12:12 18 Dekabr 2017
Efir
Stiven Frederik

Starr: Markaziy Osiyoga tashqaridan taʼsir koʻrsatishga urinishlar hamisha puchga chiqqan

Sputnik
Analitika
Havola olish
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)
72260

Amerikalik taniqli professor, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Stiven Frederik Starr Sputnik muxbiriga bergan intervyusida Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanish istiqbollari hamda unga tashqi kuchlarning taʼsir darajasi haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi

TOSHKENT, 17 noya — Sputnik, Dmitriy Klyuchevskiy. Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va qoʻshni davlatlar ushbu mintaqada sodir boʻlayotgan jarayonlar hamda terrorizm tahdidining kuchayib borayotganligi bois jahon ommasining diqqat markazida turibdi. Markaziy Osiyo davlatlarida tashqi siyosatda jonlanish va hozircha birlashishga boʻlmasa-da, kamida oʻzaro manfaatli hamkorlikka intilish kuzatilmoqda.

10-11 noyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va rivojlanishga bagʻishlangan anjuman yakunlari va mintaqaning kelgusi istiqboli haqida amerikalik ekspert Stiven Frederik Starr oʻz fikrlarini bildirdi.

— Konferentsiya doirasida mintaqadagi vaziyat va uning rivojlanish yoʻllari haqida turli, deyarli bir-biriga zid fikrlar yangradi. Bu Markaziy Osiyo ichidagi oʻzaro hamkorlikning kuchayishiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydimi?

— Men buni bir-biriga zid fikrlar demagan boʻlardim. Qaysidir vakil yoki ekspert bir muammoga eʼtibor qaratdi, yana boshqasi esa boshqa muammoga. Ular vaziyatni baholashda bir-birini toʻldiradi, aslo bir-biriga zid emas. Buning ustiga, shunday boʻlishi tabiiy, chunki bu ekspert va jahon hamjamiyati uchun tadqiqot va muzokaralar borasidagi mutlaqo yangi mavzu.

Bir paytlar barcha geosiyosiy kuchlar uchun judayam qulay boʻlgan va ushbu mintaqaga nisbatan ham qoʻllanilgan "boʻlib tashla va hukmronlik qil" strategiyasi juda ommalashgandi. Ammo hozir hammasi boshqacha ekanligini ushbu mintaqadagilar yaxshi tushunishadi. Konferentsiyada turli ovozlar yangragan boʻlsa-da, ularning bari bir narsada yakdil – deyarli 3 ming yil davomida bu yer bir mintaqa boʻlib kelgan. Ha, markazlar turlicha boʻlgan – Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlar, lekin mintaqa bitta boʻlgan. Shu bois ular oʻsha qadimiy hamkorlik anʼanalarini izlashmoqda.

Bu yerda men integratsiya degan soʻzni ishlatmaslikni maʼqul koʻraman, u koʻpchilikning yodiga sobiq sovetlarni soladi. Ular (mintaqadagilar) hamkorlik va muvofiqlik haqida koʻp gapirishmoqda – bu juda yaxshi. Ular Markaziy Osiyo deb atalmish ulkan uyning ikkinchi qavatini qurishga kirishishgandek goʻyo.

Bir narsani yana bir marta tan olib aytish kerak, ular bir-birlarini bizdan koʻra yaxshiroq bilishadi, buni unutmaslik darkor. Hattoki qirgʻizlar va oʻzbeklar suv borasida bahslashishganida ham – bahs oʻta jiddiy edi – ular baribir chegaradan chiqib ketmaslik kerakligini va ertami-kechmi tomonlar kelishib olishlarini yaxshi bilishardi. Oqibatda ham shunday boʻldi, ular umumiy nuqtaga yetib kelishdi. Bu judayam qiziq, nozik masala…

— Konferentsiyada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv organini hamda mintaqaviy ekspert kengashini tashkil etish zarurligi haqida soʻz bordi. Ammo bugungi kunda qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – SHHT, KXSHT yoki MDH mavjud. Yana bir tashkilot tuzilishi ortiqchalik qilmaydimi?

— Poydevorni shunday tiklash mumkin – Markaziy Osiyoni ichkaridan yoki tashqi kuchlar orqali tashkil etish. Men anchadan buyon kuzatib kelaman, ushbu mintaqani tashqaridan boshqarishga boʻlgan barcha urinishlar oxir-oqibat muvaffaqiyatsiz yakun topgan. Menimcha, tashqaridan aralashmay, mahalliy tashabbuslarning amalga oshishini jimgina kuzatgan maʼqul.

Buning ustiga tashqaridan kiritiladigan loyihalar nafaqat iqtisodiy, balki qanchadir miqdorda siyosiy tarkibga ham ega boʻladi. Bundan esa hech kim manfaat koʻrmaydi. Asosiysi, ushbu mintaqaning mustaqilligi, oʻzligi va madaniyatini hurmat qilish darkor.

Mavzu:
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)

Asosiy mavzular