04:52 19 Yanvar 2018
Efir
Zritelnыy zal v tashkentskom Dome kino

Toʻyxona va bozorga aylantirilgan kinoteatrlar faoliyati tiklanadi

© Sputnik/ V. Kovrein
Madaniyat
Havola olish
68510

Respublikada mavjud boʻlgan kinoteatrlarning asosiy qismi savdo majmuasi, toʻyxona, bozorga aylantirilib, faoliyati butkul oʻzgartirilgan yoki buzib tashlangan

TOSHKENT, 30 dek — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 dekabr kuni milliy kino sanʼati va kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

"Dunyo miqyosida turli gʻoya va mafkuralar kurashi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun turli kuchlar oʻrtasida raqobat keskin tus olgan bugungi kunda eng ommaviy sanʼat boʻlgan kinoning beqiyos imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak", deb taʼkidladi davlat rahbari.

Prezident kino sanʼatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish bilan bogʻliq ishlarni jadallashtirish va uni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish zarurligini alohida qayd etdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 1996 yilga qadar respublikada mavjud boʻlgan 342 ta qishki va yozgi kinoteatrlarning 323 tasi oʻtgan yillar mobaynida xususiylashtirilib yuborilgan. Ularning asosiy qismi savdo majmuasi, toʻyxona, bozorga aylantirilib, faoliyati butkul oʻzgartirilgan yoki buzib tashlangan. Bugungi kunda mulkchilik shakli turlicha boʻlgan 176 ta kinoteatrdan 8 tasi avariya holatida, 65 tasi jiddiy taʼmirtalab, qolganlarining deyarli yarmi faoliyat koʻrsatmaydi.

Ana shulardan kelib chiqqan holda, viloyat va tumanlarda kinoteatrlar faoliyatini qatʼiy yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, kinoprokat tizimi ham qoniqarsiz ekani, bu yaratilayotgan filmlarni muntazam namoyish etib borish, boshqacha aytganda, aholiga kino xizmati koʻrsatish koʻlamini kengaytirish imkoniyatini cheklab qoʻyayotgani tanqid qilindi.

"Biz buyuk xalqimizni ulugʻlamoqchi, Oʻzbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino sanʼati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino sanʼati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yoʻl bilan dunyo ahlining diqqat-eʼtiborini qozonishimiz mumkin. Buning uchun yana bir bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatni ishga solishimiz kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib oʻtamiz, shu yil 7 avgustda prezidentning "Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilingandi.

Asosiy mavzular