17:37 18 Avgust 2017
Efir
Nasiliye

U 11 yashar qizimni zoʻrlamoqchi edi - qirgʻizistonlik ayollar hayotidan reportaj

© sputnik Tabыldi Kadыrbekov
Hodisalar
Havola olish
375441

Qirgʻizistonda "Sezim" krizis markazi mavjud. U yerda er zugʻumidan qochib kelgan ayollar panoh topgan. Sputnik Qirgʻiziston muxbiri Asel Minbayeva jabrdiydalar hayoti haqida reportaj tayyorladi

TOSHKENT, 19 apr — Sputnik. …Unga sʼyomkaga yoʻl olganimdayoq — marshrutka ichida koʻzim tushgan edi. Qarshimda sochlarini oddiy rezinka bilan yigʻib olgan qiz turardi. U goʻzal edi, haqiqatda goʻzal! Lablari doʻrdoq, sochlari jiloli. Faqat kiyimi koʻrinishiga sira mos kelmasdi — odmi edi. Kulrang sportivka kiyib, rangi uniqqan kurtka tashlab olgan ekan egniga.

Biz bitta bekatda tushdik va bir tomonga qarab yura boshladik. U ham qiyin vaziyatda qolgan ayollar uchun tashkil qilingan maxfiy uyga borayotgani maʼlum boʻldi. Bir necha daqiqadan soʻng menga 28 yashar bu ayol hayotini gapirib berishdi. Eri uning qovurgʻalarini sindirgan, "uchastkavoy" esa "yomon kelin"ligini roʻkach qilib, ayol arizasini qabul qilmagan. Dilni hufton qiladigani — bu ayol boshiga mushkulot tushgan yagona ojiza emasligida…

Ularning boradigan joyi yoʻq

Boshpana, oddiy qilib aytganda, krizis holatdagi ayollar uchun turar-joy manzillari toʻliq maxfiylashtirilgan. Fotosuratchi Tobildi ikkimiz bu joy qayerda joylashgani va u yerdagi ayollarning haqiqiy ismlarini hech kimga aytmaymiz, deya tilxat yozib berishga majbur boʻldik hatto, deb yozadi Sputnik Qirgʻiziston muxbiri Asel Minbayeva.

"Sezim" krizis markazi rahbari Bibisora Risqulovaning soʻzlariga qaraganda, gʻazabnok er qochoq xotinni topish va unga "dars berib qoʻyish uchun qotillikka qoʻl urishga ham tayyor boʻlarkan.

Direktor krizisnogo tsentra Sezim Byubyusara Rыskulova
"Sezim" krizis markazi direktori Byubyusara Rыskulova

"Bu hodisa bir necha yil oldin roʻy bergan. Yaqinda eri bilan ajrashgan ayol markazimizda qoʻnim topmoqchi boʻldi. Aksiga olib, boshpana oʻshanda taʼmirga yopilgan edi. Ayolning eri uni ish joyiga — Energetika vazirligiga izlab borib, oʻsha yerning oʻzida xotini va u bilan qoʻshib ikki begonani otib tashlagan, soʻng oʻz joniga qasd qilgan. Oʻrtada bir oʻgʻil va bir qiz yetim qoldi", — hikoyasini davom ettirdi ayol.

Markaz xodimlarining aytishlaricha, "Sezim"ning asosiy mijozlari  — yillar davomida johil-er bilan yashab kelayotgan ayollar. Ularning aksariyati soʻngi damgacha hammasiga dosh berib yashaydi va faqat pichoq suyakka qadalgach, yordam soʻrab murojaat qiladi.

"Ooo! Bir safar "tez yordam" bir ayolni topib keldi. Hayotimda bu qadar ayovsiz kaltaklangan ayolni koʻrmaganman! Vazni taxminan 30 kilogrammcha kelardi, ikki farzandini giyohvand-eri bilan tashlab, uydan qochgan ekan", — eslaydi Bibisora Risqulova.

Rahbarning soʻzlariga koʻra, sal keyin bolalarni militsiya yordamida olishga toʻgʻri kelgan. Ammo maʼlum vaqt oʻtgach, "shok"dan oʻziga kelgan ayol eri yoniga qaytgan. Markaz xodimlarining aytishicha, har oʻn ayoldan yetti nafari xuddi shunday yoʻl tutadi.

Boshpana muvofiqlashtiruvchisi Viktoriya Tyanning soʻzlariga koʻra, erlar kamdan kam holatlarda oʻzlarini aybdor sanaydilar.

"Ulardan eshitadiganimiz: ayolning oʻzi janjalga sabab boʻlgan, erkak shunchaki uning taʼzirini berib qoʻymoqchi boʻlgan. Ammo ayol oʻzini qanday tutishidan qatʼi nazar hech qachon bir odam ikkinchisiga qoʻl koʻtarishga haqlimi?!", — deya ensa qotiradi ayol.

Koordinator sheltera krizisnogo tsentra Sezim Viktoriya Tyan
"Sezim" krizis markazi koordinatori Viktoriya Tyan

Nurgul hikoyasi

Biz 9 yil avval turmush qurganmiz. Oʻshanda u Rossiyadan ishlab qaytgandi, birinchi turmushidan ikki farzandi ham bor edi. Men birinchi farzandimga homilador boʻldim va oʻsha vaqtdan eʼtiboran hayotim doʻzaxga aylandi: erim ichkilikka mukkasidan ketdi.

Kunlarning birida u hamma hujjatlarimni yigʻishtirib, yoqib yubordi. Erim meni ayamay doʻpposlardi, toʻqmoqlar zarbidan koʻchaga qochib chiqib, yashirinish uchun joy izlardim… Oʻgʻlim bir yoshga toʻlgan kuni u ikkimizni kursiga oʻtqazib, biz tomon pichoq oʻqtala boshladi. Nima qilayotganini anglamas edi, nazarimda.

Qoʻshnilar ustimizdan arz qila boshlagach, biz boshqa shaharga, uning ota-onasi yoniga koʻchib bordik. Erim u yerda bolalarni kaltaklaydigan odat chiqardi. Shuning uchun uyda aroq paydo boʻladigan boʻlsa, bolalarni olib, koʻchaga qochadigan boʻldim. Mana shunday "qocha-qoch" tufayli tez-tez kasal boʻlardim.

Oradan vaqt oʻtib, qiz farzandli boʻldik. Ammo erim ish izlay demasdi. Baʼzan koʻchadan ish topib, 200-500 som olib kelib qolardi. Aksariyat hollarda nonga muhtoj oʻtirardik. Yon-verimizda men qarzdor boʻlmagan doʻkon qolmadi.

Bir kun yorildim: "Yolvoraman, ish top! Yuragim bezovta qilyapti, doktorga uchrashim uchun 200 som ber!". Uning koʻzlaridan uchqun sachradi: "Sen kimsan-ki menga ish buyurasan?", uydagi bor idish-tovoqni chilparchin qilib, chiqib ketdi.

U odam faqat tun yarimlaganda kirib keldi. Vannaxonada edim. Sochlarimdan changallab, zalga olib chiqdi. Bolalar hozir nima roʻy berishini tushunib, qochib ketishdi. Men yuztuban yiqilgach, tepkilay boshladi, sochlarimdan sudradi. Ogʻriqdan dod solardim, kimdir yordamga kelishini soʻrab, yolborardim.

Shovqin-suronni eshitib, qoʻshnilar yugurib kelishdi. Ular bu vahshiyga aytgan gaplari hamon yodimda: "Ehtiyot boʻl, uni oʻldirib qoʻyishing mumkin". Men militsiya chaqirdim, ammo ular kelishiga erim qochib ketdi.

Meni kasalxonaga yotqizishdi. Uning qarindoshlari menga 2650 som yubordi — bu davolanishimga yetgulik pul edi. Boshqa ularni koʻrmadim.

Hozir tikuvchilikni oʻrganyapman. Bolalarimni oyoqqa turgʻaza olaman. Nima boʻlgan taqdirda ham, endi-endi orzu qilishni boshladim. Ilgari shundan ham mahrum edim…

Boshpanada yashash shartlari

Ayollar markazda bir oydan uzoq vaqt qololmaydilar. Zarurat tugʻilsa, ular tranzit uyga oʻtkazilishi mumkin. U yerda ojizalar 8 oygacha qolishlariga ruxsat beriladi. "Nur" ijtimoiy tranzit uyi rahbari Anora Omurkulovaning aytishicha, bu yerga tushish oson emas.

"Ayol ishlashi muhim, axir bu yerda turish pulli. Oyiga 1000 som olinadi: bu shunchaki rasmiyatchilik, odam oʻzini tekinxoʻr his qilmasligi uchun", — deb hikoya qiladi ayol.

Rukovoditel tranzitnogo sotsialnogo doma Nur Anara Omurkulova
"Nur" ijtimoiy uyi rahbari Anara Omurkulova

Omurkulovaning soʻzlariga koʻra, tranzit uyda ayollar tikish-bichish, manikyur-pedikyur, sartaroshlik sirlarini oʻzlashtiradilar va hatto, buxgalteriya kurslarini oʻqib tugatishlari mumkin. Ularga ishga joylashishda ham yordam beriladi.

Shunday boʻlsa-da, ijtimoiy xizmatchi Asel Ibraimovaning soʻzlariga koʻra, bu ayollarni normal hayotga qaytarish oson ishmas.

"Vahshiy bilan yillar davomida yelkama-yelka yashab kelgan bu ayollar tobelikka koʻnikadilar. Aksariyati biron ish qilishni xohlamaydi, ular uchun biz hal qilishimizni kutib oʻtirishadi. Ular boshqacha hayotni bilmaydilar", — deb taʼkidlaydi Ibraimova.

Sotsrabotnik Asel Ibragimova
Ijtimoiy xizmat vakili Asel Ibragimova

Koʻngilli ishchilarning hikoyasiga qaraganda, erlari doʻpposlaydigan ayollarning koʻpincha borishga joyi boʻlmaydi. Qarindoshlari esa bundaylarni nafaqat qabul qilmaydilar, balki, erga u xato ish qilayotganini aytishni xohlamaydilar. "Sezim" markazi xodimlarining soʻzlariga koʻra, ayollar koʻpdan-koʻp holatlarda aynan qarindoshlari tufayli barcha azob-xoʻrliklarga chidab keladilar.

"Bir ayol markazimizga qizini olib keldi. Kattagina tadbirkor boʻlgan kuyovi qizini qattiq doʻpposlarkan. Qizi bir oz vaqt bu yerda turgach, ayol uni olib ketgani keldi: "qaytaylik, yashashga pulimiz qolmadi" degan bahonada. Qizi onasiga ergashdi", — hikoya qiladi Bibisora Risqulova.

Voqeaning davomi: oradan vaqt oʻtib yosh kelinchak yana markaz ostonasida koʻrinish berdi. Uning onasi esa koʻngilli ishchilarimizni sudga berish bilan qoʻrqitdi. Onaxonning aytishicha, xodimlarimiz uning qizini "manqurt"ga aylantiribdi, qizi unga qoʻl koʻtaradigan er bilan yashashni xohlamay qolganmish.

Aynuraning boshdan kechirganlari

Oʻsha mashʼum kunni hech qachon unutmayman — 12 iyul, 2016 yil. Oʻn bir yashar qizimni qoʻshnimiz ushlab olib, zoʻrlashga harakat qilgan. Bu koʻrgulik uning singlisi koʻz oʻngida roʻy bergan. Baxtli tasodif tufayli qizaloqlarim zoʻravonning qoʻlidan qutulib qolgan.

Men militsiyaga ariza yozdim. Oʻsha vaqtdayoq qoʻshnilarimning yuqorida odamlari borligi haqida eshitgan edim, ammo baribir oxirigacha borishga qaror qildim. Navbatdagi jarayondan soʻng sudlanuvchining qarindoshlari meni va advokatimni doʻpposlashdi. Men kasalxonaga tushdim.

Erim avval boshdanoq mening ariza yozishimga qarshi edi. Qaysidir lahzada u chiday olmadi: "Oʻzing hal qil!", dedi va Rossiyaga joʻnab ketdi. Toʻrt bola bilan qoldim.

Tahdidlar davom etavergach, bolalar bilan Bishkekka qochdim. Kichik farzandlarim qaynonamning qoʻlida qoldi. Qizlarga juda ogʻir boʻldi. Qishloqdagilarning ayrimlari qizimning oʻzi — oʻn bir yashar bola! — oʻsha erkakni shunday qilishga majbur qilgani haqida gap tarqatishdi. Qizlarim doim bu gapni takrorlashadi! Ular kechalari uxlamasdi, yigʻlardi, qoʻrqardi. Hozir qizlarim bilan bolalar ruhshunosi shugʻullanyapti.

Yoʻq, men hech narsadan afsuslanmayman. Har safar sudga boraman: ammo u koʻpincha kechiktiriladi. Shunday boʻlsa-da, gʻalaba qozonishimga ishonaman!

Asosiy mavzular