07:31 28 Mart 2017
Efir
Million guruhi

Shamani shama qilgan "MILLION"

© instagram.com/davron_kabulov
Madaniyat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
859811236

Hatto anchayin shafqatsiz sport turi - boksdayam maʼlum tartib-qoida bor. Vazn toifasi, beldan pastga zarba bermaslik degandek... "Million" jamoasining kulgisida umuman tartib-qoida, mezonning oʻzi yoʻq. "Odamlar kular ekan", deb ogʻziga kelganini aytaverishadi

Aytishlaricha, insondan tashqari maymunda ham kulgi tuygʻusi boʻlarkan.

"Million"ning navbatdagi kontsert dasturi haqidagi reklamani koʻrib, negadir shu oʻy xayolimga keldi. Albatta, buni quyida aytilmoqchi boʻlgan fikrlarga aloqasi yoʻq. Lekin gap kulgi toʻgʻrisida boradi.

"Million" jamoasi toʻgʻrisida ilgariyam koʻp aytilgan. 2016 yilda berilgan kontsertdan keyin ham bir-ikki gap-soʻzlar, fikrlar bildirildi. Boʻldi, shundan keyin bular oʻzlariga kelib, bunaqa odatlarini qoʻyishar, degan fikrga borgan ham edik. Adashibmiz, chamasi… Yana kontsert, yana reklama.

Hatto anchayin shafqatsiz sport turi — boksdayam maʼlum tartiblar bor. Vazn toifasi, beldan pastga zarba bermaslikka oʻxshash tartib-qoidalari degandek. "Million" jamoasining kulgisida umuman tartib-qoida, mezonning oʻzi yoʻq. "Odamlar kular ekan", deb ogʻziga kelganni aytaverishadi.

Vazn toifasi masalasida: tomoshaga yoshu qari, ayolu erkak — koʻpchilik yigʻilgan, odamlar yoshgina bolalarini ham olib kelishgan, "kulib ketaylik", deyishgan-da. Lekin sahnada aytilayotgan gap faqat maʼlum toifa — erkaklar, undayam yigirma yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan erkaklar jamoasida aytiladigan hazillar.

Xuddi shu oʻrinda boksning beldan pastga zarba bermaslik toʻgʻrisidagi qoidasi esga tushadi. Uxlab yotganda xotinining qoʻli tegib ketishi… "Mersedes"da yuradigan qizlar… "Pochka"ning qayerda joylashgani… Dorixonadagi savdo… va shunga oʻxshash boshqa gaplar. Hatto, anchayin muqaddas sanalgan dasturxongayam bir gap tegib oʻtish kerak, bular.

Besh ming kishi yigʻiladigan tomoshagohda aytiladigan gaplarmi shu?

Oʻzbeklar andishali xalq. Shu sababliyam, ayrim nozik iboralarni hech qachon toʻgʻridan toʻgʻri aytmaydi. Shamalar orqali gapiradi. "Million" jamoasi esa aynan oʻsha shamalarni ishlatib, odamlarni kuldirish yoʻlini oʻrganib olgan va shu qoidaga har doim sodiq qoladi. Keyingi yillarda berilgan tanqidlardan xulosa chiqarmadi bular.

Tushunamiz, eng dono insonlar soʻzlariga ikki xil maʼno berib gapira oladi. Bu har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Lekin "Million"ning gaplari dono kishining soʻzlariga yaqin ham yoʻlamaydi.

"Odamlar kulyapti-ku", degan eʼtiroz ham goh-goh boʻy koʻrsatib turadi. Lekin odamlarni balchiqqa yiqilib ham kuldirish mumkin. Kulgining kulgidan farqi boʻladi-da. Maqsad, insoniylikni yoʻqotmay kulish va kuldirish.

Toʻgʻri, oʻzbeklarning askiya sanʼati bor. Hozirjavoblikka asoslanadi. "Million"chilarnikiga biroz oʻxshab ketadigan joyi ham bor. Hatto shunday milliy sanʼat turining ustalari ham katta saroylariga chiqishga shoshilishmaydi, boʻlmasa ularning "million"chilarga kam joyi bormi? Faqat ular oʻzligimizdan uzoqlashishmagan, bilishadiki, har gapning, har narsaning oʻz oʻrni, oʻz joyi bor.

Aslida askiya ham andishaliligimiz natijasida yuzaga kelgan sanʼat. Qolaversa, askiyaning mavjudligi "million"chilarni oqlamaydi. Askiya, hozirjavoblik sanʼati, unda hech kim oldindan tayyorlanmaydi. Uning yillar davomida kontsertga tayyorlanadigan "Million"ga ahamiyati yoʻq.

"Million" oʻzining kontsertidan oʻzi xulosa chiqarsa boʻlardi. Mehmonga taklif qilingan "Gap yoʻq" jamoasi Hojiboy Tojiboyevning gaplaridan foydalanib, kulgi yaratishadi. Shu oddiy bir holatdan ham xulosa qilishsa boʻlardi — bir inson, haqiqiy iqtidor egasi, oʻzi oʻtib ketib ham, ovozi bilan odamlarga kulgi ulashmoqda. "Million"ning hazillarini esa uch kundan keyin birov eslamaydi — kulgilari shunchalar qadrsiz va sayoz.

Umuman, besh ming kishi saroyga faqat hazillashish uchun chaqirilmaydi-ku. Hazilda, hangomada, kulgida ham hech boʻlmasa ozroqqina hikmat, mantiq boʻlishi kerak emasmi? Besh ming odamni yigʻib, gap aytmoqchi boʻlgan insonning oʻz maqsadi, soʻzi va niyati boʻlmaydimi? Birovlarning qoʻshigʻi, soʻzini solishtirib, chogʻishtirib, shunga moslab oʻynab berish, ayollarni yerga urish, eski latifalarni aytish va bularning barchasini shumliklar bilan bogʻlash bilan bu hali maqsad emas, sanʼat ham, shunchaki tijorat, xolos.

Quvnoqlar va zukkolar darajasida, hatto ulardan-da pastroq darajaga tushib qolishgan bular. Axir, "pochka"ning joylashgan joyi haqidagi latifani koʻcha-koʻyda oʻzini hurmat qilgan latifagoʻylar ham aytmaydi, bular esa katta sahnaga olib chiqib oʻtiribdi.

Darvoqe, gapniyam eplagan gapirsin ekan-da. Xalq oldiga chiqvolib, "pochka-mochka" qilishi nimasi?

Shundan ham "million"chilarning oʻz ishlariga qanchalar yengiltaklik bilan, eʼtiborsiz munosabatda boʻlishlarini ilgʻash mumkin. Mayli kulgi, mayli hazil, mayli eski latifa — lekin har qanday gapning zamirida, nasihat demaylik, hech boʻlmasa, oddiy asos boʻlishi kerak emasmi? Buyrak haqida hazil qilmoqchi boʻlgan odam, xalq oldiga chiqib, chalasavodligingni bildirmay, uning oʻzi nimaligini, qayda joylashganligini oʻrganib olsa boʻlmaydimi?

Ruscha gapirishga nima bor ekan?

"B.u." haqidagi gaplar-chi? "B" harfi faqat rus tilida nimanidir ifodalaydi.

Davron Kabulov "men echki emasman", deydi. Davron "echki" deganda "kozyol"ni nazarda tutadi-da. Ruslarda shunday — bu jonivor "chaqimchi" maʼnosini beradi. Oʻzbek tilida esa "echki" umuman boshqa maʼnoni ifodalaydi — uyatsizroq, shaddod qizlarni unga qiyoslashadi. Qolaversa, "kozyol"ning tarjimasi "echki"yam boʻlmaydi-da. Davron "men taka emasman", deganda kulgili chiqqan boʻlardi.

Mana, bir ogʻiz gapda shuncha noaniqlik!

"Million"ning soʻzga, tilga va u orqali oʻzini tinglagani kelgan xalqqa munosabatni shundan ham ilgʻasa boʻladi.

Bu gaplar "million"chilarning milliy zamindan qanchalar yiroqligini koʻrsatadi.

Oʻzi odamlar ongida "Million" deganda shumlikdan boshqa hech nima jonlanmaydigan boʻlib qolibdi. Hatto oddiy yoʻl belgisini koʻrsatishsa ham tomoshabinlar undan allaqanday shumliklarni ilgʻab, gurros kulmoqda. Ularning chiqishlari behayolikni targʻib etuvchi dasturga aylanib qolgan.

Shunday tomoshada ishtirok etish uchun Kanizaning rozilik bergani va qoʻshiq kuylagani gʻalati. Bilamiz, bu xonanda yangilikdan, har xil tajribadan choʻchimaydi. Tasanno! Lekin "Million"ning kontsertida ishtirok etish tajriba emas, insonning aqliy salohiyati darajasini belgilaydigan bir mezon boʻlib qoldi.

Shunday ajoyib xonandaning oʻzini masxara qilib qoʻyishi tushunarsiz. Har holda inson, hatto reyting ortidan quvayotgan xonandalar ham oʻz qadr-qimmatini bilishi kerak, chamasi.

Albatta, "million"chilar "biz toʻgʻri qilyapmiz, bilganimiz bilgan", degan fikrda va hech qanday tanqidni qabul qilmaydi (keyingi kontsertlari buni koʻrsatdi).

Ularda oʻz ishlariga tanqidiy baho bera bilish qudrati boʻlganda, ikki yillik tanaffusda tegishli xulosalar chiqargan boʻlardi. Yoʻq, ularga bu pandiyat boʻlmagani koʻrinib turibdi. Yana oʻsha bachkanalik, yana oʻsha soʻz qashshoqligi, yana oʻsha oʻta sayoz hazillar.

Koʻramiz, bu yil nima karomat koʻrsatishar ekan? Faqat bir oʻtinchimiz, kulgini maymunning darajasiga tushirishmasalar.

Teglar:
Million, tanqid, kontsert

Asosiy mavzular