02:24 22 Oktyabr 2017
Efir
IIB xodimlari

Oʻzbekistonda davlat siyosatiga toʻsqinlik qilgan bank xodimi qoʻlga olindi

AP Photo / Mikhail Metzel
Hodisalar
Havola olish
4030142

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida soʻzlagan nutqida bundan keyin tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilish - davlat siyosatiga toʻsqinlik qilish, deb baholanishini alohida taʼkidlagan edi

TOSHKENT, 16 may — Sputnik. Bugun Oʻzbekistonda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik bilan shugʻullanishni istagan fuqarolarni bank kreditlari bilan samarali taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

Afsuski, oʻzining noqonuniy xatti-harakati bilan tadbirkorlik faoliyati rivojiga toʻsiq boʻlayotgan, oʻz manfaatini xalq manfaatidan ustun qoʻyayotgan rahbar xodimlar ham uchrab turibdi, deb xabar qildi Oʻzbekiston IIV matbuot-xizmati.

Xabarga koʻra, Samarqand  viloyati  IIBga  yakka  tartibda  faoliyat  yuritayotgan  tadbirkorlardan biri ariza bilan murojaat etdi. Maʼlum  boʻlishicha,  sakkiz  kishini  ish bilan taʼminlagan tadbirkor faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida viloyat aktsiyadorlik tijorat banki "Agrobank"ning Kattaqoʻrgʻon shahar filialiga joriy yilning 6, 13 fevral va 27 aprel kunlari oʻzi, onasi hamda turmush oʻrtogʻi nomiga chorva mollari xarid qilish uchun kredit olishga ariza beradi. Biroq bank filiali rahbari Ixtiyor Begmatov kredit ajratilishini  paysalga  soladi.  Barcha zarur hujjatlar taqdim etilganiga qaramasdan, arizalarni qabul qilishni ortga suraveradi.

Nihoyat, tadbirkor 27 aprel kuni yana I. Begmatovning huzuriga keladi. Nafs quliga aylangan bank rahbari bu safar unga kredit ajratish uchun bankning viloyat boshqarmasi mansabdor shaxslarini "rozi qilishi" lozimligini aytadi. Buning uchun 300 AQSH dollari berishni talab qiladi.

"Buni qarangki, vijdoni jigʻildonga aylangan I. Begmatovning bu jinoiy xatti-harakati birinchisi emas ekan. Aniqrogʻi, unga nisbatan  oylik  maoshidan  qisman  olib qolish sharti bilan joriy yilning fevral oyidan boshlab ikki yilgacha rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatmasligi toʻgʻrisida  sud  hukmi  chiqarilgan.  Ammo  viloyat aktsiyadorlik tijorat banki «Agrobank»ning mansabdor shaxslari I. Begmatovni rahbarlik lavozimidan ozod etmasdan, u bankning Kattaqoʻrgʻon shahar filiali boshligʻi lavozimida  oʻz  faoliyatini  davom  ettirishiga imkon yaratib berishgan", — deyiladi xabarda.

"Oʻrgangan  koʻngil  oʻrtansa  qoʻymas" deganlaridek, I. Begmatov yana takroran jinoyatga  qoʻl  urdi.  Joriy  yilning  27 aprel  kuni  oʻtkazilgan  tezkor  tadbir chogʻida esa 300 AQSH dollari miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan vaqtda qoʻlga olindi.

Hozirgi  paytda  mazkur  jinoyat ishi  yuzasidan  tergov  harakatlari  olib borilyapti.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular