04:51 19 Yanvar 2018
Efir
Pevitsa Lola Yuldasheva

"Soʻzning mohiyatini anglamaydilar": Madaniyat vaziri xonandalarni tanqid qildi

© LOLA Yuldasheva fan club / Facebook
Madaniyat
Havola olish
283541

Sanʼatkorlar bilan oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishda soʻz madaniyati, xorijga chiqib "tor doirada" qoʻshiq aytib, "kontsert qoʻyib" kelayotgan xonandalar va shu kechayu-kunduzda ishlanayotgan tuturiqsiz kliplar borasida fikrlar bildirildi

TOSHKENT, 9 yanv — Sputnik. "Oʻzbekkontsert" davlat muassasasida taniqli estrada xonandalari va yosh ijrochilarning navbatdagi ijodiy davra suhbati oʻtkazildi, deb xabar qildi muassasa matbuot-xizmati.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev estrada sanʼati oldida turgan dolzarb muammolar va ularning yechimlari va sohaga oid muhim masalalar xususida soʻz yuritdi.

"Ochigʻini aytish kerak, bugun ijod ahli uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar keng yaratilyapti. Bunday sharoitlardan oqilona foydalanish, xalqimizga manzur va maqbul boʻladigan yangidan yangi kuy qoʻshiqlar yaratish har bir xonanda. va ijrochining burchi va vazifasi. Takror va takror aytaman, ayrim yosh xonandalarimiz soʻzning mohiyatini yaxshi anglamaydilar. Ustoz sanʼatkor Oʻzbekiston xalq artisti Faxriddin Umarov soʻzning mazmun mohiyatini nihoyatda teran tushunar, kerak boʻlsa, uncha buncha adabiyotshunos olimni ham hayratga solardilar. Yosh ijrochilar, xonandalar ustoz sanʼatkorlardan ibrat olsalar nur ustiga nur boʻlardi.

Har bir xonanda kuylayotgan qoʻshigʻining soʻziga, mazmuniga ehtiyotkorlik bilan yondoshish zarur. Xalqimizda ijod izlanish demak,degan gap bor. Vaqt shitob bilan oʻtib boryapti. Bundan har bir xonanda unumli foydalanib qolishi kerak. Mehnat qilayotgan ijodkor borki, davlatimiz nazaridan chetda qolmayapti, qadr topayapti".

Sayfullayev sanʼatkorlarning xorijga chiqish masalasi xususida ham toʻxtalib oʻtdi.

"Albatta, xorijga chiqib oʻz isteʼdodini namoyon qilish sanʼatkorning baxti. Ammo, masalaning muhim jihati shundaki, har bir xonanda biror bir davlatga chiqishidan avval, u yerdagi sharoitni yaxshilab oʻrganishi kerak. Aksariyat hollarda taniqli, koʻzga koʻringan sanʼatkorlar xorijga taklif qilinib, u yerga borgach, koʻrsalarki, tor doirada, kichkinagina davralarda kontsert oʻtkazishlariga toʻgʻri keladi. Bunday holatlar, birinchidan, millatimiz, milliy madaniyatimiz va sanʼatimiz, xonandalarimiz shaʼniga, gʻururiga aslo toʻgʻri kelmasligini unutmaslik kerak. Shu bois har bir xonanda, sanʼatkor qaysi davlatga bormasin, mana shu jihatlarini eʼtibordan chetda qoldirmagani maʼqul. Qaysi bir xalqning sanʼatkori oʻzbek tilida kuylay oladi.

Bizning xonandalarimiz esa hamma tilda bemalol kuylay olishadi. Shuning uchun izlanishdan, mehnatdan, ijod qilishdan toʻxtamasligimiz kerak", — dedi vazir.

Davra suhbatida "Oʻzbekkontsert" davlat muassasasi rahbari Odiljon Abduqahhorov soʻzga chiqib, "Oʻzbekontsert" davlat muassasasi huzurida 2018 yildan boshlab kliplar faoliyatini tashkil etish boʻyicha badiiy kengashning tuzilishi va bu kengashning maqsad, vazifalari xususida toʻxtalib oʻtdi.

"Har bir xonanda, dedi u oʻz soʻzida, qoʻshiqqa klip ishlashdan avval tuzilgan badiiy kengash aʼzolari chigʻirigʻidan oʻtkaziladi. Klip mazmun mohiyati maʼqul kelsagina uni ishlashga ruxsat beriladi. Yana qoʻshimcha tarzida shuni taʼkidlamoqchimanki, xonandalarning xorijga chiqish masalasi, kliplar xususidagi qoʻyilayotgan bu vazifalarning barchasi sanʼatimiz nufuzini koʻtarish, xonandalarimizning shaʼniga dogʻ tushirmaslik maqsadida qilinayotgan xayrli ishlardir"

Yigʻilishda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ravshan Komilov soʻzga chiqib, "qoʻshiqlarimiz, kliplarimizni oynai jahonda efirga uzatish uchun maʼlum bir foiz chegirmalar qilinsa maqsadga muvofiq boʻlardi, degan taklifni oʻrtaga tashladi". Bildirilgan bu taklif maʼqullanib, kelasi yildan Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi va nodavlat telekanallar rahbarlariga taklif sifatida kiritilishi lozim deb topildi, deyiladi xabarda.

Asosiy mavzular