06:36 20 Oktyabr 2017
Efir
Amerikanskiy dollar

Ekspert konvertatsiya ochilsa dollar kursi qanday boʻlishini aytdi

© Flickr/ 401(K) 2012
Iqtisod
Havola olish
274044

Ekspert fikriga koʻra, konvertatsiya ochilgan holda dollarning erkin almashtirish narxi qora bozor kursidan 10-15 %ga oshishi mumkin ekan.

TOSHKENT, 17 iyun — Sputnik. Markaziy bank rahbariyatining butunlay yangilanishi, valyuta almashtirish erkinlashishi haqidagi xabarlar hamda konvertatsiya ochilganda dollar kursi qanday boʻlishi haqida uz24.uz nashriga mustaqil moliya eksperti Aleksandr Davletov javob berdi.

“Hozir prezidentga ishonch darajasi juda baland, shuning uchun jamiyat har qanday oʻzgarishlarga tayyor, chunki fuqarolarning oʻzi ham islohotlarni kutishmoqda. Undan tashqari Markaziy bankning yangi rahbariyatiga ham keng erkinlik berilgan. Xullas, hozir konvertatsiya ochilishi uchun sharoit qulay.

Men shaxsan oʻzim boshida “shok terapiyasi” tarafdoriman. Bunday holda hukumatning asosiy vazifasi mamlakatning oltin-valyuta  rezervlarini hamda ijobiy savdo balansini saqlab qolishga qaratilgan boʻlishi kerak. Yaʼni kursni maʼlum darajada saqlab turish uchun bir tiyin ham sarf qilmaslik kerak. Shuningdek, valyuta kursining tushib ketishiga aralashmaslik kerak. Mayli valyuta kursi oʻzining eng past nuqtasiga yetib borsin. Ana shunda u oʻzining haqiqiy  narxini topadi va ijobiy savdo balansini taʼminlaydi.

Albatta, bunday  holda umumiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar biroz zarar koʻradi: YAIM oʻsishi sekinlashadi yoki butunlay toʻxtaydi, inflyatsiya va ishsizlik koʻrsatkichlari ikki xonali songacha oʻsishi mumkin. Lekin shu bilan birga iqtisod sogʻlomlanib keraksiz ballastdan ozod boʻladi. Ushbu jarayonlardan albatta oʻtish kerak.

Xoʻsh, konvertatsiya ochilsa, boshida qanday kurs boʻlishi mumkin?

Ayni damda Oʻzbekistonda aslida 5 xil kursdan foydalanilmoqda: MB rasmiy kursi, valyuta birjasi kursi, tijorat banklari kursi, komissiya shartnomalari kursi hamda “qora bozor” kursi. Agar soʻm "erkin suzishga" chiqarilsa, dollar oʻzining eng baland narxidan  10-15 % yuqoriga chiqishi mumkin. Bu ham jarayon boshida yuz berishi mumkin boʻlgan olib-sotarlik va boshqa faktlar hisobidan.

Shunday qilib, dollarning dastlabki kursi 10 500 soʻm boʻlishi va keyinchalik, bozor tinchlanganidan keyin 7500 – 8000 soʻmgacha tushishi mumkin”, — dedi ekspert.

Asosiy mavzular