12:14 18 Dekabr 2017
Efir
Starыy gorod v Iyerusalime

Trampning Yaqin Sharqdagi yurishi

© Sputnik/ Vitaliy Belousov
Analitika
Havola olish
42920

AQSH prezidenti Donald Tramp Quddus Isroil poytaxti deb tan olinganligini eʼlon qildi va Amerika elchixonasi ushbu shaharga koʻchirilishini bildirdi

Rostislav Iщenko

AQSH prezidenti Donald Tramp oʻzining saylovoldi vaʼdasini va Kongressning 1995 yildagi rezolyutsiyasini bajarishga qaror qildi hamda AQSH elchixonasini Quddusga koʻchirishni haqida topshiriq berdi. U bu bilan mazkur shaharni Isroil poytaxti deb tan oldi. Bu AQShning Yaqin Sharq uchun kurashishga qaror qilganini bildiradi. Ammo toʻgʻridan-toʻgʻri shaklda kurash olib borishni davom ettirishga zaxirasi qolmagan AQSH yana oʻsha sinalgan tartibsizlik uslubidan foydalanishga urinmoqda.

Siyosiy shaxmat

Gap shundaki, har qanday tizimli oʻyinda (shaxmatda, urushda, siyosatda) xaotizatsiyadan (tartibsizlik uyushtirish, algʻov-dalgʻov qilish) koʻzda tutilgan yoʻllar magʻlubiyatga olib borishi muqarrar boʻlgan hollarda foydalaniladi. Tizimli joylashuvni algʻov-dalgʻov qilish zaif va kuchli tomonlarning har birini teng vaziyatga keltirib qoʻyadi. Navbatdagi yurishlarni bevosita taxta ustida hisob-kitob qilish kerak boʻladi, oldingi hisob-kitoblarning barchasi yoʻqqa chiqadi. Nazariy jihatdan bunday sharoitda tomonlarning teng boshqaruv birliklaridagi xatoga yoʻl qoʻyish ehtimoli bir xil boʻladi. Zaif tomon kamroq boshqaruv birligi bilan harakat qilgani uchun kamroq xato qilish ehtimoli mavjud va u gʻalabaga erishmasa ham, hech boʻlmaganda durangni qoʻlga kiritish imkoniyatiga ega boʻladi.

Shuning uchun AQSH Obama davrida jahon siyosatida tartibsizliklar uyushtirganida bu ularning zarariga ishladi. Oʻsha paytlarda ular kuchli tomon edilar va global siyosiy makonni algʻov-dalgʻov qilib oʻz ustunliklaridan ayrilishdi.

Bugungi kunda Yaqin Sharqda vaziyat oʻzgardi. AQSH oʻz oʻrnini yoʻqotdi, barcha zaxira va ittifoqchilaridan foydalanib boʻldi, Rossiya esa bularning barchasiga ega boʻldi. Shu sababli mintaqani qaytadan algʻov-dalgʻov qilishga urinish AQSH manfaatlariga xizmat qiladi.

Bu Rossiyaning harbiy-siyosiy qarama-qarshilikda erishgan gʻalabasini diplomatik jihatdan mustahkamlashiga hech boʻlmaganda vaqtincha xalaqit beradi. Vashington uchun Rossiyaning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari tartibsiz vaziyatni turlicha baholashlari qoʻl kelishi mumkin. Ular orasidagi qarama-qarshiliklar strategik rejalar hisob-kitobi darajasida kuchayishi, vaziyat rivojlanishiga qarab AQShga ularni bir-biriga qarshi qoʻyishga imkon berishi mumkin.

Ammo bularning bari kelajakda boʻlishi mumkin. Hozircha esa Tramp Yaqin Sharqda piyodani (Isroil) qurbon qilishni taklif etmoqda. Hattoki Yevropada kuchliroq donani (YEI) qurbon qilishga tayyorligini ham koʻrsatmoqda.

U nega bunday qilyapti? Axir u ham oʻzidan oldingi prezidentlar singari bir yilda ikki marta elchixonani koʻchirishni ortga surish haqida farmon imzolashi va hamma bundan qanoat hosil qilishi ham mumkin edi-ku.

Mintaqada yetakchi boʻlish uchun kurash

Gapni Rossiyaga moyil koalitsiya amalda Isroilning dushmanlaridan iborat ekanligidan boshlaymiz. Yahudiylar davlati 1967 yil iyunida Golan tepaliklarini ishgʻol qilib olgach, Suriya keyingi oʻn yilliklar davomida Isroil bilan Livanga taʼsir koʻrsatish uchun toʻqnashib kelgan. Bundan tashqari, Tel-Aviv Suriyada yakuniga yetayotgan fuqarolar urushi davrida ushbu davlatga yaqqol qarshi mavqeni egalladi, terrorchilarga qarshi kurashayotgan Suriya hukumat kuchlariga turli bahonalar bilan bir necha marta zarbalar berdi.

Eron Isroilni dengizga choʻktirib yuborish istagini hech qachon yashirmagan. U yahudiylar davlati timsolida oʻrta asrlardagi salbchilar davlatiga oʻxshagan Gʻarb platsdarmini (hujum boshlanadigan joy) koʻradi va aynan mana shu yerdan harbiy tahdid kelib chiqishi hamda buni faqatgina Isroilni yoʻq qilish orqali bartaraf etish mumkin deb hisoblaydi.

Turkiya ilgari Isroil bilan juda yaqin, konstruktiv va tadbirkorlik munosabatlariga ega edi. Lekin oʻtgan oʻn yilliklar davomida munosabatlar sovuqlashib bordi, oxirgi besh yil ichida esa ochiqchasiga buzildi. Bu Turkiya Asadga qarshi koalitsiyada boʻlganida unchalik sezilmagan edi. Ammo Erdoʻgʻon yorugʻlik tomoniga oʻtgach, Isroil-Turkiya munosabatlari Isroil-Eron munosabatlari darajasiga yaqinlashib qoldi. Bundan tashqari, Quddus masalasida Anqaraning tutgan mavqei Tehronnikidan ham koʻra qatʼiyroq chiqdi. Erdoʻgʻon agar Amerika Quddusni Isroil poytaxti deb tan oladigan boʻlsa (buni AQSH elchixonasining koʻchirilishi isbotlaydi), Turkiya Tel-Aviv bilan diplomatik aloqalarni uzishi haqida ogohlantirdi. Erdoʻgʻon bu butun dunyo musulmonlari uchun qizil chiziq ekanligini aytdi va yaqin bir yarim hafta ichida Istanbulda Islom hamkorlik tashkiloti konferentsiyasini chaqirishga vaʼda berdi.

Erdoʻgʻon yuzaga kelgan inqirozdan Turkiyaning islom olamida yetakchi mavqeni egallashida foydalanmoqchi va bu Anqaraning mintaqaviy yetakchi maqomini ham mustahkamlaydi.

Lekin mintaqada yetakchi boʻlishga Eron va Saudiya Arabistoni ham daʼvogarlik qilmoqda. Ar-Riyod Tel-Aviv bilan anʼanaviy ittifoqchilik munosabatlariga ega va Saudlar paydo boʻlgan ziddiyatni yumshatishga hamda uni uzoq davom etuvchi muzokaralar jarayoniga aylantirishga urinishi mumkin. Shialar yetakchisi boʻlgan Tehron esa uzoq davom etgan hamda koʻrfazning sunniy davlatlari, terrorchilar xalifaligi, Vashington va Isroil (norasmiy) unga qarshi chiqqan Yaqin Sharq nizosi davomida radikallashib ketgan.

Endilikda "Hizbulloh" mintaqadagi nafaqat yagona, balki eng radikal shialar guruhi emas. Agar Tehron mintaqaviy yetakchilikka daʼvo qiladigan boʻlsa (u buni xohlaydi) oʻz mijozlari kayfiyati bilan ham hisoblashishga majbur. Ayniqsa, Erdoʻgʻonning radikal mavqei ortida.

Agarda islom olami (koʻpchilik boʻlib) Quddus masalasida radikal mavqeni egallasa, u holda Saudiya Arabistoni uchun harakatlanish makoni kamayadi. U hech boʻlmaganda soʻz bilan koʻpchilikning qarorini qoʻllab-quvvatlashi kerak boʻladi.

Arab va arab boʻlmagan musulmon xalqlari birdaniga Isroilga qarshi urush boshlab yuborishmaydi. Biroq, birinchidan, barcha Falastin tashkilotlarini (islomning qaysi mazhabiga eʼtiqod qilishidan qatʼi nazar) qoʻllab-quvvatlash keskin kuchayadi. Isroilga qarshi kurashayotgan radikal guruhlar terrorchi deb tan olinmaydi. Ikkinchidan, yahudiylar davlati diplomatik qamal ichida qoladi. Uchinchidan, hech boʻlmaganda Isroilga qarshi islomiy sanktsiyalar qoʻllash masalasi muhokama qilinadi.

Musulmonlar Yevropasi qanday javob qaytaradi?

AQSH Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskin yomonlashtirishdan tashqari, YEI uchun ham muammolar keltirib chiqarmoqda. Bir tarafdan, asrlar davomida antisemitizmdan jabr chekkan va Gitlerning yahudiylarni qatliom qilishiga yoʻl qoʻyganligi uchun aybdorlik hissidan toʻla qutulmaganligi bois Yevropa urushdan keyingi oʻn yilliklar davomida Isroilni qoʻllab-quvvatlashga majbur boʻlib kelgan. Yevropa siyosati va OAVda yahudiylarning qudratli lobbisi (maʼlum bir manfaatlarni himoya qiluvchi siyosiy guruh) hali-hamon mavjud. Yevropa qadriyatlari asosida tashkil etilgan yahudiylar davlati madaniy jihatdan arablar, turklar yoki eronliklarga nisbatan YEIga yaqinroq. Lekin ikkinchi tarafdan, keyingi oʻn yilliklar davomida YEIga juda koʻplab musulmonlar kirib keldiki, ularning qarashlarini inkor etib boʻlmaydi.

YEI rahbarlari ilgari ham Vashington tomonidan Quddusning Isroil poytaxti deb tan olinishi ehtimolidan tashvish bildirib kelishgan. Va Frantsiya prezidenti Makronning ilk munosabati salbiy boʻldi. Merkel parlament koalitsiyasini tuzish masalasini hal qila olmasligi va hozircha ichki siyosiy masalalar bilan oʻralashib qolganligini hisobga oladigan boʻlsak, Makron YEI nomidan gapirdi deb hisoblash mumkin.

Bu harakat YEI va AQSH oʻrtasidagi ziddiyatlar sonini oshiradi, YEIni hech boʻlmaganda bayonot tarzida boʻlsa ham Isroilning Quddus ustidan hukmronlik oʻrnatishga urinishi masalasida musulmonlar bilan birlashishga majbur qiladi. Lekin eng asosiysi, bu YEI ichidagi hali ham kuchli boʻlgan yahudiylar lobbisi va kuchayib borayotgan musulmonlar oʻrtasidagi ziddiyatni yanada keskinlashtiradi. YEIda islomofobiya aholi orasida rivojlanib borayotgan bir paytda Isroil hukumatning rasmiy tutgan oʻrniga qaramasdan jamoatchilik harakatlari va siyosiy partiyalar koʻrinishida oʻziga kuchli ittifoqchilar topishi mumkin.

Koʻrinib turibdiki, AQSH uchun ideal vaziyatda ulkan mintaqa (butun Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va butun YEI – bir milliard kishi yashaydigan mintaqa) tartibsizliklar ichida qoladi.

Tartibsizlikning uch koʻrinishi

Darvoqe, taʼsirga ega yahudiylar jamiyati va kattagina nufusli musulmon aholiga ega Rossiya ham yumshoq shaklda boʻlsa-da ichki nizoga duch keladi.

Umumiy hisobda, tartibsizlikning uch ehtimoliy koʻrinishi mavjud. Birinchidan, Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashishi muqarrar. Ikkinchidan, butun dunyo musulmonlarining keskin noroziliklari yuz beradi (Indoneziyadan tortib Marokash va Nigeriyaga qadar). Uchinchidan, Yevropa va yumshoqrok shaklda Rossiyada vaziyat beqarorlashishi mumkin.

Bularning bari allaqachon shakllangan ittifoqlar orasida keskin raqobatni keltirib chiqaradi, Rossiya tomonidan mintaqa mamlakatlari orasidagi yoʻq qilingan qarama-qarshiliklarni yana kuchaytiradi. Eng yomon ehtimolda esa, bu yadro quroli (Isroil), kimyoviy yoki bakteriologik qurol (arablar) ishlatilishi mumkin boʻlgan keng miqyosli harbiy nizoga olib kelishi mumkin. Ushbu inqirozga Yevropaning ham aralashishi eʼtiborga olinsa, nizoda yadroviy hukumatlar – BMT Xavfsizlik Kengashi aʼzolari (Frantsiya, Buyuk Britaniya) ham ishtirok etishigacha yetib borishi mumkin.

Lekin inqirozning eng yaxshi, yumshoq shaklida ham Suriya va Iroq boʻyicha tinchlik kelishuvlariga erishish hamda Yaqin Sharqda yangi mintaqaviy xavfsizlik tizimini shakllantirish Rossiya uchun qiyin boʻladi. Ittifoqchilar orasidagi ziddiyatlarni hal qilish va ularning Isroil bilan nizosini tinchlik bilan hal etish yoʻlini izlashga toʻgʻri keladi.

Vashington uchun yana bir yutuq esa Isroilning bu “Danay tuhfasi”ni (sovgʻani olayotgan tomonga xatar keltirishi mumkin boʻlgan sovgʻa) rad etmasligidir. Shunday ekan, Tel-Aviv Amerikaning Yaqin Sharq borasidagi siyosatiga sodiq ittifoqchi sifatida mahkam yopishib oladi – chunki boshqa yoʻli ham yoʻq.

Nihoyat, bundan shaxsan Tramp uchun ham yutuq bor. Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish orqali u oʻzining koʻplab saylovoldi vaʼdalaridan hech boʻlmasa bittasini bajargan boʻladi. Va Klintonning globalistlar guruhi unga xalaqit bera olmaydi, zero Tramp Kongress bir paytlar chiqargan qarorni amalga oshiradi xolos.

Bundan tashqari, Tramp Yevropadagidan koʻra AQShda ancha kuchga ega axborot-siyosiy yahudiylar lobbisi uchun oʻzlarining prezidentiga aylanadi. Obamaning antiisroil Yaqin Sharq siyosati hisobga olinsa, Klintonning globalchi demokratlari koʻp narsalardan mosuvo boʻlishmoqda. Tramp esa ikkinchi muddatga saylanish uchun jiddiy qadam tashladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.

Asosiy mavzular