17:15 21 Sentyabr 2017
Efir
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekindagi muzokaralar vaqtida

Mirziyoyev xitoylik tadbirkorlardan mamnunligini qayd etdi

Jason Lee/Pool Photo via AP
Iqtisod
Havola olish
Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi (30)
170 0 0

Mirziyoyev Xitoyga safari davomida XXR ishbilarmon doiralari bilan uchrashdi. Oʻzbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan xitoylik ishbilarmonlarga minnatdorlik bildirib, aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini qayd etdi

TOSHKENT, 15 may — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi, deb xabar berdi "Jahon" AA.

Uchrashuvda oʻzaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻz bordi.

Muloqotda Oʻzbekistonda XXRning yetakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli aloqalar yoʻlga qoʻyilgani, neft-gaz va telekommunikatsiya tarmoqlari, transport, toʻqimachilik, sayyohlik, qurilish, kimyo sanoatida va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.

"Bu yerda Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilib kelayotgan ishbilarmonlarni koʻrayotganimdan xursandman. Biz xitoylik tadbirkorlar bilan birga ishlashdan mamnunmiz", — dedi Oʻzbekiston rahbari.

Mirziyoyev shuningdek, Xitoy biznes subʼyektlari Oʻzbekistondagi koʻplab yangi sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganini qayd etgan.

Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotiga eng koʻp investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Oʻzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qariyb 8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgani barchamizni xursand qiladi, deb qayd etgan Oʻzbekiston rahbari.

2013-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parki – "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasi oʻzaro hamkorlikning yuksak namunasi ekanligi taʼkidlandi. Bu yerda mobil telefonlar, tikuv mashinalari, qurilish materiallari, quyosh kollektorlari va boshqa raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy, energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, oʻzaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga oid masalalar xususida soʻz yuritildi.

Mirziyoyev bugungi kunda Oʻzbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan xitoylik ishbilarmonlarga minnatdorlik bildirdi, aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini qayd etdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasi hamraisi Men Szen Chju, "COFCO" korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Chjao Shuanlyan, Xitoy davlat taraqqiyot banki vitse-prezidenti Chjan Syuguan, Xitoy Eksimbanki vitse-prezidenti Sun Pin, "Poli interneshnl" kompaniyasi bosh direktori yordamchisi Myao Tszechun va boshqalar Oʻzbekiston bilan hamkorlik yuqori natijalar berayotgani, bundan keyin ham oʻzaro aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Mavzu:
Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi (30)

Asosiy mavzular