12:14 18 Dekabr 2017
Efir
Sotrudnik militsii v Uzbekistane

Oʻzbek militsionerining boʻyi 5 santimetrga qisqartirilib, yoshi 5 yilga uzaytirildi

Ilya Varlamov
Analitika
Havola olish
8113311

Oʻzbekistonda 25 yil amal qilgan vaqtincha nizom nihoyat bekor boʻldi

TOSHKENT, 4 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Ruslarda hech nima vaqtinchalik narsa kabi umrboqiy boʻlolmaydi, degan ibora bor. Aynan shu iborani keyingi 25 yil davomida Oʻzbekistonda "Ichki ishlar organlarida xizmat oʻtash toʻgʻrisidagi muvaqqat nizom" isbotlab turgan edi. 

Aynan shu Muvaqqat nizom bilan militsiyaning 2 avlodi xizmatga kirib, pensiyaga ham chiqib ketdi (Oʻzbekistonda militsiya xodimi 12,5 yilda pensiyaga chiqarilardi, izoh quyiroqda).

Nihoyat, ushbu, "umrboqiy" nizom bekor boʻldi. 2017 yil 29 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ichki ishlar organlarida xizmat oʻtash tartib-qoidalarini belgilovchi qarori eʼlon qilindi.

Qarorda Prezident ichki ishlar vazirligining kadrlar tanlash, joy-joyiga qoʻyish, ularning zaxirasini shakllantirish, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat oʻtashlarini tashkillashtirish ishlari qoniqarsiz, deb baholadi.

Shunga asosan sakkizta ustuvor vazifalar belgilanib, xodimlarning asosiy xizmat burchi — xalq manfaatlariga xizmat qilish ekani taʼkidlandi.

Qaror bilan Ichki ishlar organlarida xizmat oʻtash toʻgʻrisidagi nizom va Ichki ishlar organlarining intizom nizomi tasdiqlandi.

Shu paytgacha amalda boʻlgan Muvaqqat nizom va yangi eʼlon qilingan nizomni taqqoslab, ichki ishlar organlarida xizmat oʻtash tartib-qoidalarida oʻta jiddiy va tub oʻzgarishlar amalga oshirilganini koʻrishimiz mumkin.

Xususan, ayrim toifalarning xizmat oʻtash yoshi 5 yilga uzaytirildi. Unga koʻra safdor va serjantlar tarkibi va ayollar uchun eng yuqori yosh — 50, ofitserlar uchun 55, generallar uchun 60 yosh etib belgilandi. Bunda polkovnik va general unvonidagilarning yoshidagi chegara oʻzgarmagan.

Yana bir jiddiy oʻzgarish — pensiyaga chiqish yoshi. Endi kalendar hisobida toʻliq 20 yil xizmat qilgan xodimlargina pensiya olish huquqiga ega boʻladi. Ilgari pensiya hisoblashda imtiyozlar ham eʼtiborga olinardi va 12,5 yil ishlagan xodim (agar armiyada xizmat qilgan boʻlsa) pensiya olish huquqiga ega boʻlardi. Xullas, davlatga 12 yil xizmat qilib, 32 yoshida pensiyaga chiqib, 50 yil pensiya oladiganlar koʻp boʻlgan. Endi, bu — qaysidir maʼnodagi haqsizlikka barham berildi.

Bir vaqtning oʻzida respublikaning barcha hududida bir kunlik xizmat bir yarim kunga tenglashtirildi. Ilgari bu imtiyoz Toshkent shahridan tashqari barcha hududlarda mavjud edi. Goʻyo, Toshkent boshqa hududlardan iqlimi bilan tubdan farq qiladigan mintaqada joylashgan. Endi bu nomutanosiblikka ham chek qoʻyildi.

Asosiysi, ushbu imtiyoz 20 yillik xizmatdan keyin, pensiya hajmini belgilashda hisobga olinadi.

Xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish muddati 3 yildan 5 yilga oʻzgartirildi, rahbarlarni rotatsiya qilish esa aksincha, 5 yildan 3 yilga qisqartirildi.

Nomzodlarni ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilishdayam talay oʻzgarishlar koʻzda tutilgan.

Endi xizmatga boʻyi 165 sm. va undan yuqori boʻlgan erkaklar va 160 sm. va undan yuqori boʻlgan ayollar qabul qilinadi. Ilgari tegishincha 170 va 165 santimetr edi.

Shu paytgacha amal qilgan, nomzodlarning ruhiy holati, sogʻligi, jismoniy tayyorgarligini oʻrganish va sinovdan oʻtkazishlar qolgani holda, yakuniy test sinovlari bekor boʻldi. Endi nomzodlar yakuniy suhbatlar orqali xizmatga qabul qilinadi. Bunda har bir oʻrin uchun kamida ikki nafar nomzod suhbatga kirishi lozim boʻladi. Shu bilan birga, ayrim mutaxassisliklarni suhbatsiz qabul qilish vakolati ham belgilab qoʻyildi.

Serjantlar tarkibiga oʻqish uchun endi oʻrta maʼlumotli nomzodlar ham qabul qilinadi. Ilgari kamida oʻrta-maxsus maʼlumot talab etilar edi.

Intizom nizomiga muvofiq xodimlarni jazolashda qoʻshimcha ravishda amal maoshining 50 foizigacha miqdorda jarimaga tortish jazosi kiritildi.

Bundan keyin xodimlar:

- oʻzini huquqbuzarlik sodir etishga undagan har qanday shaxs yoki boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan har qanday huquqbuzarliklar toʻgʻrisida yuqori turuvchi rahbariga yoki tegishli organlarga xabar berishga majbur;

— boshliqlar tomonidan berilgan gʻayriqonuniy buyruqlarni bajarmaslik huquqiga ega.

Mutaxassislar tomonidan "tarixiy" deb atalayotgan ushbu qaror, shuningdek, xizmat oʻtash, attestatsiyadan oʻtkazish, ustoz-shogird anʼanalarini davom ettirish va boshqa qator masalalarda jiddiy oʻzgarishlarni koʻzda tutadi. Bir soʻz bilan aytganda, Nizom ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash masalasida shaffoflikni, ochiqlikni taʼminlash, bu sohada bugungi kunda yuzaga kelgan illatlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Asosiy mavzular