21:58 17 Oktyabr 2017
Efir
Registon, Samarqand. Arxiv surat

Islom Karimov tugʻilgan shahar haqida nimalarni bilasiz?

© Flickr/ Dan Lundberg
Madaniyat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
5372165

Samarqand shahri oʻziga xos makon. Ushbu shahar toʻgʻrisida, bir nima deyishga ham choʻchiysan. Shunchalar salobatli, shunchalar mashhur. Oʻz paytida butun jahonni titratgan Amir Temur davlatining poytaxti. Mintaqada qancha mashhur zot oʻtgan boʻlsa, hammasining qadami yetgan joy...

TOSHKENT, 30 avg — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 1 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi nishonlanadi. Ushbu qutlugʻ sana arafasida Sputnik mamlakat viloyatlari haqida maqolalar turkumini eʼtiboringizga havola etadi. Oʻzbekistonning har bir goʻshasi oʻziga yarasha takrorlanmas va goʻzal, har bir viloyat oʻz anʼanasi, tabiati va diqqatga sazovor joylari bilan kishi qalbini zabt etadi. Sizni Oʻzbekiston boʻylab sayohatga taklif etamiz!

Shohi Zinda maqbarasi. Arxiv surat
© Flickr/ Stefan
Shohi Zinda maqbarasi

Samarqand shahri Oʻzbekistonda ikkinchi yirik shahar hisoblanadi. Samarqandda Alisher Navoiy taʼlim olgan, Bobur egalik qilish uchun koʻp uringan. Mirzo Ulugʻbek shu yerdan turib, osmondagi yulduzlarni sanagan. Ajoyib sarkarda Abdulatif shu yerda oʻzining eng katta xatosiga yoʻl qoʻygan. Darvoqe, hali-haligacha Samarqandda Padarkush qabristoni bor.

Samarqand shahrining kunchiqar tarafida, qadimiy va afsonaviy shahar xarobalari – Afrosiyobning boshlanishida shaharning yana bir tarixiy va mashhur obidasi joylashgan, u  – Doniyor paygʻambar qabri. Ushbu tarixiy shaxs Samarqandda yashamagan. Uning qabrini Samarqandning yana bir buyuk oʻgʻloni – Amir Temur Iroqdan koʻchirib kelgan. Aytishlaricha ushbu zotning xoki yotgan tuproqda urush boʻlmas, tinchlik, farovonlik hukm surar emish. Buyuk sarkarda aynan shuning uchun ham Doniyor paygʻambarning xokini Samarqandga koʻchirib kelgan. Bir umr ot ustida yurgan, tinimsiz urushlar olib borgan insoning maqsadi shunday boʻlgan – bu yurtda tinchlik, obodonchilik boʻlishini istagan.

Ushbu qabrning falsafasi shu bilan yakunlanmaydi. Shu yerda yashovchilarning rivoyat qilishlaricha qabrdagi ustuxon har yuz yilda bir metrga oʻsarmish. Soddaroq kishi borsa qabrga qarovchilar shunday hikoya qilishadi. Jiddiyroq kishilar qadam ranjida qilsa, ular har yuz yilda qabr maqbarasini bir metrga uzaytirishlarini aytishadi. 
Bu koʻzboʻyamachilikdan maʼni ne?!

Yoʻq, bu koʻzboʻyamachilik emas. Xalqning oʻz oʻtmishi, ajdodlar ruhiga va oʻzining afsonalariga hurmati!

Vaqt shafqatsiz, u uzoqlashgan sari, voqea-hodisalar, tarixni komiga tortib boraveradi. Ularning taʼsiri susayadi, nihoyat bora-bora koʻrinmay ketadi, tarix va vaqtning bagʻriga gʻarq boʻlib ketadi. Shunday ekan, vaqtning shafqatsiz taʼsiriga dosh berishi, u bilan tengma-teng kurasha olishi, qadriyatlarini oʻtmish komida qoldirib ketmaslik uchun xalq mana shunday yoʻl tutishga majbur. Voqea-hodisa, qadriyatning boʻyi va qadrini vaqtga mutanosib ravishda oshirib borishga toʻgʻri keladi. Yaʼni narsa qanchalik uzoqlashsa, koʻzdan yoʻqolmaslik uchun kattalashib borishi lozimi aks holda, gʻuborga aylanib ketadi. Buni bugungi kun tiliga oʻgirsak, ulkan axborotlar oqimida gʻarq boʻlib ketmaslik uchun qilingan ish, deyish ham mumkin.

Shu sababli ham ertaklarda bahaybat maxluqlar koʻp uchraydi, kishi ongi hazm qila olmaydigan voqea-hodisalar yuz beradi. Rivoyatlarda esa oʻta sirli, oʻta bahaybat qahramonlar uchraydi.

Samarqand zaminida bu falsafaning koʻplab isbotini uchratish mumkin.

Muhammad Al-Buxoriy mavzoleyi, Samarqand
© Commons.wikimedia/ Alaexis
Muhammad Al-Buxoriy mavzoleyi, Samarqand

Samarqand va Qashqadaryo viloyati oʻrtasidagi Taxtaqoracha dovonining eski yoʻli yoqasidagi toshlarda  Muhammad Alining nihoyatda ulkan oyoq va qamchisi izlarini koʻrsatishadi. Urgut tumanidagi Shirvoq ota ziyoratgohida esa toshlarda ushbu zotning oti suv ichgan ulkan oxur, otining tuyoq izlarini uchratish mumkin.
Xalq bir gapni bilmasa gapirmaydi.

Odamlar, albatta, barcha buyuk ishlar tafakkur orqali bajariladi. Lekin, koʻpchilikka ushbu tafakkurning qanchalar ulugʻligini, ulkanligini bilish va anglab yetish uchun qandaydir tushunarliroq narsalar ham  boʻlishim lozim ekan-da. Sunʼiy ravishda ulkanlashtirilgan narsa-buyumlar tafakkurning buyukligiga ishora, xolos. Buni xalq toʻliq anglab yetishi uchun yaratilgan holat.

Xuddi shu tarzda, haqiqat rivoyatga, rivoyat afsonaga, afsona esa ertakka aylanib boradi. Samarqand zaminida har uchala unsur uygʻunlashib ketgan.

Samarqanddagi shu kabi muqaddas ziyoratgohlardan biri hazrati Dovud paygʻambar gʻori. Dovud paygʻambar temirchilarning piri emasmi, yangi mashina olgan kimki bor, hammasi imkon qadar ushbu gʻorga borib, jonliq soʻyib, ziyorat qiladi. Buning ustiga, 1200 dan ortiq zinapoyadan piyoda koʻtarilib, togʻ ustidagi gʻorni ziyorat qilish lozim boʻladi. Aytishlaricha, hazrati Dovud dushmanlardan qochib, ushbu gʻorga bekingan emish.

Toʻgʻrisi, bu Dovud oʻsha, eramizdan burungi 10 asrlarda yashagan, bahaybat filistim – Goliafni (yana oʻsha bahaybatlik)  oʻldirib, isroil-yahudiy davlatiga podsholik qilgan Dovudga nisbatmi, boshqasigami, bilmayman. 

Ismoil Buxoriy ziyoratgohi haqida ham ikki ogʻiz soʻz aytish lozim. Bu ziyoratgohni yaqin-atrofdagilar Xoʻja Ismoil, deyishadi. Aytishadiki, bir paytlar, sovet tuzumi davrida bu tabarruk joy xarob boʻlgan. Toʻgʻri, qarovsiz edi, siqilib qolgandi. Lekin xalq hech qachon bu ziyoratgohni unutmagan. Oʻsha zamonlarda ham hayit kunlari bu dargohga odam sigʻmay ketardi. Xalqning koʻnglida bu makon har doim muqaddasligicha qolgan. Hovli oʻrtasida katta chinor, hovuz boʻlardi, odamlar allaqanday moʻʼjiza sifatida uning baliqlarini tomosha qilishga borishardi.

Samarqandliklarning yana bir jihati – baliqni muqaddas sanashadi.

Viloyatdagi barcha muqaddas ziyoratgohlarda albatta buloq yoki hovuz va baliq albatta boʻlishi lozim.
Samarqand bugun zamonaviylashib, chiroy ochib bormoqda. Lekin hech kim uni zamonaviy shahar sifatida qabul qilmaydi. Masalan, Toshkent, deyilganda albatta zamonaviylik tushuniladi. Holbuki ushbu shahar oʻzining shonli tarixi, obidalari bilan dunyodagi har qanday tarixiy shahar bilan bemalol bahslasha oladi, lekin baribir Toshkentni eski shahar sifatida hech kim qabul qilmaydi. Samarqand esa, aksincha, u qanchalar zamonaviy boʻlmasin, qadimiy ruh, oʻtmish saqlanib qolaveradi. Bunda milliy kolorit ham oʻta kuchli.

Samarqand falsafalar shahri

Samarqandga boqib, sayr qilib, beixtiyor millatimizning oʻziga xos jihatiga eʼtibor berasiz: biz hech qachon dabdabaga berilmaganmiz. Bizda har doim hayotdan oʻtgan insonlar va ilm-fan ulugʻlangan. Boʻlmasa, Samarqandni oʻzining kuch-qudrati va aql zakovati bilan dunyoni titratgan zotlar poytaxt qilgan. Ne-ne buyuk zotlar shu yerda umrguzaronlik qilgan. Lekin shaharda birorta ham qadimiy qalʼa yoʻq, xon va podsholar saroylari yoʻq. Yevropada har bir knyaz oʻz qalʼasiga, qoʻrgʻoniga ega boʻlgan bir davrda, dunyoning yarmini egallagan shohlarimizning esa saroyi mavjud emas…

Bogʻlari bor, lekin saroylari yoʻq.

Buyam bir ibratmikin?! Tobora hashamat va dabdabaga berilib borayotgan bizning avlodga bir saboqmikin?!

Buning sababi, nazarimda, millatning oʻziga xosligidan.

Millat dabdabaga intilmagan. Hattoki, shunchalik qudrat, boylik bilan xonlar, podsholarki, saroylar qurishga berilmagan ekan, demak, hashamatli uylar, saroylar rusumda boʻlmagan. Faqat hayotdan oʻtganlarning soʻnggi makoni – maqbaralar va ilm maskanlari – madrasalar hashamatli qurilgan va bizning kungacha saqlanib qolgan. Barcha saroylar, qoʻrgʻonlar esa paxsadan tiklangan va vaqtinchalik boʻlgan.

Bibi Xonim madrasasi yonida. Arxiv surat
Bibi Xonim madrasasi yonida

Balki bularning sababini, yurtga rahbarlik qilgan xonlarning avlodlari koʻchmanchilarga – Chingizxonga taqalishi, ular qurilish ishlariga qiziqmaganligidan izlash kerakdir? Balki… Lekin, shunday desak, Samarqand koʻproq temuriylar uchun poytaxt boʻlgan… Shunday desak, ulkan madrasa tiklagan Bibixonim ham chingiziy boʻlgan…

Samarqand betakror shahar!

Bir yonda mahobatli, sokin va oʻzi bagʻrida yashirgan tarix kabi hadsiz Afrosiyob xarobalari, uning yonida mahobatli oʻtmish, gʻam-alam, hasrat va oʻkinch makoni, maqbaralar majmui – Shohi Zinda, bir yonda millat aql-zakovati, imon-eʼtiqodi timsoli,  madrasalar majmui – Registon; bir yonda shon-shavkat va uning oʻtkinchiligidan soʻylagan Goʻri Amir maqbarasi, boshqa tomonda oqilalik, donolikdan hikoya qiluvchi Bibixonim madrasasi; qolaversa, Ishratxona va yana son-sanoqsiz boshqa osori-atiqalar shaharning oʻziga xosligini, betakrorligini taʼminlaydi.

Samarqand nonlari. Siyob bozor
© Sputnik/
Samarqand nonlari. Siyob bozor

Bundan tashqari, Samarqandni uning xushtaʼm va sanʼat darajasiga koʻtarilgan nonlari, oʻziga xos novvoti, tillaqosh taqqan, yaltiroq kiyimlardagi, shildiragan jamalakli kelinlari, haqiqiy sharqona ruh ufurgan bozorlari, har bir masalligʻi alohida-alohida ajralib turadigan palovi, noʻxatlari boshmaldoqday-boshmaldoqday keladigan noʻxatshoʻragi ham ajratib turadi. Bir vaqtlar Samarqand deyilganda Toshkentda tanqis boʻlgan, u tomonlarda esa qadrlanmagan qora choy ham tushunilardi. Biroq bu bozor iqtisodining qonun qoidalariga koʻra oʻz-oʻzidan barham topib ketdi.
Va, keluvchilarning ruhiyatida tarix bergan ruhidan foydalanib, oʻsha ruhiyatdan oʻz ulushlarini olib qolishga harakat qilayotgan tilanchilar – moʻltonilar.
Bir oʻkinch bor – samarqandliklar, albatta oʻz yurti bilan faxrlanadilar, lekin ulardagi bu faxr buxoroliklarnikichalik emas. Bunga havas qilsa arziydi. Ular "Buxoro" soʻzining oʻziniyoq chuqur ehtirom, yuksak gʻurur bilan ifoda etadi.

Viloyat haqida qiziqarli fakt

Bugungi kunda Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi 100dan oshgan keksa otaxon-onaxonlar soni 99 nafarni tashkil qiladi.

Samarqand tumanlari — turfa olam

Samarqandda har bir tuman oʻziga xos. Bu jihatlar, albatta, barcha uchun bir xilday tegishli emas. Chunki tumanlardagi qishloqlarning ham bir-biriga oʻxshamaydigan xususiyati bor. Deylik, Urgut tumanining Gʻoʻs qishlogʻi lahjasi, oʻz atrofidagilarnikidan koʻra, Namanganning ayrim lahjalariga oʻxshab ketadi. Shunga qaramay, tumanlarning oʻziga xosliklari koʻp.

Masalan, Qoʻshrabot tumani aholisi chetga chiqib ketishga ishqiboz. Ularning shu jihati koʻproq qashqadaryolik, surxondaryoliklarga oʻxshab ketadi. Aytishlaricha, qoʻshrabotliklar shaharda oʻqib, qishlogʻiga qaytib kelganlarni hurmat qilmas emish. "Qoʻlidan ish kelmay, qaytibdi", dermish. Shu sababli boshqaruv, ilm-fan, adabiyot sohalarida koʻplab qoʻshrabotliklarni uchratish mumkin.

Kattaqoʻrgʻonliklar esa ishbilarmon xalq, chaqqon va pul topishning epini biladigan odamlar.

Urgutliklar koʻproq savdogar xalq. Shuning uchun ham shu yaqin atrofda Urgutning bozoriga teng keladigani yoʻq.

Urgutlikliklar haqida bir latifa:

Amerikalik astronavtlar oyga qoʻnibdi. Tashqariga chiqishga tayyorgarlik koʻrib urishsa, ilyuminator taqillabdi. Qarashsa, ikki kishi:
— Mayiz olmaysizlarmi? – deb  soʻrarmish.
— Kimsiz? – hayron boʻlib soʻrabdi astronavtlar.
— Urgutliklarmiz… Mayiz sotib yuribmiz.
— Bu yerga qanday keldilaring?
— KamAZda keldik, — debdi urgutliklar.

Bu latifaning ishonchsiz joyi nimada, bilasizmi? Ishonib boʻlmaydigan jihati – urgutliklar KamAZdan foydalanmay qoʻyganiga ancha boʻlgan. Hozir ular "ISUZU"da yuradi.

Samarqandda esa aynan "ISUZU" yigʻiladigan zavod faoliyat koʻrsatadi. Bundan tashqari, viloyatda "Samarqand avtomobil zavodi", “8-Mart”, "JV MAN avto", "UrgGazKarpet", "Daka Teks", "SamAntepGilam", "Siyob saxovati", “Agromir Samarqand”kabi qoʻshma korxonalari, "Sino", "Samarqandkimyo" aktsionerlik jamiyatlari kabi koʻplab mamlakat ahamiyatiga molik sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Bir paytlar oʻzining uzumi va konyagi, bogʻdorchiligi bilan mashhur Bulungʻur bugun kartoshkaga zoʻr bergan. Toyloq tumani ham kartoshka yetishtirishning hadisini olgan. Bu tumanda konserva tayyorlash, vino yetishtirishni ham boplashadi.

Vʼyezd v Bulungurskiy rayon Samarkandskoy oblasti
Sputnik / Stringer
Vʼyezd v Bulungurskiy rayon Samarkandskoy oblasti

Jomboy deganda esa asosan paxta va un yodimizga tushadi. Bir paytlar Jomboy un zavodining shuhrati yetti iqlimga ketgan edi-da. Hozirda bogʻdorchilikka ham eʼtibor qaratilmoqda.

Bogʻdorchilik toʻgʻrisida soʻz ketganda, Samarqand tumanini alohida ajratib koʻrsatish lozim. Katta shaharlar atrofida tumanlar, albatta shu shaharning ehtiyojlariga moslashadi. Samarqand tumani ham shunday. Bu tuman shaharni meva-cheva bilan taʼminlaydi. Shu sababli ham Toshkentning bozorlarida Urgutning zirasi, mayizi, Bulungʻur va Toyloqning kartoshkasi koʻplab uchragani holda, Samarqand tumanidan hech nimani uchratmaysiz.

Samarqandlik eng mashhur adabiyot vakillari

Samarqandning bugungi adabiyoti toʻgʻrisida gap ketganda, albatta, sheʼriyat va jurnalistika dargʻalaridan, Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davronni, oʻzbek nasriga yangi uslub olib kirgan, romanchilikni yuqori pogʻonaga koʻtargan Murod Muhammad Doʻstni, mustaqil oʻzbek dramaturgiyasining otasi, deyishimiz mumkin boʻlgan Sharof Boshbekovni, bir paytlar eng xushmuomala jurnalist, deb tan olingan, endi esa sheʼriyatga ummoniga shoʻngʻib ketgan Abdusaid Koʻchimovni, yoshlar boʻyicha davlat mukofotining birinchi va soʻnggi sohibi Sobir Oʻnarni, sheʼriyatga yangi ruh olib kirgan Abduvali Qutbiddinni, inson ruhiyatining shafqatsiz tasvirchisi Abduqayum Yoʻldoshevni, oʻzbek adabiyotining "Sholoxovi" nomiga sazovor Ismoil Shomurodovni, son oʻzgarishi baribir sifat oʻzgarishiga olib kelishiga ishonib, falsafiy umid bilan yashashimizga sabab boʻlayotgan Azamat Qorjovovni va yana koʻplab iqtidorli ijodkorlarni aytish mumkin-ki ularning barchasini birma-bir sanab oʻtishning imkoni yoʻq.

Asosiy mavzular