12:14 18 Dekabr 2017
Efir
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyev bilan bir yil

© IA "Jaxon"
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
3093104

Mirziyoyevning davlat rahbari etib saylanishi bilan bir vaqtda Toshkent shahrida qachonlardir va nima uchundir yopilgan yoʻllar qaytadan ochildi, buzilgan koʻprik tiklandi. Bir qarashda buning katta siyosatga aloqasi yoʻqday, goʻyo! Aslida zamirida katta maʼno va ramziylik bor

Bundan roppa rosa bir yil burun Oʻzbekistonda prezident saylovi oʻtkazilgan edi. Shavkat Mirziyoyev mana bir yildan buyon Oʻzbekistonni boshqarib kelmoqda. Xoʻsh, shu kichik davrda prezident davlat boshqaruvida qanday oʻzgarishlarni amalga oshirib, nimalarga erishdi-yu, nimalarni nazardan qochirdi?

Aytish lozim, Mirziyoyevning davlat boshqaruv siyosati:

ichki siyosatda — xalq manfaatini ustuvor koʻrishga va fuqaro erkinligini taʼminlashga;

tashqi siyosatda — inoq qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch asosida manfaatli sherikchilikka yoʻnaltirildi.

Yil davomida amalga oshirilgan barcha harakatlar, qilingan ishlar, chiqarilgan meʼyoriy hujjatlar, qaysidir maʼnoda, shu ikki yoʻnalishni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Avvalambor, davlatchilik siyosatida misli koʻrilmagan, hatto jahon miqyosida ham anchayin yangilik boʻlgan xalq bilan muloqot tizimi yaratildi. Davlat qurilishidagi oʻzgarishlar aynan shu mezon asosida amalga oshirilmoqda. Yaʼni davlatning xalq oldida hisobdorligi va uning manfaatlari yoʻlida xizmat qilishi. Davlat boshqaruvining mahalliy hokimiyatga boʻysunmaydigan alohida tizimi — xalq qabulxonalari tashkil etildi.

Mamlakat ichki siyosatni yuritishda yil davomida amalga oshirilgan ishlarni shartli tarzda toʻrt yoʻnalishga boʻlish mumkin. Bular xalqning:

— jismoniy salomatligini;

— tinchligi, erkinligi va osoyishtaligini;

— yuksak maʼnaviyatini;

— iqtisodiy barqarorligini taʼminlash.

Prezidentlikning dastlabki oylarida dori-darmon sohasini tartibga solish toʻgʻrisida hujjat qabul qilindi, soʻng Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida oʻzgarishlar amalga oshirildi, mamlakatda dori-darmon ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish borasida bir-necha erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi.

Huquq-tartibotni mustahkamlashga jiddiy eʼtibor qaratildi. Shu yil 7 yanvar kuni prokuratura organlari xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazildi, 10 aprel kuni ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan Farmon imzolandi. Unga asosan ichki ishlar tizimini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy baza deyarli qaytadan ishlab chiqildi va eʼlon qilindi. Sohada tub islohotlar amalga oshirildi.

Aholining bilimi, maʼnaviyatini oshirish maqsadida yil boshida kitob savdosini rivojlantirish, aholi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib etish borasida hujjat imzolandi. Keyinchalik ham Prezident yuksak minbarlardan turib, bir-necha bor xalqni kitobxonlikka chorladi. Yil oʻrtalariga kelib, Yoshlar ittifoqi tuzildi, unga yoshlar borasidagi siyosatni amalga oshirishda katta imkoniyatlar va vakolatlar berildi.

Avgust oyida esa Prezident ziyolilar bilan uchrashdi. Maʼlum boʻldiki, bundan keyin xalq maʼnaviyati orqali tijorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, endi qoʻshiqchilar toʻrtta lapari bilan mamlakat maʼnaviy hayotini belgilamaydi. Haybarakallachi rimliklarning anchayin amalda boʻlgan "non va tomosha" tamoyili urfdan chiqariladi.

Tijorat yuritishni erkinlashtirish, uni roʻyxatga olishda yengilliklar yaratish, soliq imtiyozlari berish, eksport va importga chegaralarni kengroq ochish, naqd pul muammosining hal etilishi, valyuta savdosidagi erkinlik — bularning barchasi xalqning iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga qaratildi. Shuningdek, bu oʻzgarishlar iqtisodiyotga zugʻumning toʻxtatilishi, unga erkinlik berilishi, bundan keyin u faqat bozor qonun-qoidalari orqali tartibga solinishini ifodalaydi.

SH.Mirziyoyev tomonidan mamlakat ichki siyosatida amalga oshirilgan jiddiy oʻzgarishlardan biri — shaxsiy javobgarlik, har bir rahbarning xalq oldida oʻzi javob berishi.

Prezident shu paytga qadar anchayin eʼtiborga olinmagan shaxsni birinchi darajaga olib chiqdi. Shunga qadar faqat artist va qoʻshiqchilar egallab olgan televideniye mamlakatda ulardan boshqalar ham borligini eslab qoldi. Vazirlik va muassasalar rahbarlari matbuot anjumanlari oʻtkazmoqda, badavlat insonlar pulni qanday topganini televideniyeda ochiq-oydin gapirmoqda, dehqondan tortib kimyogarchaga — turli mutaxassislar oʻz bilim va tajribalari bilan oʻrtoqlashmoqda.

Mirziyoyevning davlat rahbari etib saylanishi bilan bir vaqtda Toshkent shahrida qachonlardir va nima uchundir yopilgan yoʻllar qaytadan ochildi, buzilgan koʻprik tiklandi. Bir qarashda buning katta siyosatga aloqasi yoʻqday, goʻyo! Aslida zamirida katta maʼno va ramziylik bor.

Bu mamlakatda har xil taqiqlar olib tashlangani, fuqaroga erkinlik berilganini koʻrsatadi.

Dastlabki bir yillik ulkan bunyodkorliklari bilan ham koʻpchilikning yodida qoldi. Saylovoldi dasturida aytilganiday, kam taʼminlangan oilalar uchun uylar barpo etish boshlandi, Toshkent atrofida metro qurilishi yoʻlga qoʻyildi, turizmni rivojlantirish asosiy vazifalardan biriga aylantirildi, erkin iqtisodiy zonalar koʻpaymoqda, tijoratga erkinliklar berildi.

Keyingi bir yil Oʻzbekistonda hayajonli va yangiliklarga boy oʻtdi. Xalq kunda, kun aro ulkan oʻzgarishga, yangilikka guvoh boʻlib turdi. Bu esa unda kelajakka ishonch tuygʻusini oshirib, hayotiga mazmun olib kirdi. Hatto bu oʻzgarishlarga shunchalar berilib ketdiki, gohida boʻlayotan oʻzgarishlar kamday tuyula boshladi ham.

Biroq, noyabr oyida benzin narxining oshishi zavq-shavq bilan yashayotgan xalq ishtiyoqini soʻndirib, shashtini susaytirdi (demak, xalqning iqtisodiy holati yaxshi, mashina koʻp, shundan benzinning tashvishi xalq muammosiga aylangan).

Oy oxiriga kelib eng kam oylik ish haqi miqdorining oshirilishi esa unga ilgarigi shavqni qaytarganday boʻldi.

Aytish lozim, Mirziyoyevning saylovodi maʼruzalarini har bir fuqaro entikib, berilib tinglagan edi.

Albatta, prezidentning oʻzgalarni ishontirish va oʻz fikrini uqtira olish qobiliyatiga shubha bildirmasak ham boʻladi, biroq maʼruzalarda xalq kutgan, orzu qilgan hayotning ifoda qilinishi, unga erishish yoʻllari aniq-ravshan koʻrsatib berilgani fuqaroni maftun qilgan edi.

Bugun, oradan bir yil oʻtib, saylovoldi dasturida koʻrsatilgan tadbirlar ijro etilmoqda.

Buning uchun esa mamlakat davlat organlarida ijro intizomini mustahkamlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Vazirliklar, muassasalarning tuzilishidagi oʻzgarishlar, optimallashtirish, xususan yaqinda Vazirlar Mahkamasining ijroiya apparatidagi oʻzgarishlar ham shu maqsadni koʻzlab amalga oshirildi.

Albatta, bir yillik ishlarga boqib, barcha oʻzgarishlarning haqiqiy koʻlamiga baho berib boʻlmaydi. "Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar meva va yaproq", degan edi ulugʻlardan biri. Shubhasiz, keyingi bir yil davomida tamal toshi qoʻyilgan barcha ishlar oʻzining mevasini beradi, yaratilgan meʼyoriy-huquqiy baza oxir-oqibat mamlakatni iqtisodiy jihatdan baquvvat davlatlar qatoriga qoʻshib, fuqaroning farovonligini taʼminlaydi.

Asosiy mavzular