatta, lekin shuncha yil oʻtdi, rasmiy gaplardan amaliy ishlarga oʻtish vaqti keldi.

Samarqanddagi konferentsiya amaliy ishlarga chaqiruv edi.

Amaliy ish qilish uchun esa hukumatlar bir-biri bilan shartnomalar tuzishi kerak, biz mana shu qadamni kutib yashayapmiz", — dedi suhbat yakunida ekspert.

10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida BMT shafeligida oʻtkazilgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik" mavzusidagi xalqaro konferentsiya oʻtgan haftaning eng yorqin tarixiy voqeasiga aylandi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yana bir marotaba oʻzining faol tashabbuskor ekanligini namoyish qildi.

Mirziyoyev tashabbusi bilan chaqirtirilgan anjumanda BMT, OBSE, Yevropa Ittifoqi, MDH, Markaziy Osiyo mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari va boshqa koʻplab oliy darajadagi ishtirokchilar Samarqand shahrida toʻplandilar.

Prezident xalqaro tadbirda jahon siyosatchilari, ekspertlar eʼtiborini Markaziy Osiyodagi ahvolga qaratib, uni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirish, ulkan hududda tinchlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash boʻyicha oʻta dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.

Eslatib oʻtamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq soʻzlagan Mirziyoyev Oʻzbekiston bugungi kunda oʻzining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga urgʻu berayotganini taʼkidlagan edi.

"Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qoʻshnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo — biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. Oʻzbekiston oʻzaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashning qatʼiy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar boʻyicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz", degan edi Oʻzbekiston rahbari.

Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan Samarqanddagi konferentsiya shu boradagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, umumiy yondashuvlar ishlab chiqish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mavzu:
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)

Asosiy mavzular