16:56 21 Noyabr 2017
Efir
Prosmotr seriala Oltin Davrim

Oltin davrning kumush seriali yoxud shu akamga shu yangam ham boʻlaveradi

Sputnik
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
82440

"Oltin davrim" yoshlarga juda yaqin, ularning tashvish-oʻylarini samimiy aks ettirgan, aqlli narsalar haqida aytiladi, lekin aqllilik qilib, tomoshabining jigʻiga tegmaydi. Lekin u ham xatolardan holi emas

Mana, nihoyat "Oltin davrim" milliy serialining takroriy namoyishi ham yakuniga yetdi. Endi koʻngilda yigʻilib qolgan ayrim fikr-mulohazalarni bayon etsak ham boʻladi. Ha-da, 63 qismlik serialga bir koʻrishning oʻzidayoq baho berish noxolislikka olib kelishi mumkin edi.

"Oltin davrim" oʻzbek milliy serialchiligini yangi pogʻonaga olib chiqdi. Har holda, ungacha yaratilgan hech bir asarda voqealarning bunchalar uygʻun va tezkorligi, obrazlarning aniq va oʻziga xosligi, aktyorlarning oʻz rollariga samimiy yondashishi koʻzga tashlanmagan. Aktyorlar ansambli ham ajoyib.

Shu paytgacha "Kaminaning oilasi", "Jiblajibon", "Qaynona-kelin"ga oʻxshash anchayin siyqa, nosamimiy hajviy seriallardan keyin bu asar komediya janriga oʻzgacha joziba va yoʻnalish olib kirdi. Hajviy serial — kitobiy, sovuq, hissiz yoki bachkana soʻzlar, artistlarning masxaraboznikiga oʻxshash qiliqlari va haddan ortiq choʻzilgan tanqidbop voqeadan iborat degan qarashga, dogmaga chek qoʻydi.

"Oltin davrim"gacha voqeaning oʻzi kulgili yoki tanqidiy boʻlsa bas, oʻtkir hazillar, hozirjavoblik esa qiziqchilarning chiqishlarida, QVZda boʻladi, deb hisoblashardi. "Oltin davrim" bu qarashga chek qoʻydi — voqealar qiziq va kulgili, ular atrofidagi gap-soʻzlar, dialoglar yanada qiziqarli, oʻtkir, kutilmagan. Oʻzbek milliy serialchiligida hali bunaqasi boʻlmagan.

Yoshlar mavzusiga bagʻishlangan "Hayot jilgʻalari", "Chempionlik orzusi" kabi asarlardan farqli oʻlaroq, "Oltin davrim" yoshlarga juda yaqin, ularning tashvish-oʻylarini samimiy aks ettirgan, aqlli narsalar haqida aytiladi, lekin aqllilik qilib, tomoshabining jigʻiga tegmaydi.

Eng asosiysi, ushbu asarda boshqa barcha seriallarda uchraydigan va tomoshabinning jigʻiga tegadigan — vaqtni atay choʻzish, qahramonlarning behuda va ortiqcha oʻy-xayollar surishi, u yondan bu yonga maqsadsiz, sandiroqlab yurishi kabi lavhalar umuman yoʻq. Asar joʻshqin va shiddatli kechadi.

"Oldin davrim"da ilk bor birovlarni tanqid qilmay, ustidan kulmay, ilm-fan, qiziqishlar yoʻnalishida ham kulgili asar ishlash mumkinligi isbotlandi.

Bir soʻz bilan aytganda "Oldin davrim", agar ulkan yuki xalaqit bermasa (tarix ulkan narsalarni ortmoqlab yurishni yoqtirmaydi), bora-bora balki klassik hajviy asarlar qatoridan joy olar.

Har toʻkisda bir ayb, ushbu serialning yutuqlariga qaramay, xatolari ham gʻij-gʻij.

Avvalo, mutaxassislarimizda bu darajadagi katta loyihalar bilan ishlashda tajriba yetmasligi koʻzga tashlangan.

Deylik, filmning 58-60-qismlariga kelib, Musa va Guli yoʻqolib qoladi. Lekin serialda ularning yoʻqolishini asoslaydigan holat yoʻq. Boʻlmaganiyam mayli, negadir Musa yoʻqolishi bilan uning oʻrniga Olmos shunday harakat qiladi. Unga oʻxshab fikrlaydi, uning uslubida gapiradi, xonasida yashaydi.

Bundan tashqari, oʻsha qismda Oʻtabek televizor koʻrib, imtihon topshirishi lozim. Holbuki u falsafa fakultetida oʻqiydi. Televizor koʻrib, imtihonni jurnalistikada oʻqiydigan Musa topshirishi mumkin aslida.

Oʻsha joyda Nosir aka Oʻtabekning otasiga qoʻngʻiroq qilib, uni Toshkentga chaqiradi. Bir safar falsafadan aza boʻp turganini eshitib, Toshkentga joʻnab qolgan, har ikki gapning birida poytaxtga bormoqchi boʻlaveradigan, oʻgʻlining oʻqishi uchun jon kuydiradigan Norboʻta aka bu safar oʻziga xos boʻlmagan holatda, toʻsatdan "bormayman" deydi.

Xuddi shu vaziyatda negadir Olmos otasi kelmayotganini oʻylab, tashvishga tushadi.

Bundan tashqari, yodingizda boʻlsa, kim koʻrkamligini aniqlash musobaqasida aynan Musa ishtirok etmaydi. Biroq keyingi qismlarda tanlovni tashkillashtirgani va unda ishtirok etgani uchun hamma Musani ayblaydi. Nega?!

Mazkur holatlar nazarimizda chuqur oʻylanib, mulohaza qilinib asar syujeti doirasida, unga xizmat qilish uchun topilgan voqealar emas, balki, ushbu qism lavhalarini suratga olish vaqtida Musa rolini ijro etayotgan aktyor (Shahboz Boboqulov) yo taʼtilga chiqqan yoki toʻy-poʻyga javob soʻrab ketvorgan. Uning rolidagi gap-soʻzlar, harakatlar tomoshabinni mensimagan holda unga-bunga boʻlib berilgan. Har holda, ushbu voqealardagi chalkashliklardan shunday xulosa chiqarish mumkin.

Pavilonda va tabiatda suratga olingan koʻplab lavhalarda ham uygʻunlik yoʻq. Ayniqsa, birinchi mavsumida. Xonada Musa sochi oʻsgan, biroz ulgʻaygan yigit, chopib koʻchaga chiqishi bilan sochi kaltarib, yosh bolaga aylanib qoladi. Kiyimlari ham birdan oʻzgaradi.

Alisher qishloqqa qaytib ketayotganda taksichi bilan gaplashadi. Taksichi unga aqlli gaplarni aytadi. Keyinroq xuddi shu soʻzlar birga bir koʻchirilib, eshak-arava haydab ketayotgan aravakashning tiliga tushiriladi. Yaxshi topilmani takror qoʻllash asarni siyqalashtirib yuboradi.

Alisher qishloqqa borganda oiladagilari bazm qilib, negadir raqsga tushadi. Oʻzbekning oilasida qarindosh-urugʻlar yigʻilganda raqsga tushishadimi? Buning ustiga qishloqda. Hayotda uchramaydigan narsa-hodisani kinoda koʻrsatishni toʻxtatsak filmlarimiz hayotiyroq chiqarmidi?

Chexovning devorda osilgan miltiqning albatta otilishi toʻgʻrisidagi oʻgitiga amal qilinmagan holatlar ham bor.

Masalan, Toyir bir-necha qismda velosiped koʻtarib yuradi.

Bunga alohida urgʻu beriladi. Shungacha nimagadir urgʻu berilsa, keyingi qismlarda u bilan bogʻliq voqea yuz berardi. Velosiped bilan esa bunday boʻlmadi. U shu holicha, ustiga boʻz yopilgancha serial oxirigacha xonada turaverdi, hech bir vazifani bajarmadi.

Serialda Zokir Ochildiyev talqinidagi domla obrazi toʻliq ochilmagan. Avvalambor, faqat "nima" degan soʻzni ishlatadigan rolga Z.Ochildiyevday ogʻir-vazmin aktyorning tanlanishi gʻalati. Rejissyorning xatosi shundaki, obrazni toʻliq anglab, yetmagan. Domla nima uchun "nima" soʻzini koʻp ishlatadi? Soʻz boyligi kamligi uchunmi? Yoʻq. U "Matbuot nazariyasi" fanidan dars beradi. Oʻqimishli, soʻzgayam boy.

Mantiqan xulosa qilsak, "nima" soʻzining koʻp ishlatishi sababi shundaki, u tez gapirishi lozim. Aqli tilining ortidan har doim ham ulgurib borolmaydi. Shuning uchun shoshilib har qanday soʻzning oʻrniga "nima" soʻzini qoʻyib ketaveradi. U bir umr shoshib yashaydigan odam. Nazarimizda obrazga shunday baho berilishi va shunga asosan tez gapiradigan, biroz shoshqaloq aktyor tanlanishi lozim edi. Bu holda esa domla qup quruq ahmoqqa chiqib qolgan.

Ushbu holatdan yana bir xulosa: qiziqchilarning kinoda obraz yaratishlari qiyin, chamasi. Ular tomoshalarda bir xilda oʻynayverib, qolipga tushib qolgan. Obrazga kirisholmaydi. Qiziqchilar ijro etgan aksariyat rollarga eʼtibor qaratsangiz, shunga guvoh boʻlasiz. 

Lekin, Mirza Azizov va Boir Xomirzayevlar yaratgan obrazlar oʻziga xos va jonli chiqqan. Tohir Saidovgayam serial davomida koʻnikishga ulgurasiz.

"Shu akamga shu yangam ham boʻlaveradi", deydi xalqimiz. Teleserialchilarning ham shunga oʻxshash fikrdaligi kishini biroz asabiylashtiradi. Yuqorida aytilgan va aytilmagan xatolar teleserial ijodkorlarining tomoshabinlar fikriga eʼtiborsizligini koʻrsatadi.

Ha, xatolar koʻp. Ular faqat ish yoʻq joyda boʻlmasligi mumkin. Maqsad esa, ularni imkon qadar kamaytirish.

Shunga qaramay, serialning yutuqlarini yana bir bor tan olish lozim. U haqiqiy talabalik romantikasini yaratgan, yoshlarning koʻnglida entikish, orzu-oʻylar uygʻotgan asar. Eng asosiysi, bachkanalik, masxarabozlik qilmay, milliy oʻziga xoslik, mentalitet doirasidan chiqmay kulgili asar yaratish mumkinligi isbotlandi.

Asosiy mavzular