19:51 30 Aprel 2017
Efir
Toshkentda Navruz. Arxiv surat

Fargʻonada Navroʻz sayllari oʻlanu-laparlar askiya va sumalak bilan oʻtmoqda

© Sputnik/ Xulkar Ibragimova
Madaniyat
Havola olish
16212

Prezidentning Navroʻz bayramini tantanali oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq, bu yil Navroʻz Oʻzbekistonning barcha qishloq, tuman va shaharlarda umumxalq sayli, tantana va milliy urf-odatlar bilan kutib olindi.

TOSHKENT, 20 mar — Sputnik. Respublikaning barcha hududlarida boʻlgani kabi, Fargʻona viloyatida ham Navroʻz tantanalari va xalq sayllari boʻlib oʻtmoqda.

Fargʻonaning Soʻx, Beshariq, Yozyovon va Dangʻara tumanlarida saylga kelgan aholi oldida taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat targʻibot guruhlari ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi. “Nuroniy” jamgʻarmasi vakillari keksa otaxonu onaxonlar holidan xabar olib, ularning koʻngillarini ovladilar.

Quvasoy shahridagi “Kamolot” bogʻida boʻlib oʻtgan sayl ham barchaga bir olam quvonch ulashdi. Ashula va raqs xalq ansambllari, folklor-etnografik va turli badiiy jamoalar, taniqli estrada xonandalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, oʻlanu laparlar, askiya va raqslar barchada katta taassurot qoldirdi. Dorbozlarning chiqishlari, doshqozonlarda pishirilgan sumalak, tashkil etilgan turli koʻrgazmalar ishtirokchilarga xushnudlik ulashdi. Momolarning childirma jarangiga mos laparlariga kelinlardan tortib, jamalaksoch qizlargacha raqsga tushdi.

Qoʻshni davlat chegarasiga yaqin hududida joylashgan “Polmon”, “Nayman”, “Bogʻbon”, “Hamdoʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinlarida ham sumalak pishirilib, hududning oʻziga xos Navroʻz udumlari asosida keng nishonlandi. Ayniqsa, “Kelin salom”, “Yor-yor”, “Oq terakmi, koʻk terak” kabi marosim va milliy oʻyinlarda tomoshabinlar koʻp boʻldi.

Soʻxda Navroʻz bayrami asosan qiru adirlar, keng yaylovlar bagʻrida oʻtadi. Yoshi ulugʻlar Navroʻzga yetkazganiga shukronalar aytib, “Omonlik, omonlik – hech koʻrmaylik yomonlik”, deya niyat qiladi. Shunday bayram shodiyonasi vaqtida keksalar Navroʻz taʼqiqlangan vaqtlarni ham eslashdi.

“Yoshim 82da. Ne kunlarni koʻrmadik. Navroʻz taqiqlangan vaqtlar ham boʻldi. Lekin har qanday holatda ham, qon-qonimizga, suyak-suyagimizga singib ketgan, vujudimizga quvvat, ruhimizga tetiklik bagʻishlaydigan, qalbimizni yashash va yasharish tuygʻusi bilan ruhlantiradigan Navroʻzni xalqimiz unutmadi”, deydi soʻxlik Boborustam buva.

Bayram shodiyonalariga badiiy jamoalar ham qizgʻin hozirlik koʻrdi. “Soʻx chashmasi” folklor-etnografik ansambli badiiy rahbari Tojiboy Yusupov aytishiga qaraganda turli yoshdagi havaskor ijrochilardan iborat ijodiy jamoa Navroʻzga bagʻishlab “Sumalak“, “Ey, sanam”, “Navroʻz muborak!”, “Sarak-sarak”, “Chol keldi” tsingari qoʻshiq va raqslar tayyorlagan.

Ravon qishlogʻida boʻlib oʻtgan umumxalq sayli koʻpkari, tosh koʻtarish, arqon tortish tsingari milliy oʻyinlar, turli ijodiy koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalariga ulanib ketdi. Bemorlar, kam taʼminlangan oilalar, oʻzgalar koʻmagiga muhtoj kishilar holidan xabar olinib, bayram sovgʻalari topshirildi.

Barcha tuman va qishloqlarida Navroʻz sayli davom etmoqda. “Jahon” axborot agentligi xabari  asosida.

Asosiy mavzular