10:01 25 Iyul 2017
Efir
Logotip kompanii ExxonMobil

Oʻzbekistonda ExxonMobil texnologiyasi asosida "Yevro-5" benzini ishlab chiqariladi

AP Photo / Reed Saxon, File
Iqtisod
Havola olish
43920

"Navoiyazot" korxonasi negizida oʻrnatiladigan yangi qurilmalar metanoldan yiliga 100 ming tonnagacha "Yevro-5" toifasidagi avtomobil yonilgʻisini ishlab chiqarish imkonini beradi

TOSHKENT, 19 may — Sputnik. Oʻzbekistonda Amerikaning ExxonMobil kompaniyasi texnologiyasi asosida metanoldan yuqori sifatli benzin ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Chexiyaning UNIS kompaniyasi ijrochi direktori Lyubosh Glozarning aytishicha, investitsion loyiha "Navoiyazot" korxonasi hududida amalga oshiriladi. Qurilma yiliga 300 ming tonnagacha metanolni qayta ishlash va 100 ming tonnadan ortiq "Yevro-5" standarti talabiga javob beruvchi benzin ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Investitsiya miqdori hozircha maʼlum qilinmadi.

"Biz ExxonMobil bilan hamkorlikda taklifimizni tayyorladik. Ayni paytda tegishli tuzilmalar loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Tez orada ishga kirishamiz degan umiddamiz", — dedi Glozar.

Hozirda "Navoiyazot" korxonasi hududida polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish korxonasi qurilishi yakuniga yetmoqda. Aynan mana shu korxona ExxonMobil texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan qurilma uchun xom ashyo bazasi boʻladi.

Chex kompaniyasi rahbarining taʼkidlashicha, loyiha yirik hisoblanadi, lekin juda tez — 3-4 yil ichida oʻzini qoplaydi. Bu sinovdan oʻtgan texnologiya boʻlib, benzin barcha ekologik standartlarga javob beradi. Uning soʻzlariga koʻra, "Navoiyazot" hududida maydon tanlangan boʻlib, texnik tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Shu bilan birga Amerika tomoni "Oʻzbekneftegaz" xoldingi bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor hamda neft va gazni qayta ishlashda foydalaniladigan texnologiyalarini taklif etmoqda. Bunga Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish orqali yuqori sifatli surtma materiallar va moy ishlab chiqarish boʻyicha texnologiyalar misol boʻladi.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular