Islom Karimov: ertangi kun bizniki, marra bizniki

Obuna bo‘lish
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.

TOShKENT, 9-may — Sputnik. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatish mamlakatimizda milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ham ana shunday ezgu tamoyillar o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston TIV axborot xizmati xabari asosida.

8-may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurgan.
Maydon uzra mahzun musiqa taraladi.

© IA "Jaxon" / A.IlyasovMotamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimi
Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimi - Sputnik O‘zbekiston
Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimi

Soat 9:00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi.

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

— Shu kunlarda yurtimizda, qishloq va shaharlarimizda, har bir oila va xonadonda kattayu kichik — barcha vatandoshlarimiz 9-may — Xotira va qadrlash kunini, Ulug‘ Vatan urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 71-yilligini keng nishonlamoqda, — dedi Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda.

— Ana shu buyuk g‘alabani qo‘lga kiritishda mardlik va jasorat ko‘rsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni tabriklash, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilash men uchun katta sharafdir. Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib ta’zim qilish barchamiz uchun ham qarz, ham farz, deb bilaman.

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaO‘zbekiston prezidenti Islom Karimov
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov

Bugun muqaddas maskanga aylanib qolgan mana shu Xotira maydonida turib, jahon tarixidagi eng qonli, mislsiz qurbonlar, musibat va ofatlar olib kelgan urushda erishgan g‘alaba kunini nishonlar ekanmiz, oradan shuncha yillar o‘tganiga qaramay mamlakatimizda bironta odam yo‘qki, o‘sha dahshatli urushni, uning asoratlarini esidan, xayolidan chiqargan bo‘lsa.

Shuning uchun ham bu qutlug‘ ayyomni, bir tomondan, katta g‘urur va iftixor bilan, ikkinchi tomondan, ko‘zimizda yosh bilan kutib olamiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, dedi davlatimiz rahbari.

Tarixda buyuk sana bo‘lib qoladigan bu voqea, ya’ni fashizm ustidan g‘alaba qozonishda mardlik va matonat ko‘rsatgan ko‘pmillatli ming-minglab insonlar qatorida 338 nafar yurtdoshimiz yuksak qahramonlik unvoniga sazovor bo‘lgani, qancha-qancha otalarimiz, bobolarimiz o‘z jonini fido qilib, jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani qalbimizga haqiqatan ham faxr tuyg‘usini bag‘ishlashi tabiiydir.

Lekin fashizm balosiga qarshi kurashda xalqimizning qo‘shgan eng katta hissasi haqida gapirganda, yuragimizda umrbod bitmaydigan yara, asorat bo‘lib qoladigan og‘ir yo‘qotishlar yana va yana xayolimizdan o‘tadi.

© IA "Jaxon" / A.IlyasovMotamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi
Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi - Sputnik O‘zbekiston
Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi

Bu borada quyidagi raqamlarni olib kelish o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Urush boshlangan paytda O‘zbekistonimiz aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, shundan 1,5 million kishi, ya’ni qurol ko‘tarishga qurbi yetadigan odamlar urushda qatnashgan. Ularning orasidan 500 mingdan ko‘prog‘i jang maydonlarida halok bo‘lganini, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytgani, qanchasi bedarak yo‘qolganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu g‘alaba bizga naqadar qimmatga tushgani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi, deb ta’kidladi Prezidentimiz.Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligini katta xursandchilik bilan nishonlashga ozgina vaqt qoldi.

Veteranlarni qutlaymiz aksiyasi - Sputnik O‘zbekiston
Poytaxtimizda “Veteranlarni qutlaymiz” aksiyasi start oldi
O‘zbekistonimiz ana shu tarixan qisqa davrda, qanday og‘ir va mashaqqatli sinovlarni boshidan o‘tkazmasin, uning bosib o‘tgan yo‘li, o‘sish sur’atlari, qo‘lga kiritgan yutuq va marralari jahon miqyosida tan olingani va ko‘pchilikning havasini tortayotgani barchamizni quvontirmoqda, qalbimizda g‘urur-iftixor uyg‘otmoqda.

Xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori oshib borayotganining hal qiluvchi mezoni va omili avvalo, mehnatsevar, mard va matonatli xalqimizning yuksalib borayotgan dunyoqarashi, ongu tafakkuri, siyosiy va ijtimoiy faolligi, hayotga qarashi tobora o‘zgarib borayotganida, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Qishloq joylarda qurilayotgan namunaviy uy-joylar xalqimiz hayot sifatini yanada yuksaltirmoqda. Bu harakat samarasida qishloqqa taraqqiyot kirib bormoqda, zamonaviy axborot texnologiyalari odamlar turmush tarzidan mustahkam o‘rin egallamoqda. Bunday bunyodkorlik ishlari izchil davom ettiriladi.

Men yosh avlodimizga, mening bolalarimga qarata bo‘sh kelmanglar, ertangi kun bizniki, marra bizniki, deb bejiz, asossiz aytmayman. Buning chuqur ma’no-mazmuni shundaki, vaqt, yillar o‘tishi bilan bizning safimizni kim to‘ldirmoqda? Avvalo, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega bo‘lgan, yangicha, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimizning ertangi kuni uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, o‘zini namoyish etishga qodir bo‘lgan navqiron o‘g‘il-qizlarimiz. Ko‘zlari yonib turgan bunday yoshlarimizni yana qayerda — qaysi davlat, qaysi yurtda topish mumkin, deb ta’kidladi Islom Karimov.

Bugungi kunda uzoqni ko‘zlagan maqsadlarimiz, vazifa va rejalarimizni ham aniqlab olganimiz, shu jumladan, mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti hajmi 2030-yilga borib ikki karradan ziyod ko‘payishi barchamizda ertangi kunimizga katta ishonch bag‘ishlaydi. Va yurtimizni yanada obod qilish, hayotimizni yuksaltirish bo‘yicha dunyodagi eng taraqqiy topgan davlatlardan, erkin va ozod yashayotgan xalqlardan aslo kam bo‘lmaymiz, inshoollo.

Fursatdan foydalanib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, balo-qazolardan Yaratganning o‘zi asrasin, dedi pirovardida Prezidentimiz.

Yangiliklar lentasi
0